Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ilm istagan koʻngil

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, Xalq taʼlimi aʼlochisi, “Shuhrat” medali sohibasi, shoira Umida ABDUAZIMOVAni hammangiz yaxshi taniysiz. Umida opa uzoq yillar “Tong yulduzi” gazetasi va “Gʻuncha” jurnaliga bosh muharrirlik qilgan. Ajoyib ijodkor “Bir bola”, “Akamning kitobi”, “Bogʻlarda bahor”, “Burch”, “Aql qaymogʻi”, “Qimmatbaho tosh”, “Oyqiz haqida ertaklar”, “Mehmon-mehmon oʻynadik”, “Sevinchim”, “Salom, hayot”, “Qadimiy qoʻshiq”, “Oydin orzular”, “Umrim ziynati”, “Oymoma bogʻ” nomli oʻttizdan ortiq sheʼriy va publitsistik toʻplamlar muallifi.

 

Umidlar roʻyobi

Men 1953-yil 1-iyunda Toshkent shahar Yunusobod tumani “Bobodehqon” mahallasida tugʻilganman. Oilada ikki oʻgʻil, olti qizmiz. Otam – Murod Abduazimov 16 yoshida koʻngillilar safida II jahon urushiga borgan. Ming shukr, jangohlardan omon qaytgan. Aqlimni taniy boshlaganimdan keyin otamning sogʻligʻi tez-tez bezovta qilishini, uni tinimsiz ogʻriqlar qiynashini tushuna boshlaganman. Keyin bilsam otam urushdan oʻz tanasida oskolka parchasini “olib” qaytgan ekan. Shifokorlar oskolkaning koʻp boʻlaklarini tanadan terib olishgan, ammo qoʻrgʻoshinning 11 boʻlagi tananing chuqur qismida joylashgani sababli olishning imkoni boʻlmagan ekan. Shu qoʻrgʻoshin parchalari otamni ogʻriqlar bilan yashashga majbur qilardi. Oʻsha paytda otamning ahvolini koʻrgan shifokorlardan biri: “Afsus, ming afsus, sen endi farzandli boʻla olmaysan”, deb aytgan ekan. Shuning uchun otam buvimning gaplariga quloq solmay, urushdan qaytganiga yetti yil oʻtsa-da, uylanishga rozi boʻlmagan ekan. Har gal shu mavzuda soʻz ochilsa, otam boshini egib: “Ahvolimni bilib turib, bir insonni baxtsiz qilamanmi?!” der ekan. Lekin bir kuni onamga koʻzlari tushibdi-yu, uylanishga rozi boʻlgan ekanlar. Oradan bir yil oʻtib men tugʻilganman. Ana oʻshanda otamning baxtdan koʻzlari yoshga toʻlgan, “Yillab soʻngan umidlarimning roʻyobi boʻlgan farzandim”, deya ismimni Umida qoʻygan ekanlar.

Onam – Mahbuba Alishoyeva turmushga chiqqan paytlari oliy oʻquv yurtining talabasi boʻlgan ekanlar. Ammo uy-roʻzgʻor, farzandlar uchun oʻqishni tamomlay olmaganlar. Onam bizga: “Siz farzandlarimning qiynalmay unib-oʻsishingiz uchun oʻzimning orzu-umidlarimdan voz kechganman. Shuning uchun hammangiz oliy maʼlumotli boʻlishingiz, oʻqib-oʻrganib, jamiyatda oʻz oʻrningizni topishingiz zarur”, deb uqtirar edilar.

Dadam roʻzgʻor uchun koʻp-koʻp yogʻ olib kelardilar. Onam ularni hidsizlantirish uchun katta qozonda dogʻlar, soʻng idishlarga solib qoʻyardilar. Qish kunlarining birida onam tayyorlab qoʻygan qozonning tagini yoqish uchun bir choʻpni oldim-da, uni kerosinga botirib, olov yoqdim. Soʻng shoʻxligim tutib olovning tagini kovlayverdim. Kerosinning kuchi bilan olov baland koʻtarilib, yogʻ ham yonib ketdi. Nima qilishni bilmay koʻcha tomon yugurdim. Koʻchadan oʻtayotgan qoʻshni amakini yordamga chaqirgan edim, u kishi hovlimizga kirib nima qilishni bilmay biroz kalovlanib turdi-da, qozonni ikki qulogʻidan ushlab qorga otib yubordi... Ruxsatsiz olov yoqqanimdan jahli chiqqan onam meni rosa quvlagan. Men har doim jazodan qutilish uchun behi daraxtining ustiga chiqib olardim. Bu safar ham onamning jahli bosilgunicha sovuq yesam-da, daraxt tepasida oʻtiraverdim...

