Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Qaldirgʻoch”ning quvnoq bagʻrida

“Istirohat”lik bolalar boshlanadigan yangi oʻquv yilida eng faol, eng aʼlochi oʻquvchilar safida boʻlishlari aniq. Chunki ular oʻzlari oʻqiydigan Uchtepa tumanidagi 236-maktabda tashkil qilingan “Qaldirgʻoch” sogʻlomlashtirish oromgohida mazza qilib dam olishdi. Yaxshi dam esa mehnatga hamdam.

Bolalar oromgohda jismonan chiniqish bilan birga maʼnaviy olamlarini, bilimlarini ham boyitishdi. Har bir bolani oʻz farzandiday mehr bilan kutib olgan oromgoh rahbari Matluba opa Musulmonova ishni bolalarning qiziqishlarini oʻrganishdan boshladi. Shunga qarab dam oluvchilarni dam olish maskanida tashkil qilingan drama, “Mohir qoʻllar”, “Yosh kitobxon”, “Yosh rassom”, ingliz tili, sport toʻgaraklariga jalb qildi. Muhimi, toʻgaraklar oʻzaro hamkorlikda faoliyat koʻrsatishdi. Havaskor aktyorlar toʻgarak rahbari Oydin opa Nurillayeva bilan oromgoh kutubxonasidan kitoblar olishdi. Bu kitoblarni “Yosh kitobxon” toʻgaragida birgalashib oʻqib, maʼqul boʻlgan hikoya, ertaklarni sahnalashtirishdi. Aktyorlarga kerakli liboslarni “Mohir qoʻllar” toʻgaragining qoʻligul chevarlari, ustozlari Gavhar opa Musayevaning bevosita koʻmagi bilan tikib berdi. Yosh rassomlar esa sahnani bezatishdi. Latofat opa Yusupovaning xonanda, sozanda shogirdlari tengdoshlarini oʻzlarining quvnoq kuy-qoʻshiqlari bilan xushnud qilishdi.

Dam oluvchilar orasida tashkil qilingan turli bellashuvlarga oromgoh faoliyatidan tez-tez kelib xabar olib turgan homiylar “Istirohat” mahalla oqsoqoli Rustam Yunusov, Yoshlar Ittifoqi Uchtepa tuman kengashi xodimi Malika Sobirova, xotin-qizlar kengashi vakili Dilbar opa Abdullayevalar kimni gʻolib deyishni bilmay shoshib qolishdi. Nega desangiz, dam olayotgan bolalar nafaqat oʻz epchillik va chaqqonliklari, yana oʻzbekcha, inglizcha hozirjavobliklari bilan ham ularni lol qoldirishdi-da. Rahbarlar uzoq oʻylab muammoni chiroyli hal qilishdi. Tanlovning barcha ishtirokchilarini turli nominatsiyalar boʻyicha gʻolib deb topishdi. Maqtov yorliqlari, sirli sovgʻalar bilan taqdirlashdi. Bolalardagi isteʼdodlarni yuzaga chiqarishda jonbozlik koʻrsatgan oromgoh kutubxonasiga zukko bolalar qiziqib oʻqiydigan koʻplab badiiy kitoblar sovgʻa qilishdi.

– Dam olish mavsumida oromgohda 90 nafar bola hordiq chiqarishini rejalashtirgan edik. Ota-onalarning talab va istaklari, bolalarimizning xohishiga qarab ular sonini oshirdik. “Qaldirgʻorch”ning quvnoq bagʻrida 150 ga yaqin bola yozgi taʼtilni mazmunli oʻtkazishdi, – deydi maktab direktori Muhtabar Yaminova.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.