Har satrga zeb berib
Havaskorlar she’rlarini o‘qib
Tahririyatimizga kelgan xatlarni saralab, mavzularga ajratar ekanmiz, ularning aksariyati Vatan haqidagi she’rlar bo‘lganidan quvonaman. Demak, vatanini jon-dilidan sevadigan bolalar ko‘p. Undan keyin qalamga olingan mavzular ona, ustoz, do‘stlik haqida bo‘ladi. Ularning eng yaxshilarini “Nishona” sahifasiga tanlab olamiz-da, qolganlarini siz bilan muhokama qilishga kirishamiz.
Yuqoridagi mavzular yuragimizga jon iplari bilan bog‘langan shuurimizning eng yuksak cho‘qqisida ulug‘lanadigan tushunchalar. Ammo:
“Men uchun aziz vatan,
Senga fido jon-u tan”, qabilida barchaga yod bo‘lib ketgan so‘zlarni takror qo‘llayverish bilan vatanni madh etolmaymiz.
Qashqadaryo viloyati Nishon tumani 11-maktab 9-sinf o‘quvchisi Sojida Shernayeva, Xorazm viloyati Xonqa tumani 33-maktab 9-sinf o‘quvchisi Shohista Sotimboyeva, Namangan viloyati Mingbuloq tumani 1-maktab 8-sinf o‘quvchisi Dilafro‘z Mamajonova, Jizzax viloyati Zomin tumani 40-maktab o‘quvchisi Kamola Ahmedova, Chortoq tumani 2-maktab 8-sinf o‘quvchisi Zeboxon Halimovalar ham vatan haqida xuddi shu mazmunda she’rlar yuborishgan.
Hatto shunday bolalar borki, kitoblardan ko‘chirib olgan she’rlarini tahririyatga yo‘llashadi. Ammo buni jurnal xodimlari darhol payqashadi. Shunda ulardan xafa bo‘lib ketamiz. Axir birovning to‘nini o‘zimizniki, deb kiygan bilan uning egasi bo‘lib qololmaymiz. Ko‘chirib olingan she’r boshqa odamning nomi bilan nashrda e’lon qilingudek bo‘lsa, bu mualliflik huquqining buzilishiga olib keladi. Shuning uchun bunday yomon ishga aslo qo‘l urish kerak emas. Qo‘limda bir dasta ana shunday o‘g‘irlangan she’rlar. Keling ularni uyaltirmaslik uchun ism-shariflarini aytmay qo‘ya qolay.
Har bitta konvertni ochar ekanmiz, yangi bir ijodkorni kashf etish umidi bilan she’rlarni tahlil qila boshlaymiz. O‘ziga xos yangi mavzular, quvnoq o‘xshatishlarni kutamiz. Xatlarning yana bir qismi bag‘ishlov she’rlar bo‘lib chiqadi: “Singilcham”, “Dugonam Dilnoza”, “Ammajonim”, “Ukam Bunyodbek” va hokazo. To‘g‘ri, ular yaqinlarini she’r yozib xursand qilmoqchi bo‘lishadi, ammo she’riyatning o‘z qonun-qoidalari bor. Unda badiiylik, tashbeh, tasvir yuqori o‘rinda bo‘lishi kerak.
“Singiljonim Marjona,
Yagonasan, bir dona.
Go‘zallikka boysan,
Bilimga oshnosan”.
Bu to‘rtlikni Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi 18-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Sabina Jo‘rayeva yozib yuborgan. Biz bu mashqda biror yangi fikr ko‘rmadik. Bo‘g‘inlariga, qofiyasiga ham e’tibor berilmagan. Qoraqalpog‘iston Pespublikasi To‘rtko‘l tumani Sho‘raxon mahallasidan Rayhonoy Otamurodova, Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani 42-maktab o‘quvchisi Gavhar Kenjayeva, Xorazm viloyati Xazorasp tumani 9-maktab 5-sinf o‘quvchisi Sevara Shexnazarova, Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani 56-maktab 7-sinf o‘quvchisi Malika Jahongirova, Navoiy viloyati Xatirchi tumani 14-maktab 5-sinf o‘quvchisi Sevinch Isomiddinovalar ana shu mavzuda she’rlar yo‘llashgan.
“Umr oqar daryo, hech ham to‘xtamas,
To‘xtatib bo‘lmaydi uni majburlab”, – deya she’rini boshlabdi Sirdaryo viloyati Sardoba tumani 10-maktab 7-sinf o‘quvchisi Dilnura Safarova. Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani 45-maktab 8-sinf o‘quvchisi Sevinch Umrzoqova esa:
“Baxt qayerda?