 

Shartli besh baho

Maktabda deyarli hamma fandan aʼlo bahoga oʻqir edim. Faqat kimyo va biologiya fanlaridan mavzuni yodlab, baho olardim. Negadir shu fanlarni tushunishga qiynalardim.

5-sinfdan sheʼrlar yozib, gazeta va jurnallarga yuborganman. Tahririyatdan kamchiliklarim tushuntirilgan maktublar kelsa, ularni sinchiklab oʻqib chiqib, sheʼrlarimni qayta tuzatib yana yuborar edim. Shunday qilib gazeta va jurnallarda sheʼrlarim tez-tez chop etiladigan boʻldi. Maktabimizda har hafta devoriy gazeta tayyorlanib, yoʻlakka ilib qoʻyilardi. Unda, albatta, mening sheʼrim ham boʻlar edi.

Mahallamiz maʼnaviyat rahbari boʻlgan Nabi aka Saidov oʻsha paytda chop etiladigan gazeta, jurnallarning har bir sahifasini qoldirmay oʻqib chiqardi. Har gal mening sheʼrim va suratim chiqqan nashrni koʻrib qolsa, darrov olib kelib, meni va onamni tabriklab, bundan keyin yanada koʻproq yozishim kerakligini tayinlar edi. Yuqori sinflarda oʻqiyotganimda “Qizlar davrasi” koʻrsatuvida ham ishtirok eta boshladim. Har safar ekranga chiqqanimda, qoʻni-qoʻshnilarimiz uyimizga kelib tabriklashar, oʻsha kuni xuddi tugʻilgan kunimdek bayram boʻlar edi.

10-sinf oxirida belgilangan fanlardan davlat imtihonlarini topshirdik. Adabiyot fanidan erkin mavzuda insho yozdik. Men “Vatan tarixi” nomli sheʼriy insho yozdim. Shunchalar zavq va shavq bilan yozibmanki, inshoim naq 8 varaq boʻlibdi. Uning qoralamasini hanuzgacha saqlab qoʻyganman.

Maktabni tamomlash arafasida oltin medal olishi kerak boʻlgan oʻquvchilarni baholariga qarab saralash boshlandi. Men kimyo va biologiya fanlari sabab bunday baxtni xayolimga ham keltirmas edim. Oʻqituvchim Rixsixon Gʻiyosova sinfdoshlarim oldida: “Sening biliming, aslida, toʻrtga munosib. Lekin odobing, har doim sarishta, ozoda yurishing, tinmay izlanib, oʻqishing va harakatchanliging uchun yillik bahoingga besh qoʻyaman”, dedilar. Shu oʻqituvchim sabab oltin medal olishga musharraf boʻldim. Buni qarangki, yillar oʻtib kimyo va biologiya fani oʻqituvchisiga turmushga chiqdim.

Maktabni tamomlaganimdan soʻng Toshkent tibbiyot institutiga hujjat topshirish uchun tayyorgarlik koʻra boshladim. Ammo ustoz Poʻlat Moʻmin: “Qancha ijod namunalaring matbuot yuzini koʻrdi. Qancha ustoz shoirlar senga oq yoʻl berishdi. Sen hujjatlaringni jurnalistika fakultetiga topshirgin”, deb maslahat berdilar. Shundan soʻng hozirgi Oʻzbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetiga hujjat topshirdim. Oʻsha paytlarda maktabdan berilgan oltin medal imtiyozi oliy oʻquv yurtiga imtihonsiz qabul qilish imkonini berardi. Ammo jurnalistika fakultetiga qabul qilinayotgan talaba, albatta, ustoz jurnalistlarning suhbatidan oʻtishi lozim edi. Men hayajon bilan suhbat oʻtkazilayotgan xonaga kirdim. Taniqli olimlar – Ozod Sharafiddinov, Abdugʻafur Rasulov, Begali Qosimov, Muxtor Xudoyqulov, Hasanxoʻja Muhammadxoʻjayevlar hayʼat aʼzolari ekan. Ular qoʻlimdagi katta daftarga joylangan ijodiy ishlarimni birma-bir tekshirib koʻrishgach, mendan Bobur lirikasi haqida soʻrashdi. Shu paytda maktabdagi adabiyot oʻqituvchimning talabchanligidan minnatdor boʻlganman. Sababi u kishining oʻta qattiqqoʻlliklari sabab sinfimiz bilan Boburning bir nechta gʻazalini yod olgan edik. Men Bobur gʻazallarini yoddan aytib, tahlil qilib berdim. Soʻzim yakunida esa shoirning mashhur:

