“Gulxan” uchrashuvlari
Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 26-maktabda “Gulxan” jurnalining 90 yilligiga bagʻishlangan “Maʼnaviyat beshigisan, “Gulxan” shiori ostida jurnal ijodkorlari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari H. Joʻrayeva “Gulxan” jurnalining yoshlar qalbida vatanga muhabbat, qadriyatlarga hurmat, yuksak maʼnaviyatni shakllantirishdagi xizmatlari, tarix fani oʻqituvchisi K. Azimova oʻquvchilarda kitobxonlik koʻnikmalarini shakllanishida jurnalning beqiyos xizmati haqida gapirdi. Jurnal Bosh muharriri Zahro Hasanova, masʼul kotib Muhabbat Hamidovalar “Gulxan” jurnalining 90 yillik tarixi, u kashf etgan yuzlab isteʼdodlar, kelgusidagi rejalari haqida oʻquvchilarga qiziqarli hikoya qilib berishdi. Maktabning “Yosh qalamkash” toʻgaragi aʼzolari oʻzlari yozgan sheʼrlaridan oʻqishdi va ijod namunalarini qadrdon nashrning “Nishona” sahifasi uchun taqdim etishdi. Uchrashuv soʻngida jurnal xodimlari oʻquvchilarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.