Hindistonda
Hindiston dunyoga boy tarixi, rang-barang madaniyati bilan mashhur.
Bugun dunyoning koʻplab yetakchi kompaniyalarida Hindiston taʼlim tizimidan yetishib chiqqan mutaxassislar ishlayotgani ayni haqiqat. Yildan-yilga Hindiston oliy bilim yurtlariga oʻqishga kelayotgan xorijlik talabalar soni ham oshib boryapti. Bu esa mamlakat taʼlim tizimi mustahkam mavqe va sifat koʻrsatkichiga ega ekanligidan dalolat. Hozirda mamlakatda 300 mingdan ortiq maktab mavjud. Ulardan 177 mingtasida faqat qizlar oʻqiydi. Bu yerda 17 000 dan ziyod kollej, 20 ta markaziy universitet, 217 ta shtat darajasidagi universitet, 106 ta universitet maqomidagi oliygoh hamda 13 ta umummilliy ahamiyatga ega institut faoliyat koʻrsatadi. Yaqin kelajakda bu roʻyxatga yana 30 ta markaziy universitet, 8 ta axborot texnologiyalari instituti, 7 ta menejment instituti qoʻshiladi.
Yomonning bir yaxshisi
Qadim Hindistonda taʼlimning “Gurukul” tizimi amalda boʻlgan. Bu tizimda oʻquvchi ustozining uyida yashab, taʼlim olgan. Ular bu yoʻl bilan nafaqat bilim olgan, balki ustoz oilasidan odob-axloq meʼyorlarini ham oʻrganishgan. Afsuski, bu turdagi taʼlimdan faqat yuqori tabaqa vakillarining farzandlari foydalangan. Ayollarga esa ilm olishning imkoniyati boʻlmagan. Taʼlimning barcha uchun birdek zaruratga aylanishi Angliya mustamlakachiligi davrida roʻyobga chiqdi. Bugungi Hindiston erishayotgan muvaffaqiyatlarda ayni shu mustamlakachi xalq oʻrnatib ketgan tizim katta ahamiyatga ega boʻldi.
12 yil oʻqish osonmi?
Hindistonda taʼlim tizimi boshlangʻich, oʻrta, yuqori va oliy taʼlim bosqichlariga boʻlinadi. Bolalar boshlangʻich taʼlim maktabida sakkiz yil oʻqiydi. Soʻng har biri ikki yildan boʻlgan oʻrta va yuqori taʼlim bosqichlari keladi. Umumiy maktab taʼlimi 10+2, yaʼni 12 yil davom etadi. Maktab oʻquvi tugagach, oliy taʼlim boshlanadi.
Mustaqil fikrlashni oʻrganish
Hindiston maktablarida fanlar oʻquvchilar yoshiga qarab qoʻyiladi. Masalan, 4-6 yoshdagi bolalar uchun mashgʻulotlar oʻqi va oʻyna degan talab ostida oʻtkazilsa, 6-9 yoshdagilar uchun hind tiliga kirish, hindcha suhbat, Bollywood raqslari, tasviriy sanʼat, yoga, vokal musiqasi va qayiqda suzish asosiy mashgʻulotlar hisoblanadi. Oʻquvchilar musiqa darslari orqali vatanning boy qadimiy tarixi hamda urf-odatlari haqida bilimlarga ega boʻlishadi.
Maktablarda bolalarning mustaqil fikrlashi, yaxshi baho olishi asosiy vazifadir. Hind tilida yoza olish savodlilik darajasining bir tomoni boʻlsa, nimani yozish va anglash uning ikkinchi tomonidir. Oʻqituvchilar fan boʻyicha biron-bir mavzu bermaydi. Mavzularni koʻrsatadi xolos. Misol uchun, oʻquvchilarni bogʻga olib boradi. Bu erda koʻrganlari, olgan taassurotlari haqida yozish topshiriladi. Oʻquvchilar esa oʻz kuzatuvlari asosida insho yozadilar.
Baxt darsi
Maʼlumotlarga koʻra, Hindiston oʻsmirlarining toʻrtdan bir qismi 13 yoshdan 15 yoshgacha kuchli ruhiy tushkunlikni boshdan kechiradi. Shuning uchun mamlakatda dunyodagi boshqa maktablarda uchramaydigan qiziq bir holat yaʼni, “Baxt darsi”ning fan sifatida oʻqitilishi yoʻlga qoʻyilgan.
Dars qoidasiga koʻra, oʻquvchilar yoshiga qarab guruhlarga boʻlinadi. Oʻquvchilarning darsni qanchalik oʻzlashtirgani baholanmaydi, chunki unda test va uy vazifalari boʻlmaydi. Darsning maqsadi – bolalarning ongini, hushyorligini oshirish, salbiy fikrlardan yiroq boʻlishga yordam berish, muomalani oʻrgatish, tushkun holatlarni bartaraf etish, talabalarda esa har qanday vaziyatda oʻzini qoʻlga ola bilish, turli holatlarda tezkor qaror qabul qilish va botinidagi quvvatni ishga solishni oʻrgatishdan iborat.
Dars yoshlarda oʻz qadrini his qilishni, fikrini tiniq ifoda etishni va ruhiy tarbiyani shakllantiradi. Darsning samaradorligini Dehli hukumati qoshida tashkil etilgan 200 oʻqituvchidan iborat komissiya kuzatib boradi.
Maktab selfisi
Hindistonda oʻqituvchi dars boshlanishidan avval sinfdagi barcha oʻquvchilar bilan suratga tushishi kerak. Mamlakat taʼlim vazirligi tomonidan bolalarning maktabga qatnashini nazoratga olish maqsadida shunday chora qoʻllanilgan. Olingan surat oʻquvchi haqiqatdan ham darsda boʻlganini tasdiqlovchi oʻziga xos hujjatga aylanadi. Shuningdek, mamlakatda “maktab selfisi” uchun maxsus ilova ham ishlab chiqilgan.
Taʼlimdagi muammolar
Garchi mamlakat taʼlim tizimi jadal rivojlanib, raqobatbardosh, malakali mutaxassislar tayyorlash boʻyicha dunyoda yetakchi davlatlar qatoridan joy olib borayotgan boʻlsa-da, lekin oʻlkaning umumiy savodxonlik darajasi past. Ayollar savodxonligi bundan ham yomon ahvolda. Qishloq va shahar aholisi oʻrtasida ham savodlilik borasidagi farq katta. Qishloq bolalarining yarmi beshinchi sinfdan soʻng maktabni tashlaydi. Buning sabablari har xil: baʼzilarda oʻqishga qiziqish yoʻq. Ammo koʻpchilik ishlab, oilasiga yordam berish uchun shunga majbur. Boy xonadonlar qizlarni dastyorlikka olgani uchun ham kambagʻal oiladagi qizlar oʻqishni juda erta yigʻishtirib qoʻyadi. Shuning uchun ayollar orasida savodsizlik yuqori. Qishloq joylardagi savodsizlikning yana bir sababi, oʻqituvchilar bilim darajasining pastligidir. Chunki malakali va bilimli oʻqituvchilar qishloq joylarida dars berishni istashmaydi. Hindiston maktablarining 19 foizida esa barcha fanlardan faqat bitta oʻqituvchi dars beradi. Mazkur muammolarni bartaraf etish uchun hukumat maxsus dasturlar ishlab chiqqan.
Internet manbalari asosida
Islom ASILBEKOV tayyorladi