Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Gulistonning porloq maskani

O‘quvchilik davrining o‘z gashti bor. Ayniqsa, bugungi zamonga mos, yangi texnik asbob-uskunalar bilan jihozlangan maktablarda bilim olishni aytmaysizmi? Mamlakatimizda o‘quvchi va o‘qituvchilari turli tanlov, musobaqa, fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan maktablar soni ortib bormoqda. Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi 11-maktab ana shunday ilg‘or maskanlardan sanaladi. Bu yerda qariyb 2000 ga yaqin bola o‘zbek va rus tillarida tahsil oladi.

Qish, kunlar sovuq bo‘lishiga qaramay, maktab hovlisiga kiraverishdan to bino eshigigacha bo‘lgan oraliqning har joy-har joyidagi tosh tuvaklarda yashnab turgan turfa gullar “xush kelibsiz”, deyotganday. Bu gullar maktab direktori Olimjon Mirbaratov boshchiligida ekilib, parvarish qilinayotgan ekan. Maktab o‘qituvchilarining ish-tajribalari nafaqat viloyat, balki respublika miqyosida ommalashtirilgan. Sifat va ta’lim darajasi bo‘yicha bu maktab viloyatda 2-o‘rinda turar ekan.

Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Robiya Hojimurodova bilan ma’naviyat xonasiga kirdik. Qotmadan kelgan, bug‘doy rang bola rubob chalib, tajribali ustoz san’atkorlardek xorazmcha mumtoz qo‘shiq kuylayotgan ekan. Hammani qoyil qoldirgan shirali ovoz egasi 8-sinf o‘quvchisi Shohrux O‘rozboyev edi. U 9 yoshidan shahardagi 1-sonli bolalar musiqa va san’at maktabiga qatnaydi. Shohrux xalqimizning sevimli hofizlari Komiljon Otaniyozov, Ortiq Otajonov, Rahmatjon Qurbonovlar ijodining muxlisi. Shu bois, ustozi G‘ayrat A’zamqulovdan Xorazm maqomini o‘rganibdi. Bir qancha tanlov va festivallarning faol ishtirokchisi bo‘lgan Shohrux 2016-yil “Kamalak yulduzlari” Respublika bolalar ijodiyoti festivalida 1-o‘rinni, 2017-yilda O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan festivalda 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Qo‘shiq tugagach, davraga o‘zini Sevinch Obidova deb tanishtirgan yana bir 8-sinf o‘quvchisi chiqib she’r o‘qiy boshladi:

 

ANOR

Yum-yumaloq xonasi,

Ichi to‘la bolasi.

Yuzdan oshiq sanasam,

Jannatidir onasi.

 

Ne o‘ylar u, sezmayman,

Lek xayolin buzmayman.

Mevaga aylanguncha

Alvon gulin uzmayman.

 

Bog‘imizga yarashar,

O‘tgan-ketgan so‘rashar.

Bog‘bonning mehnatiga

Havas bilan qarashar.

 

Sevinch ham qator ko‘rik-tanlovlar ishtirokchisi, “Kamalak yulduzlari” festivalining she’riyat yo‘nalishida viloyat bosqichi g‘olibi. Viloyat yoshlarining ijodi jamlangan “Seni kuylaymiz, Vatan” va “Yoshlik bayozi” to‘plamlariga ham she’rlari kiritilgan. Ushbu kitoblardan uning tengdoshlari Madina Abduqodirova, Diyora Komilovalarning ham she’rlari joy olibdi.

Javohir Haydarov ham 8-sinfda o‘qiydi. U maktabning mashhur shaxmatchisi ekan. 2016-yil viloyat shaxmat musobaqasida oltin medalni qo‘lga kiritgan. Quvonarlisi, Javohir “Sevimli” telekanalining “Bizning faxrimiz” intellektual ko‘rsatuvida ishtirok etib, telemusobaqaning final bosqichida 2-o‘rin sohibi bo‘libdi.

Maktabning 9-sinf o‘quvchilari, qator ko‘rik-tanlovlar qatnashchisi, yosh rassom Jahongir Bobomurodov, chizmachilik bo‘yicha Bobur Ismoilov, rus tili va adabiyoti fanidan “Bilimlar bellashuvi” ishtirokchisi Niyara Sayfulinalarni respublikamizda yaxshi bilishadi. Ular bilan suhbatimiz tugagach, Olimjon aka Mirbaratov bizni faollar zaliga boshladi. Bu yerda o‘quvchi va ustozlar bilan “Gulxan” jurnali haqida dildan samimiy suhbatlashib, fikr almashdik. Yig‘ilgan o‘quvchilarning deyarli barchasi jurnalga obuna bo‘lishibdi. Ularning fikrlaridan ham jurnalning chin muxlisi ekanligi yaqqol sezilib turardi.

Mana shunday bilim maskanlarini nur taratuvchi quyoshga qiyoslayman. Undan bahramand bo‘layotgan orzulari bir olam yoshlarni ko‘rib beixtiyor, taralayotgan nur – ziyo aslo so‘nmasin, dedim.

 

Bekmurod ABDURAIMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.