Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Iqtidorsiz bola boʻlmaydi

Chiqish qoʻngʻirogʻi chalinganda Hasan sinf jurnalini yigʻishtirayotgan ustozining oldiga keldi-da, astagina pichirladi:

– Dildora opa, “Oʻqish”dan bergan vazifangizni tayyorlab keldim. Iltimos, hozir soʻrang.

– Tayyorlangan boʻlsang, darsda soʻray qolay. Hozir tanaffus, dars boshlanishi bilan birinchi boʻlib sendan soʻrayman.

– Ustoz, oyim ham iltimos qildilar. Akam koʻpchilikning oldida uyaladi, gapi esidan chiqib ketadi, – dedi ularning suhbatiga quloq solib turgan Zuhra.

– Tushunarli, lekin seni darsga yaxshi tayyorgarlik koʻrib kelganingni, shuning uchun yaxshi baho olganingni sinfdoshlaring koʻrishi kerak-ku! – Hasan indamay yerga qaradi.

– Ha mayli, unda oʻzingga yoqqan, tanaffusda oʻynaydigan oʻrtoqlaringni ayt-chi, – Hasanga sinovchan tikildi Dildora opa.

– Hojiakbar bilan Iroda.

– Yaxshi, Zuhra bor, ularni chaqirib kel. – Zuhra tashqariga yugurdi... Aytilgan oʻquvchilar kelishgach, Hasan doska yoniga bordi. Koʻzlarini chirt yumib, Tolib Yoʻldoshning “Mohir qoʻllar qoʻshigʻi” sheʼrini toʻxtamasdan aytdi. Keyin koʻzini ochdi-da, “boʻldi”, degandek chuqur nafas oldi. Oʻrtoqlari chapak chalib yuborishdi.

– Ayting-chi bolalar, Hasan sheʼrni qanday yodladi.

– Zoʻr, juda yaxshi yodladi, – deyishdi sinfdoshlari.

– Ana, koʻrdingmi, koʻpchilikning oldida sheʼr aytishning hech qanday qoʻrqinchli joyi yoʻq ekan. Qara, doʻstlaring qanday xursand boʻlishdi. Shunday chiroyli javob bersang hech qaysi sinfdoshing ustingdan kulmaydi, aksincha, sevinishadi. Men senga bir shart bilan “besh” baho qoʻyaman. Keyingi safar koʻzingni yummasdan, barcha sinfdoshlaring oldida javob berasan, kelishdikmi?

Hasan choʻchibgina bosh irgʻitdi. Bu voqea Dildora opaga koʻpdan buyon oʻzini qiynab yurgan muammoni yechib berdi. Demak, sinfning oʻzlashtirish koʻrsatkichini yaxshilash uchun bolalarning ahilligini kuchaytirish, ulardagi tortinchoqlikka barham berish kerak. U ustozi bilan maslahatlashib buning yoʻlini topdi. Sinfda tez-tez turli mavzularga bagʻishlab tadbirlar, adabiy kechalar oʻtkazishni rejalashtirdi. Ota-onalar bilan maslahatlashib, har bir bolaning qobiliyatiga, qiziqishiga qarab rollar berdi. Natija chakki boʻlmadi. Bolalar bir-birlarini tez tushunadigan, qoʻllab-quvvatlaydigan boʻlishdi. Oʻzi ham oʻquvchilar qalbiga osongina yoʻl topadigan boʻldi. Endi sinfda aʼlochi, tashkilotchi qiz Irodaning safdoshlari koʻpaydi. Bolalarning badiiy asarlarga qiziqishi kuchaydi. Oʻqishga uncha xushi yoʻq bolalar ham oʻzlari ishtirok etayotgan sahna asaridagi qahramon soʻzlarini juda tez yodlab olishardi. Yana obrazga shunday kirishib ketishadiki, sahnada rol oʻynayotganlari ham eslaridan chiqib ketardi.

– Bu jarayon ustozim Maʼmura opa Yaylovovaning “Isteʼdodsiz bola boʻlmaydi. Oʻquvchisini sevgan, unga mehr bera olgan oʻqituvchigina bu isteʼdodni yuzaga chiqaradi”, degan fikrlarini tasdiqladi. Shu kunlarda Yangi yil bayrami dasturini tayyorlayapmiz. Ssenariyni oʻzim yozdim. Shum bola roli anchagina toʻpolonchi oʻquvchim Nodirjon Muhammad Valiyev, Shumtaka rolini ogʻir-vazmin bolakay Hasan Hakimjonov, Mittivoy obrazini sinfning chaqqon oʻquvchisi Hojiakbar Ravshanovlar men kutganimdan ham yaxshiroq ijro etishyapti. Eng muhimi, ularning nutqlari ham sezilarli darajada ravonlashdi. Ikkinchi chorakni barcha oʻquvchilarim yaxshi natijalar bilan yakunlayotganini birgalikdagi harakatlarimiz samarasi deb bilaman. “Boshlangʻich sinflar fan oyligi”da ham koʻrsatkichimiz ancha yuqori boʻldi. Iroda Musayeva maktablararo oʻtkazilgan yosh rassomlar tanlovida birinchilikni qoʻlga kiritdi. Dilafroʻz Nuriddinova, Mubina Umarova, Omina Rahimovalar “Yosh kitobxon” tanlovida muvaffaqiyatli qatnashishdi. Albatta, bu yutuqlarga erishishimizda ota-onalarning yordami katta boʻldi. Maktab – oila hamkorligi yaxshi yoʻlga qoʻyilsa, oʻqituvchiga ham bolalar bilan ishlash oson boʻladi-da, – deydi Uchtepa tumanidagi 106-maktabning 3-”V” sinf rahbari, “Yilning eng faol oʻqituvchisi” tanlovi shahar bosqichi sovrindori Dildora Husanxoʻjayeva.

Jonkuyar ustoz Dildora Husanxoʻjayeva mana 24 yildirki shu maktabda mehnat qiladi. Bu davr ichida 6 ta guruhni, sal kam 200 ta oʻquvchini yuqori sinfga kuzatdi. “Har bola – bir olam. Bir-biriga aslo oʻxshamaydi. Ishimni balki shuning uchun ham yaxshi koʻrarman. Chunki oʻquvchim koʻz oʻngimda nafaqat jismoniy jihatdan, balki bilimi, maʼnaviyati bilan ham oʻsib, ulgʻayib boradi. Men yurtimiz kelajagi boʻlgan bolalarni tarbiyalayotganimdan faxrlanaman, – deydi ustoz gʻurur bilan.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.