Ijod nima?
Ijod – inson madaniy faoliyatining jarayoni bo‘lib, uning natijasida madaniy va ma’naviy boyliklar yaratiladi. Ijod – sifat jihatidan yangi moddiy va ma’naviy boyliklar yaratuvchi faoliyat jarayoni yoki obyektiv kashfiyotdir.
Endi ijod ishlab chiqarishdan nima bilan farqlanishi haqida o‘ylab ko‘raylik. Ijodkorning asosiy belgilaridan biri uning hayotidagi boshqa insonlar uchun yashirin bo‘lgan jihatlarni ko‘rishdir. Axir, yangi narsani yaratish uchun bu yangiliklarni tasavvur qilish, ya’ni o‘z xayollaridan o‘tkazish zarur. Kimdir ariq shildirashini tinglab, unda musiqiy asarning bir parchasini eshitganday bo‘ladi. Yorug‘ ko‘cha derazasidan xonaga, daraxt barglaridan tushgan soyaga kimdir e’tibor bermas, boshqa birov unda odam va turli jonivorlar qiyofasini ko‘rishi mumkin.
Xayol surish va unda tasavvurlar yaratish ijod turlarining barcha ko‘rinishlariga mos. Chunki biron bir asarni avval xayolda yaratmay turib, dunyoga keltirib bo‘lmaydi.
Pyotr Engelmeyer kashfiyotchi yoki ijodkorning ishi uchta qismdan iboratligini qayd qiladi: xohish, bilim, mahorat.
Xohish va intuitsiya, reja (mo‘ljal)ning paydo bo‘lishi. Ushbu bosqich g‘oyaning hissiy, go‘yo chaqmoqday yarq etishi bilan boshlanib, kashfiyot yo ijodning aniqlashtirilishi bilan yakunlanadi.
Kashfiyot va ijodning taxminiy tamoyili paydo bo‘ladi. Ilmiy ijodda bu bosqichga gipoteza (taxmin), badiiy ijodda g‘oya to‘g‘ri keladi.
Mana ijodning ayrim ko‘rinishlari:
– Badiiy ijod – insonning ichki kechinmalarini ko‘z oldida namoyon qiladi;
– Amaliy ijod – dekorativ san’at atrof-olamni o‘zgartiradi;
– Musiqiy ijod – ritmni his qilishni va turli go‘zal tovushlarni qaytarib, aks ettirish va h.k.
Karl Yung esa ijodning o‘yin bilan yaqinligi mavjudligiga e’tibor qaratadi.
Yangilik yaratish aql-idrok ishi bo‘lmay, ichki majburiyat asosida harakatlantiruvchi o‘yinqaroqlikdir. Ijodiy ruh o‘zi yoqtirgan obyektlar bilan o‘ynashni yoqtiradi.
Donald Vinnikott esa bu fikrni yanada aniqlashtiradi. “O‘yinda va faqat o‘yin jarayonida kattalar ham, bolalar ham ijod erkinligiga egalar”, – deydi. Uning fikricha, o‘yin insonga ijodkorlik (kreativlik) imkoniyatini beruvchi mexanizmdir. Ha, aynan inson ijodiy faoliyati orqali o‘zligini, shaxsiyatini topishga intiladi. Ijod insonning sog‘lomlik holatini belgilaydi.
Adolf Noymann fikricha, ijodiy jarayon xuddi tabiatdagi kabi anglanmagan holat bilan boshqariladi. U shakllarni atom va kristaldan organik hayot va sayyoralar tuzilishigacha insonga go‘zallik bilan ta’sir qiluvchi sifatida o‘z-o‘zidan paydo qiladi.
Ijod insonning ajralmas qismi. Kimdir ijodkorlikni hayotining asosi deb bilsa, boshqasi undan vaqti-vaqti bilan foydalanadi.
Kavsar TURDIYEVA