Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Hayot guli o‘zingsan

Ayol qo‘lidagi gul yosh boladek qiqirlab turadi

 

Quyosh kun sayin ko‘k toqiga o‘rlay boshladimi, demak, bahor kelyapti...

Quruq novdali daraxtlarning g‘uvillak shivirlari eshitilyaptimi, demak, tabiat uyg‘onyapti...

Qoqio‘tlarning sehrli kulgulariga boychechag-u chuchmomalar javob qaytaryaptimi, demak...

YASHARISH, YANGILANISH, BEG‘UBORLIK fasli boshlanmoqda. Olam sahnida yana bir yangi dunyo paydo bo‘lmoqda...

Ammo bu go‘zalliklarning barchasi qo‘lida gul tutib turgan ayolning, ko‘kzor ichra hadsiz quvonch tuyib yugurayotgan qizaloqning bir tabassumi oldida ojiz. Tabiatning mo‘jiza deb ataluvchi hodisasi, avvalo, ayoldan boshlanadi, ayoldan rang oladi. Ona, opa, singil – AYOL ana shunday ulug‘likka, katta e’zozga loyiq.

 

Shodligi olam ayyom

Bahor tashrifining o‘zi bir bayram. Tabiatga hamohang uyg‘onayotgan odamlar yuz-ko‘zidagi quvonch, o‘zaro mehrning kuchayishi, nazarimizda, bu faslning asl bahosini beradi. Sababi, ko‘klam kelishi bilan borliqqa hamohang holda kayfiyatimiz o‘zgara boshlaydi. Kimgadir yaxshilik qilish, ezgulik ulashish ishtiyoqi yanada oshadi. Mo‘tabar onajonlarimiz duolari esa minglab kaftlardan osmonga uchadi. Xalqimizga qut-baraka, elimizga tinchlik-xotirjamlik olib qaytayotgan bu niyatlar hikmati bizga quvvat, yurtga darmon bo‘ladi.

Bahor bayramlari ko‘p. Ularning eng sarasi, shubhasizki, ko‘klam ayyomlari avvali – 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kunidir. Shu kun munosabati bilan Poytaxtimizning “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar zalida o‘tkazilgan tantanali tadbir ko‘plab unutilmas lavhalarga boy bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Quvonarlisi, tantanali tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, mamlakatimiz xotin-qizlarini bayram munosabati bilan samimiy tabrikladi. O‘z tabrigida jamiyat hayotida ayollarning tutgan o‘rni va mavqei haqida so‘z yurita turib, jumladan, shunday dedi: “... Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Chunki sizlar bilan hayotimiz go‘zal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir”.

Shuningdek, tabrik so‘zi davomida mamlakatimizning turli sohalarida mehnat qilayotgan xodimlarning 45 foizini xotin-qizlar tashkil etishi katta mamnuniyat bilan aytib o‘tildi. Bu ko‘rsatkich, shubhasizki, yurt taraqqiyotida ayol fenomeni ortib, qaysidir ma’noda xalqimiz ayol aql-zakovati, mehnatiga suyanib borayotganligidan dalolat beradi.


Malika Choriyeva, Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi 59-maktabning 10-sinf o‘quvchisi: – Mana shunday go‘zal faslning ilk kunlarida yuksak unvonga munosib ko‘rilganimdan juda xursandman. Zulfiya izdoshiga aylanish va bu e’zozni shaxsan Yurtboshimizning qo‘lidan qabul qilish menga katta mas’uliyat yuklaydi. Men bu ishonchni butun umrim davomida oqlashga hamda yurtimga kerakli inson bo‘lib yetishishga chin dildan harakat qilaman.


 

 

28 qaldirg‘och – 28 umid

Yurtboshimiz o‘z bayram tabrigida barchani birdek mamnun qilgan yana bir yangilikni e’lon qildi. Ya’ni 2018-yil 2-fevral kuni qabul qilingan “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoniga binoan bu yildan e’tiboran Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini adabiyot, san’at, fan, ta’lim va madaniyat yo‘nalishlarida o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan iqtidorli qizlarga berish bo‘yicha yangi tartib joriy etildi. Shu bilan birga bu mukofot uchun har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan ikki nafardan qiz tanlab olinadi.


Bahora Abdusattorova, O‘zbe­kiston Milliy universitetining 1-bosqich talabasi: – Har gal dunyo miqyosidagi shaxmat musobaqalarida qatnashayotganimda bir haqiqatni his qilib turaman. Ortimdan butun xalqim, jonajon yurtim ko‘z tikib turganligi, bu mas’uliyatni sidqidildan bajarishim lozimligini anglayman. Ana shunda har qanday to‘­siqdan, har qaysi raqib qarshiligidan oson o‘tib olaman. Yurtim ishonchi men uchun eng katta ko‘mak va madaddir.


Yangi tartibga ko‘ra, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini qo‘lga kiritgan 28 nafar iste’dodli qizlarning quvonchi cheksiz. Ularga bu yuksak mukofotni Yurtboshimizning shaxsan o‘zlari topshirganligi ham bu shodlikka yana shodlik qo‘shdi. Mukofotlanganlarning hayajonga to‘la yuraklaridan otilib chiqayotgan she’riy misralar bayram shukuhini yanada boyitdi. Shu yerning o‘zidan katta hayotga uchirma qilinayotgan 28 qaldirg‘och bizga cheksiz umid bag‘ishlab, o‘z parvozini boshladi.

Ko‘zidan mehr va shiddat sezilib turgan qizlarimizga qarab, parvozingiz baland, maqsadlaringiz xayrli bo‘lsin, aziz singillar, deb qolamiz.

 

Farhod ESHMO‘MINOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.