Shamchiroq
Ilk bor onam bilan kutubxonaga bordim. Kutubxona peshtoqidagi “Kitob – mening doʻstimsan” degan yozuvni koʻrib, “Kitob insonga qanday doʻst boʻlishi mumkin, axir, u jonsiz-ku?!” degan savol tugʻildi. Oʻsha kuni birinchi marta qoʻlimga uch jildli “Oʻzbek xalq ertaklari” kitobini oldim.
Ertaklarga qiziqib ketganimdan, birinchi jildni bir haftadayoq oʻqib tugatdim. Qolganlarini ham xuddi shunday ishtiyoq bilan mutolaa qildim. Ana shunda kitob haqiqatdan insonning eng yaqin doʻsti ekanligini anglab yetdim. Boʻsh vaqtingizni kitob mutolaasiga bagʻishlar ekansiz, u qalbingizga yaqinlashadi, samimiy doʻstga, ishonchli sirdoshga aylanadi. Ana shunda buyuk fransuz adibi V. Gyugoning “Kitoblar jonsiz, ammo sodiq doʻstlardir” degan gapi rostligiga amin boʻlasiz.
Har gal kutubxonaga kirganimda, sira shoshmasdan yangi kitoblarni tomosha qilib zavqim keladi. Ularning bejirim dizayni ham oʻziga maftun etadi, qoʻlimdan qoʻygim kelmaydi.
Hayot yoʻlimda buyuk bobokalonimiz Amir Temurning quyidagi oltinga teng soʻzlarini shior qilib olganman: “Kitob barcha bunyodkorlik, yaratuvchanlik va aql-idrokning, ilm-u donishning asosidir, hayotni oʻrgatuvchi murabbiydir”. Orzularim roʻyobga chiqishi uchun esa tinmay harakat qilishim, juda koʻp kitob oʻqishim lozim. Zero, kitob insonga qanot bagʻishlaydi. Shunday ekan, kitob yoʻlimizni yorituvchi shamchiroq boʻlsin.
Nasiba ABDULLAYEVA,
Toshkent shahar Yashnobod tumani 244-maktab 8-sinf