Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kichik kashfiyotlar

Feruzaning ko‘p vaqti “Barkamol avlod” respublika bolalar ekologiya va o‘lkashunoslik markazida o‘tadi. U olti oydan buyon “Dizayn va to‘quvchilik” to‘garagiga qatnayapti. Qisqa vaqt ichida Feruza ustoz va tengdoshlaridan ko‘ylaklarga ajoyib, bejirim bezak berish sirlarini o‘rgandi. Yaqinda chevar bilan birgalikda oyisining ko‘ylagiga munchoqdan bezaklar tikib sovg‘a qildi. Qo‘l mehnati bilan oddiy buyumlardan kerakli narsalar yasash mumkinligini bilgan Feruza, endi “Robo Craft” to‘garagiga qatnamoqchi. Feruzani qiziqtirgan bu maskan o‘quvchilari qanday ixtirolar qilishini ko‘rish maqsadida men ham markaz tomon yo‘l oldim.

Kichik kashfiyotchilar qaysi xonada mashg‘ulot o‘tayotganini bilolmay ikkilanib turganimda, yo‘lak bo‘ylab xotirjam yurib ketayotgan kattakon o‘rgimchakni ko‘rib qo‘rqib ketdim. Birozdan so‘ng uning robotligini bildim. Bu g‘aroyib robotni Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 27-maktabning 5-sinf o‘quvchisi Abdulloh Fazliddinov yasagan ekan. O‘rgimchak robot to‘siqlarni yo‘q qilishda, tor yo‘laklarga kirishda va chuqurlikka tushishda qutqaruvchilarga yordam berarkan. Robot o‘rgimchak yong‘in bo‘layotgan binodan chiqolmagan yoki gaz isidan zaharlanib hushsiz yotgan odamlarni qutqarish uchun qulay ekan.

– Uydagi televizor yoki radio buzilib qolsa, dadam darhol simlarini bir-biriga ulab tuzatib qo‘yardi. Ular uyda bo‘lmagan paytlarda esa men ham bu ishlarga urinib ko‘rganman. Uzilgan simlar bog‘lansa, radio yana avvalgidek ishlayveradi, deb o‘ylaganman. Ammo, texnikani tushunish uchun aql va bilim kerak bo‘larkan. Markazda shunday to‘garak ochilganini eshitgach, darrov ro‘yxatga yozilib, mashg‘ulotlarga qatnay boshladim. O‘ziyurar robot va aylanadigan dronlar yasash jarayonida ko‘p narsa o‘rgandim. Endi o‘zimga ishonaman. Chunki buzilgan texnik buyumlarni sozlashga qo‘rqmasam ham bo‘ladi, – deydi Abdulloh.

Abdulloh bilan suhbatimiz tugamasdan yonimizdagi qora chiziq bo‘ylab elektromashina o‘tib qoldi. Hech kimning yordamisiz buncha tez yuradi bu mitti qurilma, deb tursam uni Yunusobod tumanidagi 91-maktabning 4-sinf o‘quvchisi Ismoil Tolibjonov pult orqali boshqarayotgan ekan. Ismoil ulg‘aygach geolog bo‘lmoqchi ekan. Shuning uchun hozirdan qazilma boyliklarni topishda unga qanday asboblar zarur bo‘lishini o‘ylab qoldi. Atrofi tog‘ bilan o‘ralgan hududda izlanishlar olib borayotganda biror falokat ro‘y berib qolsa-chi? Qutqaruvchilar yo‘l ochib kelguncha soatlab vaqt yo‘qotishi mumkin. Ana shunday ko‘ngilsizliklarning oldini olish uchun Ismoil elektromashina yaratishga bel bog‘ladi. U yaratgan mashina mobil aloqa vositasidagi “Bluetooth” orqali buyruqlarni bajaradi. Og‘ir toshlarni osongina ko‘tarib jiddiy falokatlarning oldini oladi.

Ibrohimbek esa “dastyor” hammol yaratibdi. Pult yordamida boshqariladigan mashina tugmachasini bosishingiz bilan harakatlanadigan robot Ibrohimning bolalikdagi sevimli o‘yinchog‘i. Har gal do‘kon peshtaxtalaridagi robotlarga ko‘zi tushganda ularning qanday yaratilishiga qiziqardi. Katta-katta mashinalarni odamlar qanday yasar ekan, deb o‘ylanib turgan Ibrohimbek televizorda eng so‘nggi yangiliklarni ko‘rgach savoliga javob topgandek bo‘ldi. U Meksikada bo‘lib o‘tgan “First Global” xalqaro musobaqada “Rev robitics” robot konstruktori bilan muvaffaqiyatli ishtirok etgan Davron Toshpo‘latov haqida eshitdi-yu, vaqtni boy bermasdan aytilgan manzil tomon yo‘l oldi. Buzilgan mashinasini osongina o‘z holiga qaytargan Ibrohimbek mashg‘ulotlar yordamida mashina yasash tasavvuridagidan ancha murakkab ekanligini tushunib yetdi. Maqsadga erishish oson bo‘lmasa-da, vaqt o‘tishi bilan yosh ixtirochimizning modellari ustozlar tahsiniga sazovor bo‘ldi. Kichik kashfiyotchining aytishicha, bu robot og‘ir buyumlarni tashishda qo‘l kelar ekan. Bordi-yu, ko‘p qavatli uylarga ko‘chsangiz, tortinmasdan Yunusobod tumanidagi 91-maktabning 5-sinf o‘quvchisi Ibrohimbek Tolibjonovning robotini yordamga chaqiring. Shunda ishingiz tez va oson bitadi.

O‘quvchining iqtidorini yuzaga chiqarishda ota-ona bilan birgalikda ustozlarning ham o‘rni beqiyos. Qulay sharoitlarda ta’lim olish, turli yo‘nalishdagi to‘garaklarga qatnash bolalarning qobiliyatini yuzaga chiqarishda turtki bo‘lmoqda.

– Ushbu kurslarni tashkil etishdan maqsadimiz yoshlarning innovatsion va ijodiy qobiliyatini rivojlantirish, ularni qo‘llab-quvvatlashdan iborat. O‘quvchilarga dars jarayoni oson, texnologik qulay va qiziqarli o‘tishi uchun markazimiz barcha zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Bu imkoniyat ularni o‘z ustida yanada izlanishga, yangi ixtirolar yaratishga undaydi, – deydi markaz direktori Ma’sumxon Hakimov.

Orangizda yurt ravnaqiga hissa qo‘shishga intilayotgan umidli tengdoshlaringiz talaygina. Niyatimiz – ilm cho‘qqisining eng yuqori pog‘onalarini zabt etishga intilishdan aslo to‘xtamang.

 

Iroda UMAROVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.