– Kim yor anga ilm tolibi ilm kerak... – deb boshlangan ruboiysini aytdim-da, – bobomiz Bobur mazkur ruboiylarida ilm olaman deb intilganlarni aslo qaytarmanglar, deb aytganlar. Men ham bu dargohga ilm olaman deb kelganman. Meni ham qaytarmang, – dedim. Ustozlar baravariga kulib yuborishdi va “Oʻqishga qabul qilindingiz”, deyishdi...

 

Otamning ogʻriqlari

Otam juda baquvvat, vazmin kishi boʻlib, koʻpincha oʻyga choʻmib, gʻamgin boʻlib oʻtirganlariga koʻzim tushardi. Lekin buning sababini hech bila olmasdim. Oradan yillar oʻtib bir kuni otam bilan Xotira maydoniga bordik! U yerda ilingan qalin temir kitoblarni varaqlab, toʻxtab qolgan otam yigʻi aralash: “Mana haqiqat bor ekan-ku! Abduazimov Ergash – 1921–1943! Bu – mening akam. U oʻz yurtini himoya qilish uchun mardlarcha halok boʻlgan. Oilamizning shuncha yillik iztiroblariga, yuragimdagi ogʻriqlarimga shu kitob munosib javob qaytardi”, dedilar. Keyin bilsam urush vaqtida ikki amakim ham birinchilardan boʻlib jangga ketgan. Biri oyogʻidan ogʻir jarohat olib qaytgan boʻlsa, ikkinchi amakimdan faqat “Bedarak yoʻqoldi” degan xabar yetib kelgan ekan. Amakim haqida mahalladagilar Hamro buvimga: “Oʻgʻlingiz dushman tomonga sotilib ketgan boʻlsa kerak”, deb aytishgan ekan. Tarbiya bergan farzandining xiyonat qilmasligiga ishonsa-da, atrofdagilarning gap-soʻzi buvimning dilini ogʻritgan, amakimni koʻp eslab, tinmay yigʻlagan ekan...

Dadam oʻta mehribon boʻlganliklari bilan birga anchagina qattiqqoʻl ham edilar. Bir kuni oilamiz haqida insho yozganimda dadamni haydovchi deb emas, ekspeditor deb yozdim. Buni aytganimda dadam menga: “Toʻgʻri, men ekspeditor vazifasini ham bajaraman. Lekin asosiy ishim haydovchilik-ku! Qizim, dadangni haydovchi ekanligidan uyaldingmi? Shuni doimo yodingda tutgin. Hayotda hamisha toʻgʻrisoʻz boʻlishga harakat qilgin”, dedilar. Shu-shu har qanday vaziyat, har qanday holat boʻlmasin, toʻgʻri soʻzladim. Hayotim davomida toʻgʻrisoʻzligim oʻzimga juda koʻp pand bergan vaqtlar ham boʻldi.

Bolaligimni eslasam koʻpincha urush jabrini tortgan 90 yoshli qoʻshnimiz Zulayho buvi yodimga tushadilar. Men imkoni boricha ularning uylariga chiqib, roʻzgʻor ishlarida koʻmaklashib, hammayoqni saranjomlab, tozalab berardim. Betob boʻlib qolsalar, yetaklab hovlini aylantirardim. Onam har gal tansiqroq taom tayyorlasalar, albatta, Zulayho buviga ham ilinardilar. U kishi meni doimo “Katta direktor”, boʻlgin deb duo qilardilar. Shu duolarning ijobati boʻlsa kerak, eng ulugʻ boʻlgan bolalar nashrlarining bir nechtasida bosh muharrir lavozimida ishladim. Keksalarimiz bejizga: “Oltin olma, duo ol”, deyishmas ekan. Koʻngillarga ezgulik ulashishda, qalblarga yorugʻlik taratishda, keksa va koʻngli yarimlarning duosini olishda hikmat koʻp ekan...

 

Suhbatdosh Nilufar JABBOROVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.