Muhammad Rahmon
Oʻzining betakror ijodi bilan ham kattalar, ham bolalar mehrini birday qozona olgan taniqli shoir, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Muhammad Rahmon 1949-yil 18-noyabrda Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi Ovlat qishlogʻida tugʻilgan. Ota-onasidan 10 yoshida yetim qolgan Muhammadni qarindoshlari Kitob tumanidagi “Mehribonlik uyi”ga topshirishadi.
Keyinchalik bu yerda tarbiyalanayotgan bir guruh bolalar qatorida Muhammadjon ham Surxondaryo viloyati markazi Termiz shahridagi “Mehribonlik uyi”ga koʻchiriladi. Surxondaryolik mashhur shoir Tesha Saydali tez-tez ushbu dargohga kelar, oʻzining dilkash, samimiy suhbatlari bilan oʻksik koʻngillarga malham boʻlishga intilardi. Ana shunday suhbatlar chogʻida Muhammaddagi isteʼdodni payqagan Tesha Saydali uni oʻz tarbiyasiga oldi, otalik mehrini berdi. 12 yoshida ilk sheʼri respublika bolalar jurnali “Gulxan”da bosilib chiqqach, Tesha Saydali u bilan astoydil shugʻullana boshladi. Sheʼriyatdan Muhammadga ustozlik qildi. Yuqori sinfda oʻqiyotganda esa ustozining maslahat va tavsiyasi bilan “Surxondaryo haqiqati” viloyat gazetasida adabiy xodim boʻlib ish boshladi. Gazeta sahifalarida tez-tez eʼlon qilinayotgan sheʼr va lavhalari bilan el nazariga tushdi. Gazetadagi ish jarayonida qalbida jurnalistikaga nisbatan uygʻongan mehr tufayli maktabni bitirgach hujjatlarini ToshDU (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakultetiga topshirdi va talaba boʻldi. Talabalik chogʻidayoq bolalarga bagʻishlangan quvnoq, betakror sheʼrlari bilan ustozlar nazariga tushgan Muhammad Rahmon 1972-yilda universitetni tugatgach, “Choʻlpon” nashriyotida mehnat faoliyatini boshladi. Nashriyotda muharrir, boʻlim mudiri boʻlib ishladi. 1980-yildan umrining oxirigacha koʻplab masʼul vazifalarda xizmat qildi.
Shoirning “Muvozanat”, “Yashil daryo”, “Yuragimning dastxati”, “Ijobat”, “Asraganim, avaylaganim” kabi sheʼriy toʻplamlari, bolalar uchun “Momoqaymoq”, “Yerga tushgan kamalak”, “Qanotli tushlar” nomli majmualari kitobxonlarning sevimli asarlari qatoridan joy oldi. Shoirning vafotidan keyin chop etilgan “Yoʻl koʻrayotgan odam” (2010) saylanmasiga turli yillarda bitilgan sheʼrlari va “Adabiy nido” dramatik dostoni jamlangan.
M. Rahmon K. Chukovskiy, A. Barto sheʼrlarini, avstriyalik adiba Lizoletta Velskof-Genrixning “Tokay Ito” romanini ona tilimizga oʻgirdi.
Muhammad Rahmon 2010-yil 31-yanvarda ogʻir xastalikdan vafot etdi.