Hunardan ungan zafarlar
O‘tgan yili andijonlik hunarmand qiz Havasoy haqida maqola yozgandim. Uning Chamandagul, Iroqi do‘ppilariga havasim oshib, bichimlaridan andoza ham olgandim. Kuni kecha Havasoyning buvisi Hajalxon aya tahririyatga qo‘ng‘iroq qilib, do‘ppido‘z qiz bir necha yangi ishlarini yig‘ib, Toshkentga – Yosh hunarmandlar Respublika tanloviga yo‘l olganini aytib qoldi. Xursand bo‘lib ketdim. Bahonada Havasoyning boshqa hunarmand do‘stlari bilan ham tanishib olaman-da.
Yoshlar ijod saroyining ko‘rgazmalar zali bayramona tus olgan. Yorug‘ va keng ayvonning bir yonini gilamdo‘zlar, do‘ppido‘zlar, qo‘g‘irchoq ustalari egallagan bo‘lishsa, ayvonning ikkinchi bo‘lmasidan haykaltaroshlar, kulollar, yog‘och o‘ymakorligining havaskor ustalari, yosh dizaynerlar joy olishgan.
Zalga kiraverishda yigirilgan kalavadan turkman naqshli gilam to‘qiyotgan qiz diqqatimni tortdi. Ayjiren Auleko‘liyeva Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanidagi 19-maktabning 9-sinfida o‘qirkan. Turkman o‘tovlarini bezatishda foydalaniladigan popukli, naqshinkor, g‘ajari gilamlarni ko‘rmagansiz, ehtimol. Qo‘y, tuya yungidan to‘qiladigan bunday noyob gilamlarni to‘qishni Ayjiren Bayramgul buvisidan o‘rgangan. Hozir uning gilamlari soni 12 taga yetdi.
Gilamdo‘zlikning Gobelen yo‘nalishi haqida ko‘pchilik bilmasa kerak. XIII asrda aka-uka Jil va Reyms Gobelenlar asos solgan gilamlar qanday qilib Xorazmshoh hududida urfga kirdi ekan?! Buyuk Ipak yo‘li orqali O‘rta Osiyoga kirib kelgan san’at namunalari dastlab faqat xon saroyidagina qo‘llanilgan. Oddiy xalq orasida to‘qish va ishlatish taqiqlangan.
Xorazmlik Nilufar esa Gobelen usulida gilamlar to‘qiydi. Uning aytishicha, suratlar shaklini tushirish, qiyalarini chiqarish gilamdo‘zlikning boshqa turlariga qaraganda ancha murakkab. Bunda asosiy e’tibor tasvir va ranglarning aniqligiga qaratiladi.
Nilufar Madrimova Xorazm viloyati Xonqa tumani 18-maktabning 9-sinfida o‘qiydi. U tanlovda xuddi kashtani eslatuvchi “Ona tabiat”, “Suv bo‘yidagi malak”, natyurmort “Anor” kabi namunalari bilan qatnashyapti. Gilamdo‘zlarning ishlarini suratga olib, milliy qo‘g‘irchoqlar va yumshoq o‘yinchoqlar yasaydigan yosh hunarmandlar bo‘limiga o‘tamiz.
Do‘kon rastalarida kalta ko‘ylakli, sariq soch, moviy ko‘z qo‘g‘irchoqlar o‘rnini jamalaksoch milliy qo‘g‘irchoqlarimiz egallashida jizzaxlik Sevinch Abulxayirovaning ham hissasi bor. U to‘rt yildan buyon darsdan bo‘sh vaqtlarida qo‘g‘irchoqlar yasash bilan band. Eng qizig‘i, qo‘g‘irchoqning bosh qismi oddiy loydan yasalarkan. Loyga suvda ezilgan qog‘oz, doka, yelim va lak bo‘yog‘ida ishlov berilib, Zumrad, Qimmat, Sehrgar kampir, Yalmog‘iz, No‘xat Polvonlar yaratilarkan. Sevinch do‘stlariga tug‘ilgan kunlarida nima sovg‘a qilishini hamma yaxshi biladi. U yasagan oqko‘ngil Olmaxon, Xonqizi, Tipratikanlar do‘stlarining javonlarini bezatib turibdi. Sevinch Abulxayirova Jizzax viloyati Zafarobod tumanidagi 10-maktabning 9-sinfida tahsil olmoqda.
