Nufuzli tanlovlarda
Buxorolik yoshlarning musiqa san’ati bo‘yicha qo‘lga kiritgan yutuqlari haqidagi xushxabardan darak topdig-u, safarga otlandik. Maqsadimizni anglagan viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi xodimi Jo‘raqul aka Jumaqulov Buxoro yoshlarining qo‘lga kiritayotgan yutuqlari haqida to‘lqinlanib gapirib berdi. Va bizni shahardagi 1-son Bolalar musiqa va san’at maktabi sari boshladi.
Asal Zabiyeva ushbu Bolalar musiqa va san’at maktabining fortepiano yo‘nalishining 6-sinf o‘quvchisi. Zarina opa san’atga, musiqaga, sohaning buyuk namoyandalariga bo‘lgan cheksiz havasi tufayli qizini 8 yoshida shu maktabga olib keladi. Bilamiz, musiqa san’atini o‘zlashtirish, ulkan mashaqqat talab qiladi. Shunga qaramay, Asal o‘z iste’dodini namoyish qila oldi. Dastlab Bolalar musiqa va san’at maktablari o‘quvchilarining har yili o‘tkaziluvchi “Akademik cholg‘ular va estrada ijrochiligi” tanlovida muntazam qatnashdi. Bu yil ham mazkur tanlovda ishtirok etib, avval shahar, so‘ng viloyat bosqichida g‘oliblikni egalladi. Respublika bosqichida 1-o‘ringa sazovor bo‘ldi-yu, biroq hali oldinda nimalar kutayotganini bilmasdi.
Shu yili Rossiya Federatsiyasining “Soyuz talantov” xalqaro tanlovlarni tashkillashtiruvchi avtonom jamoatchilik jamg‘armasi tomonidan maktab nomiga taklifnoma keladi. Taklifga binoan maktab o‘quvchilari iyul oyida Sochi shahrida bo‘lib o‘tadigan “Na tvorcheskom Olimpe” XX xalqaro bolalar va o‘smirlar ijodiy festival-tanloviga tayyorlana boshladi. Asal Zabiyeva ushbu xalqaro festivalda ham 1-o‘ringa ega bo‘ldi. Asal bilan yonma-yon barcha tanlovlarda ishtirok etgan yana bir o‘quvchi Shaxinabonu Olimova esa ushbu festivalda Xoreografiya va milliy raqs yo‘nalishida g‘olib bo‘ldi. Festivalda yana Tasviriy san’at va grafika yo‘nalishida Jaloliddin Islomov 1-o‘rinni, Shaxinabonu Mirova 2-o‘rinni, Fortepiano yo‘nalishida esa Maftuna Olimjonova 2-o‘rinni qo‘lga kiritib, diplomga ega bo‘lishdi.
Asosiysi, sentabr-oktabr oylarida festivalning yakuniy VI bosqichi bo‘ldi. Unda Asal Zabiyeva va Shaxinabonu Olimovalar birinchi o‘ringa sazovor bo‘lishdi. Ayniqsa, Shaxinaning qo‘lga kiritgan yutuqlari alohida e’tirofga loyiq. Chunki u finalda biryo‘la uchta: 1) Kichik yoshli ishtirokchi; 2) Tanlov galakonsertidagi ishtiroki uchun; 3) “Nadejda tansa” nomli pullik sovringa ega nominatsiyalarning diplom va sovrinlarini qo‘lga kiritdi. Hatto konsert davomida Shaxinaning raqs mahoratini ko‘rgan hay’at a’zosi G. G. Knyazkov hayratini yashira olmay, sahnaga chiqib qizaloqni ko‘tarib oladi.
– Bu festival-tanlov menga eng quvonchli damlarni tortiq etdi, – deydi to‘qqiz yoshli Shaxina. – Birinchi navbatda turli davlatlardan kelgan bolalar bilan tanishib do‘stlashishga imkon berdi. O‘zimizning buxorocha milliy raqslarimizni ana shu turfa mamlakat ishtirokchilari oldida namoyish etish bilan faxrlandim. Ular bizning liboslarimizga, ayniqsa, do‘ppilarimizga juda havas qilishdi.
Maktab direktori Gulchehra Norova esa:
– Bunday katta tanlov va festivalda ishtirok etish, kishiga o‘zgacha g‘urur bag‘ishlar ekan. Katta sahna. Shunga yarasha qo‘rquv va hayajon vujudingizni qamrab olgandagi lahzalarni aytib berish qiyin. Shunda bizga ijodiy raqobatdosh jamoalar havas bilan qarab turganini ko‘rib, qalbim to‘lqinlanib ketdi. Tarbiyalagan shogirdlarimiz yutuqlarining guvohi bo‘lish esa zimmamizga yanada mas’uliyatlilik vazifasini yuklay di, – dedi.
Biz Gulchehra opa bilan suhbatlashib turganimizda Buxoro tumanidagi 21-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Nasiba Ro‘ziyeva bir guruh iste’dodli o‘quvchilarni boshlab keldi. Nasiba opa maktabdagi “Nafosat” to‘garagining rahbari ekan.
– To‘garagimiz a’zolaridan Jobir Yunusov “Barkamol avlod”, “Kamalak yulduzlari”, “Obod yurt farzandlari” kabi musiqiy tanlovlarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarga sazovor bo‘ldi. U hozir mazkur maktabning 9-sinf o‘quvchisi. Yana bir iste’dod egasi Munisa Rustamova ham ona tili va adabiyot fani bo‘yicha “Bilimlar bellashuvi”da faol ishtirok etib kelmoqda.
Buxoro yoshlari yutuqlaridan xabardor bo‘lib ko‘nglimiz yorishdi, bu intilishlar bir kun o‘z mevasini berishi aniq.
Bekmurod ABDURAIMOV