Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Eslashni istamagan xotiralarim

Tinchlik naqadar ulkan ne’mat ekanligini buvi va bobolaringizdan ko‘p marta eshitgansiz. Televizor esa deyarli har kuni notinch mamlakatlardan xabar berib turibdi. Bundan qirq yil muqaddam urush o‘chog‘iga aylantirilgan davlatlardan biri bizga qo‘shni bo‘lgan Afg‘oniston edi. 1979–1989-yillarda tinchgina yashayotgan mamlakat hududi jahannamga aylandi. Mustabid tuzumning harbiy kuchlari Afg‘onistonni bosib olish harakatiga tushdi. Harbiy xizmatga chaqirilgan yuzlab o‘zbek o‘g‘lonlari ham Afg‘onistonga safarbar etildi. O‘sha yillari ota-onalar voyaga yetgan o‘g‘lining harbiyga chaqirilishidan qo‘rqib yashar edilar. “Falonchining o‘g‘li Afg‘onistonda ekan” degan gaplar ko‘payib ketdi. Kimning o‘g‘li harbiy xizmat taqsimotida Afg‘onistonga tushgan bo‘lsa, shu oilaning uyiga go‘yo bomba ko‘milgandek vahimaga aylanardi. Ertaga nima bo‘lishini hech kim bilmasdi. Oila a’zolari tirik murdadek yashar edilar.

Yaqinda Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi 12-maktabda bo‘lib o‘tgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda 1982–1984-yillarda Afg‘oniston urushida qatnashib, jahannam og‘zidan O‘zbekistonga – ota-onasi bag‘riga omon qaytgan Mirfozil Rasulov ishtirok etdi. U o‘quvchilarga urush bilan bog‘liq shunday voqealarni so‘zlab berdiki, ularni tinglab tinchligimizga yana bir bor shukrona aytdim. Mirfozil akaning xotiralaridan ayrimlarini siz ham o‘qib ko‘ring-a.

– Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra sobiq SSSR va Afg‘oniston urushi 1979-yildan 1989-yilgacha davom etgan. Bu yil 15-fevralda sovet armiyasining so‘nggi askarlari Afg‘onistondan olib chiqib ketilganiga, ya’ni urush tugaganiga 30 yil bo‘ldi. Bu urushda ikki milliondan ortiq odam nobud bo‘lgan. Ro‘yxatda 2000 ta o‘zbek jangchisining nomi ham qayd etilgan. Lekin bu raqamlar aniq bo‘lmasligi ham mumkin. Chunki, mustabid tuzum juda ko‘p ma’lumotlarni buzib ko‘rsatar edi. Urush yillari afg‘on xalqi bir kuni uchun yashagan. Chunki ertaga nima bo‘lishini bilmasdi. Topshiriq bilan Mozori Sharifning bozorida yursam, bir odamning bir qoshiq asal sotib olganini ko‘rdim. “Nega bir qoshiq”, deb so‘radim. U esa “Ertaga bormanmi, yo‘qmanmi”, deb javob berdi. O‘sha yillari urush ketayotgan hudud aholisiga juda og‘ir bo‘lgan. Murg‘ak go‘dagi bor oilalar tunda olov yoqib bolasining sutini isita olmasdi, choyini ilitib icholmasdi. Nogoh bir uchqun yoki olov ko‘rinib qolsa, “Sen dushmanlarga xabar beryapsan, josussan”, deb uyini portlatib ketishardi. Yana bir kuni avtobusda ketayotsam, 12 yoshlardagi bola sigaret chekyapti. Yoniga borib yarim rus, yarim afg‘on tilida “Nega chekyapsan”, deb so‘rasam, u “Sement zavodida ishlayman, yosh bola emasman, u yerda hamma chekadi”, deb javob qildi. Ana sizga urush, ana sizga bir millatning ikkinchi millatga ta’siri. Imkoni bor afg‘on oilalari urushdan qochib qo‘shni davlatlarga chiqib ketishgan. Lekin imkoni yo‘qlar, noilojlar urush ichida – bomba va o‘qlar komida qolgan. Avvallari bu gaplarni eslashni istamasdim. Birov savol bersa, javob bergim kelmasdi. Lekin endi yoshim ulg‘ayib, o‘ylab qarasam, biz – urush ko‘rganlar bu achchiq xotiralarni siz bolalarga ko‘proq aytib berishimiz kerak ekan. Negaki, bu voqealarni eshitsangiz, bugungi tinch-totuv va to‘kin hayotingizning qadriga yetishni o‘rganasiz.

 

Zahro HASANOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.