Qo‘lda to‘qilgan globusni hech ko‘rganmisiz? O‘tloq maydonchani-chi? O‘zida to‘rt faslni ifodalagan bo‘yingizday keladigan Ezgulik daraxtini ham uchratmagansiz. Badiiy to‘qish yo‘nalishi ishtirokchilari samarqandlik Dilnoza Obilova bilan urganchlik Lobar O‘ktamboyevalar o‘z mahoratlarini shunday ifodalashibdi. Qarasam, tanlovda faqat qizlarni maqtashga tushib ketibman. – Opa, bizning ham ishlarimizni bir ko‘ring, – deb qoldi qo‘lida islimiy naqsh solingan lagan ko‘tarib olgan bola duradgorlar va yog‘och o‘ymakorligi havaskorlari joylashgan bo‘limda. Yosh usta Rustam Davronov ustozi Muhammadjon Haydarov bilan birgalikda yasagan lavh, qalamdon, suvenirlar Janubiy Koreya, Fransiya, Xitoy, Ispaniya kabi davlatlarga eksport qilinarkan.
– Oyimning oshxona anjomlari: taxtakach, ziravor, qoshiq, pichoq solinadigan qutichalar, idish-tovoq javonini o‘zim yasaganman. Eng katta ishim – mehmonxonamizga naqshinkor stol-stul yasadim, uyimizdagi barcha javon va tokchalarni suvenirlar bilan bezatdim, – deydi Rustam. U hozir Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi 18-maktabning 9-sinfida o‘qiyapti.
Navbat do‘ppido‘zlar qatoriga keldi. Rang-barang so‘zana-yu kashtalarni ko‘z-ko‘z qilayotgan qizlar orasida Havasoyni uchratdim. U Shahrixondan olib kelgan kamzul, oyoq kiyimi, ziraklar, soch to‘g‘nog‘ichi va albatta do‘ppilarini hay’at a’zolariga namoyish qilardi. Havasoyning yonida turgan qiz qo‘lida marjondan yasalgan anor tutib turardi. Qoyil, bunaqasini hech ko‘rmagandim. G‘arq pishganidan yorilib, donalari mo‘ralab turgan anor, tokchada yoyilgan barglar ustida uxlayotgan ipakqurti, mevali savatcha va botqoqdagi nilufar kompozitsiyalari Farg‘ona viloyati, Qo‘qon shahridagi 18-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Muslima Xurshidbekovaning Munchoqli bezak yo‘nalishida tayyorlagan ishlari edi. Ularning barchasi yorqin rangli munchoqlardan ishlangan bo‘lgani uchun ham ko‘zni quvnatadi.
Toshkentlik dizayner qiz Nargiza Shavkatovaning beqasam va atlas matolardan yozgi etiklar yaratish haqidagi g‘oyasi hakamlarga ma’qul keldi. Anor va bodom nusxalaridan foydalanib tikilgan milliy liboslar tumor shaklidagi sumkalar bilan to‘ldirilgan.
Namanganlik Diyorbek Ko‘paysinov esa yosh kulollardan. U Xurmacha yasamagan bo‘lsa-da, o‘sha mashhur filmdagi ertaknamo shaharchani yaratgan. Uning milliy chayla, Tuya, Novvoy, Baxtli bolalik kompozitsiyalari ustoz-shogird an’analari hosilasidir. Diyorbek Chortoq tumanidagi 40-maktabning 7-sinfida o‘qimoqda. Usta kulol Rustamjon Abdurahmonov shogirdi bilan yuksak marralarni ko‘zlagan.
Ko‘rgazma kechgacha davom etdi. Ammo undan olgan yorug‘ taassurotlarimiz qalbimizda uzoq saqlanadi.
Demak, bugungi bolalarning bekor sarflaydigan bo‘sh vaqti yo‘q. Ona Vatanning ulardan ko‘ngli to‘q.
Umida SADATOVA