Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Maʼnolar xazinasi”dan

BEKOR TURGUNCHA BEKOR ISHLA

Xalqimiz asrlar davomida yaratgan son-sanoqsiz maqollar orasida mehnatsevarlik mavzuiga oidlari salmoqli oʻrin tutadi. Ularda xalq turli misollar, oʻxshatishlar vositasida mehnatni sevishga daʼvat etadi. Buning boisi shundaki, mehnat – inson hayotining maʼnaviy boyligi, moddiy manbai va salomatlik garovidir. Bunda: “Tek turguncha tekin ishla”, “Bekorchilikdan beqarorlik tugʻilar”,”Bekorchilikdan bemazagarchilik chiqadi”, “Bekorchining hunari – gʻiybat”, “Bekorchidan bemaza gap chiqadi”, “Bekorchidan bezib qoch”, “Bekorchidan xudo bezor” kabi maqollarni misol qilib keltirishimiz mumkin.

 

BELI OGʻRIMAGANNING NON YEYISHIGA QARA

Oʻzi mehnat qilmay, oʻzgalar mehnati evaziga yuzaga kelgan boyliklardan foydalanuvchi, ularning qadriga yetmay, gʻarra-sharra sarflab yuboruvchi tekinxoʻr, anoyi odamlarga qarata shu maqolni aytadilar. Oʻtmishda uni marhum otasining merosiga ega boʻlib, bu boyliklarni xuda-bexudaga katta-katta sarflab yuboradigan boyvachchalarga nisbatan ham qoʻllaganlar.

 

BELLASHSANG MARD BILAN BELLASH

“Nomard, qoʻrqoq, pastkash odamlar bilan muloqotda boʻlma, har bir ishda mard, odil, qoʻrqmas, qadr-qimmatingni oʻrniga qoʻya biladigan odamlar bilan munosabatda boʻl”, degani.

 

BETGA AYTGANNING ZAHRI YOʻQ

“Agar birov sening aybingni, kamchiligingni toʻgʻri yuzingga aytsa, bundan hafa boʻlma, undan gina ham qilma, chunki uning bu gapi foydadan xoli boʻlmaydi. Aybingni oʻzingga aytmay, orqangdan birovlarga aytsa – bu yomon, buning uchun undan har qancha hafa boʻlsang arziydi”, deyilmoqchi.

 

BILGANING DARYO BOʻLSA, BILMAGANING – DENGIZ

“Bilgandan bilmaganing koʻp, koʻrgandan koʻrmaganing koʻp”. “Men bilaman, koʻp narsani bilaman deb maqtanma, chunki xali bilmagan narsalaring koʻp, sendan ortiq biladiganlar ham koʻp”, degan maʼnoda qoʻllaniladi.

 

BIR ODAM ARIQ QAZIYDI, MING ODAM SUV ICHADI

“Bir odam koʻprik soladi, ming odam oʻtadi”, “Bir kishi qazigan quduqdan ming kishi suv ichadi”. Maʼnosi: “Koʻpchilikning manfaati yoʻlidaqilgan xizmating zoye ketmaydi. Mehnating samarasidan baxramand boʻlgan kishilar sening nomingni yaxshilik bilan yodga oladilar, koʻpchilikning hurmat eʼtiboriga sazovor boʻlasan. Shunday ekan el yurt manfaati yoʻlida mehnatu gʻayratingni ayama”.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.