Insonlar izlaydi uni.
Behuda o‘tadi
Shu zayl kuni”, – debdi she’riy mashqida.
Har ikkala she’rda ham o‘quvchining yoshiga munosib bo‘lmagan mavzular qalamga olingan. Odam o‘zi his qilmagan tuyg‘ular, aqli yetmagan tushunchalar haqida yozar ekan oyog‘iga shippak ilib, boshiga qalin qalpoq kiyib olgandek nomutanosiblik hosil bo‘ladi.
Ba’zi yosh qalamkashlarimiz qofiyalarni kelishtirmoqchi bo‘lib, so‘zlarni noo‘rin qo‘llashadi. Natijada she’rning mazmuni butunlay o‘zgarib ketadi:
“O‘zi doim arzanda,
O‘ylagani sozanda.
Erkatoydir ikkinchi,
Har bir ishda birinchi”, – deya qog‘oz qoralabdi Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani 23-maktab 8-sinf o‘quvchisi Ma’mura Abraxmatova “Maftuna” nomli mashqida. Muallif “O‘ylagani sozanda” satrida san’atga ixlosmand demoqchi bo‘lgandir, ammo ifoda qo‘pol buzilgan. She’rda badiiylik yuqori bo‘lishi kerak, tasvir uchun yaroqsiz og‘zaki nutqdagi oddiy so‘zlardan foydalanib bo‘lmaydi.
Xorazm viloyati Xonqa tumani 35-maktab 9-sinf o‘quvchisi Dinora Ozodova, Buxoro viloyati Shofirkon tumani 20-maktab 7-sinf o‘quvchisi Ortiqjon Olimjonov, Qashqadaryo viloyati Koson tumani 95-maktab 7-sinf o‘quvchisi Ra’no Rahmatullayeva, Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani 2-maktab 7-sinf o‘quvchisi Gulnihol Muhammadjonova, Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani 16-maktab 3-sinf o‘quvchisi Durdona Tog‘aymurodova, Toshkent viloyati Bekobod tumani 52-maktab 4-sinf o‘quvchisi Ruxshona Xudoyqulova, Navoiy shahridagi 11-ixtisoslashtirilgan maktab 5-sinf o‘quvchisi Laziza Qurbonovalar ham shu mazmundagi she’rlaridan namunalar yuborishgan.
Kelayotgan maktublarning aksariyatida o‘quvchilar she’rlarini jurnal sahifalarida yoritilishini iltimos qilishgan. She’rlari chiqmagani uchun hatto arazlab qolgan bolalar bor. Ba’zan ularni qayta-qayta tahrir qilishga, fikrlarimiz bilan boyitishga to‘g‘ri keladi. Afsuski, ularning barchasini “yamab”, “tekislab” sahifada yoritish imkoniyati yo‘q. Mashqlari xom-xatala bo‘lsa ham jurnalda o‘z nomi chiqishini istayotgan havaskorlar tahririyat talablarini ham hisobga olishlari kerak.
Men sizga hozir yaxshi ijodkor bo‘lishda asqotadigan bir-ikkita maslahatlar beraman, yondaftarchangizga yozib oling:
*So‘z boyligingizni oshirish uchun ko‘p kitob o‘qing.
*Rang-barang, quvnoq mavzularga murojaat qiling.
*Tushunmagan so‘zlaringizni qo‘llashdan oldin adabiyot o‘qituvchingizdan maslahat oling. She’r yozishning dastlabki qoidalari haqida ular sizga kerakli ko‘rsatmalar berishadi.
*Boshqalarga taqlid qilishdan qoching, chunki hammaning o‘z qalami, aytadigan so‘zi bo‘lishi kerak.
Ushbu taqrizimizni yuqoridagi mavzularda she’r yuborgan barcha o‘quvchilar mashqlariga javob deb biladilar va kelgusida ushbu maslahatlarga amal qilingan she’rlar yozadilar, degan umiddamiz. Unutmang, biz sizni yaxshi ko‘ramiz va sizdan ham yaxshi she’rlar kutamiz.
Eslatma:
Tahririyatga jo‘natadigan xatingizni konvertga joylashdan oldin ustozingizga ko‘rsatib oling. Ular imlo xatolaridan xoli bo‘lsin. Bizga kelgan ayrim maktublarning siyohi bo‘yalib, surkalib ketganidan o‘qishga qiynalamiz. Manzilingiz, telefon raqamingiz aniq ko‘rsatilgan bo‘lsin. Fotosuratingizni ham jo‘natishni unutmang.
Umida SADATOVA,
Adabiyot va san’at bo‘limi muharriri