Gʻalvir suvdan koʻtarilganda
“Gulxan”ning qadrli muxlislari! Siz bilan 2019-yilning soʻnggi – dekabr soni orqali uchrashib turibmiz. Yil davomida tayyorlagan jurnallarimizni varaqlar ekanman, ijodiy jamoamizdan, hamkor mualliflarimizdan juda minnatdor boʻldim. Chunki “Gulxan”ning har bir yangi sonini tayyorlash nihoyatda zahmat talab qiladi. Jurnal sahifasida bitta yaxshi hikoya yoki ertakni chop etish uchun oʻnlab qoʻlyozmalarni koʻzdan kechirishga toʻgʻri keladi. “Nishona”ga 10-12 ta sheʼrni saralab olish uchun yuzlab sheʼriy mashqlar oʻqib chiqiladi. Tahririyatga kelayotgan maktublar, joylardagi uchrashuvlar, ijodkor oʻquvchilarni qabul qilish, ularga yoʻl-yoʻriq koʻrsatish – bularning barchasi vaqt va mehnat evaziga amalga oshiriladigan jarayonlar. Shuni mamnuniyat bilan aytishim mumkinki, bu ishlarni jurnal jamoasi sidqidildan, fidoyilik bilan bajaradi. Sababi, ijodkor jamoamizning barcha aʼzolari oʻz kasbini sevib, oʻz masʼuliyatini his qiladigan insonlardir.
Yodingizda boʻlsa, jurnalning 11-sonida yurtimizning bir qancha viloyatlarida “Matbuot kunlari”ni oʻtkazib kelganimiz haqida yozgan edim. Safarimizning keyingi manzili Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida boʻlib oʻtdi. Samarqandda oʻtgan tadbir ancha qizgʻin va munozaralarga boy boʻldi. Qoʻshrabot tumanidagi 21-maktab oʻqituvchisi Omon aka Hayitov barcha ishtirokchilarni oʻzi ishlaydigan maktabga taklif qilib:
– Men viloyat markaziga 85 kilometr uzoqdan yetib keldim. Bosh muharrirlar kelayotganini eshitib boshim osmonga yetdi. Agar maktabimizga borsangiz, oʻquvchilarimiz rosa xursand boʻlishardi, – dedi samimiyat bilan. Biz Omon akaga bahor mavsumida 21-maktabga, albatta, borishimizni aytdik. Shu tumandagi 42-maktabda esa “Dilmunchoq” nomli yosh qalamkashlar toʻgaragi ishlab turgani haqida toʻgarak rahbari Mirzohid Musoqulov bizga maʼlum qildi. Men Mirzohid akadan toʻgarakdagi bolalarning ijodiy mashqlarini “Gulxan”ga yetkazishlarini iltimos qildim.
Jizzax viloyatidagi uchrashuv Sh. Rashidov nomli 10-maktabda boʻlib oʻtdi. Unda soʻzga chiqqan xususiy matbuot tarqatuvchi MCHJning rahbari Rustam Ashurmatovning gaplari diqqatimni tortdi.
– Viloyatimizda 542 ta maktab bor. 2019–yili “Gulxan” jurnaliga bor-yoʻgʻi 80 ta oʻquvchi obuna boʻldi. Bu juda achinarli holat. Hech qursa, har bir maktabga bir donadan “Gulxan” kirib borganda ham bolalarimiz shunday yaxshi jurnalni oʻqigan boʻlishardi, – dedi u.
Muhimi, Jizzax viloyatiga Rustam aka obuna qilgan har bir nashr egasiga oʻz vaqtida yetib boradi. Chunki Rustam aka juda aniq va halol ishlaydigan tadbirkor.
Shuningdek, bu yigʻilishda 14-maktab oʻqituvchisi Dilbar Aliyeva, avvalo, oʻziga zarur deb bilgan gazeta va jurnallarga obuna boʻlishini, qolaversa, oʻquvchilarini ham eng yaxshi nashrlarga obuna qilishini aytdi. Biz juda xursand boʻldik. Sababi, Dilbar opaga oʻxshagan tashabbuskor oʻqituvchilar koʻpaysa, jurnalxon va gazetxon bolalarning ham safi ortadi.
Guliston shahridagi Maʼnaviyat va maʼrifat markazida tashkillashtirilgan “Matbuot kunlari” ham qiziqarli savol-javoblarga boy boʻldi. Afsuski, viloyatdagi 310 ta maktabdan 100 ga yaqin vakil qatnashdi, xolos. Oʻylaymanki, bu uchrashuvdan keyin Sirdaryo viloyatida ham “Gulxan” muxlislarining soni ortadi.
Toshkent viloyatidagi tadbirlar esa Toshkent tumanidagi 26-hamda Piskent tumanidagi 4-maktablarda oʻtkazildi. Albatta, bunday ijodiy uchrashuvlar, qiziqarli muloqotlar oʻtaveradi. Lekin, eng muhimi, bu uchrashuvlardan kim oʻziga nima oldi, kimning maʼnaviy olamida qanday oʻzgarish boʻldi, gazeta va jurnallarga nisbatan munosabati oʻzgardi, fikr-mulohazasi tiniqlashdi? Buni endi kirib kelayotgan Yangi yilning yanvar oyida – gʻalvir suvdan koʻtarilganda, “Gulxan”ning adadiga qarab bilib olamiz.