Har satri asror – kitob
Toshkent shahar, Bektemir tumanidagi 292-maktabda bo‘lib o‘tgan “Kitob bayrami”i chin ma’noda tantana tusini oldi. Unda so‘z olganlar jonajon do‘stimiz – kitobning hayotimizda tutgan o‘rnini bir-biridan qiziq misollar bilan tushuntirib berishdi. Maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sayyora opa Polvonova shogirdlarini doimo kitobning qadriga yetishga, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga chorlab shunday dedi:
– Bizning o‘quvchilik yillarimizda hozirgidek turli-tuman kitoblar deyarli yo‘q bo‘lgan, desam ham bo‘ladi. O‘quv darslari bilan bog‘liq bir-ikki darslik kitoblarni aytmaganda, hech qanday qo‘shimcha adabiyotlardan foydalana olmaganmiz. Shu boisdan men bugungi o‘quvchilarga, siz aziz shogirdlarimga chin dildan havas qilaman. Bolajonlar, yaratib berilgan bugungi imkoniyatdan foydalangan holda kitob bilan haqiqiy do‘st tutinishimiz, uning qadriga yetishimiz zarur. Shundagina u bizga o‘zining haqiqiy sirlarini, bor asrorini ochadi.
Tadbir davomida goh she’r aytib, goh kitob haqidagi kutilmagan fikrlari bilan tengdoshlarini xushnud etgan maktabning 3-sinf o‘quvchisi Sevinch Abdullayeva ham o‘z shodligini yashirolmadi:
– Men bugun juda xursandman. Chunki kitoblarni yaxshi ko‘raman. Ayniqsa, o‘zim sevib o‘qiydigan shoir va yozuvchilarimizning yangi kitoblarini ko‘rganimda yanayam sevinib ketaman.
Ko‘plab ota-onalar ishtirokida keng tus olgan tadbir davomida bolalar nashrlari xodimlari, bolalar ijodkorlari ijodlaridan namunar o‘qib berishdi hamda o‘zlarining yangi kitoblaridan o‘quvchilarga sovg‘a qilishdi. “Kitob olami” savdo majmuasi va boshqa bir qancha kitob savdo markazlari tashkil etgan ko‘rgazmalar bolajonlar qatorida ishtirokchi ota-onalarni ham xushnud etdi.
- Eshmo‘minov