“Gulxan”ga mehmon keldi
Oʻquvchilarning ayni taʼtil kunlarida qoʻshni Qozogʻiston Respublikasining Almati shahridan bir guruh oʻquvchi yoshlar “Gulxan” bilan yaqindan tanishish maqsadida tahririyatimizga kelishdi. Ularga Qozogʻistondagi “Turkiy tildagi jurnallar jamgʻarmasi”ning xodimi, jurnalist Naziya Joʻyamergen qizi yoʻlboshchilik qildi. Oʻzbekistondagi bolalar nashrlariga qiziqib qolgan Naziya xonim bundan olti oy avval jurnal faoliyati hamda uning ijodkorlari bilan yaqindan tanishgan edi. Shunda biz unga “Gulxan”ning bir nechta sonlarini taqdim etdik. Naziya xonimning aytishicha, jurnalni oʻqigan qozogʻistonlik “Yosh jurnalist maktabi” bolalarida Oʻzbekiston bilan yaqindan tanishish istagi tugʻilibdi.
– Biz, – dedi Almatidagi 140-maktab oʻquvchisi Quvvat Altinova, – uch kundan beri Samarqand, Buxoro kabi qadimiy shaharlarni tomosha qilib katta taassurot oldik. Yosh qalamkash sifatida qozoq bolalarining sevimli jurnali “Baldirgʻan”da yozgan maqolalarim bilan qatnashib turaman. Kelajakda Naziya opadek jurnalist boʻlmoqchiman. Oʻzbekiston haqidagi taassurotlarimni “Baldirgʻan” sahifalari orqali oʻz tengdoshlarim bilan oʻrtoqlashmoqchiman.
– Toʻgʻrisi, Oʻzbekistonday mamlakatga uch kunlik sayohat kamlik qilar ekan. Bu qisqa fursatdan qanchalik unumli foydalanishga harakat qilmaylik, lekin, bu yerning koʻhna obidalari va chiroyli goʻshalarini koʻrishga ulgurmadik. Toshkentda qozoq adibi Abay nomi bilan ataladigan koʻchada respublikamiz elchixonasi joylashgan ekan. Hozir oʻsha yerga boramiz, – deya suhbatimizga qoʻshildi Almatidagi 128-maktab oʻquvchisi Nurbay Abdurazzak oʻgʻli.
– Yosh jurnalistlarim mendan biroz xafa boʻlishdi. Sababi, ular Oʻzbekistonning goʻzal va betakror manzaralariga toʻymay qolishdi. Vaʼda beraman, nasib qilsa, ularni yana yurtingizga olib kelaman. Qolaversa, shu yil kuzda jamgʻarma yordamida turkiy tilda chop etiladigan barcha bolalar nashrlarining ijodkorlari ishtirokida bir tadbir tashkil etishni rejalashtirganmiz. Tadbirning aniq sanasi belgilangach, sizlarga ham taklifnoma yuboramiz, – dedi Naziya xonim.
Darhaqiqat, keyingi ikki-uch yilda barcha sohalar kabi adabiyot, jurnalistika sohasida ham doʻstlik va oʻzaro hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilmoqda. 2019-yilni Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili deb belgilanishi ham ana shu rishtalarning bir namunasidir. Ajab emas, yaqin orada “Gulxan”ning yosh muxbirlari ham qardosh Qozogʻistonga borib oʻz tengdoshlari bilan, ular sevib mutolaa qilayotgan bolalar jurnallari bilan yaqindan tanishib qaytishsa.