Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ilk muallimlarim haqida

Maqsud Shayxzodaning urush yillari chop etilgan ilk sheʼriy toʻplami men uchun juda ardoqli edi. Uni menga maktabimizning ilmiy mudiri, adabiyot oʻqituvchimiz, sinf rahbarimiz Qudrat aka Ahmedov oʻz dastxati bilan sovgʻa qilgan edi. Dastxatda “Aʼlochi oʻquvchi Ozod Sharafiddinovga esdalik uchun” deb yozilgan soʻzlar bor edi. Albatta, bugungi kunda oʻqituvchining oʻz oʻquvchisiga kitob sovgʻa qilgani juda joʻn va juda oddiy bir hodisa boʻlib koʻrinishi mumkin. Baʼzi odamlar: “Kitob sovgʻa qilgan boʻlsa qilibdi-da, buning nimasini yozadi?” deb burun jiyirishlari mumkin. Lekin bunaqa xulosa chiqarishga shoshilmang, aziz oʻquvchim. Gap, albatta, kichkinagina sheʼriy toʻplamning shunchaki sovgʻa qilinganida emas. Gap shundaki, Qudrat Ahmedov bizga – murabbiylik qiladigan oʻquvchilariga faqatgina ustoz emas, bamisoli tugʻishgan ota, balki undan ham yaqinroq bir inson edi. U sinfdagi har bir bolani juda yaxshi bilar, har bir oʻquvchining uyiga necha martalab borar, ularning ota-onalarigina emas, hatto buvilari va bobolari bilan ham erinmay gaplashib oʻtirar, farzandining maktabdagi ahvolidan, qaysidir kuni darsga kelmaganidan, xulqi buzila boshlaganidan, betga chopar boʻlib qolganidan, darslarni tuzukroq tayyorlamay qoʻyganidan, birga oʻtiradigan oʻrtogʻining qalamini oʻgʻirlab qoʻyganidan gurunglashardi. Xullas, sinfdagi bolalarning feʼl-atvorigina emas, butun hayoti, nimalar bilan nafas olayotgani, choʻntagida qancha puli boridan tortib, shoʻxliklari qanaqa yoʻnalish ola boshlaganigacha hamma-hammasi unga maʼlum edi. Bolaning uyidami yoki maktabdami oʻquvchi toʻgʻrisida uning ota-onalari bilan gaplashar ekan, bu gurung hech qachon chaqimchilik tusini olmas edi. Qudrat aka bunday suhbatlarda bolaning shaxsiyatiga tegadigan yoxud uni kamsitadigan biron ogʻir gap aytmas, ularga tarbiya bobida berilgan maslahatlari ham malol kelmaydigan, lekin qilmasa boʻlmaydigan maslahatlar boʻlardi. Ayni chogʻda u juda talabchan edi, kechikib qolishga, dars tayyorlamaslikka yoʻl qoʻymasdi. Biror bolaning dars qoldirishi yoxud darsga tayyorlanmay kelishiga favqulodda voqea sifatida qaralar va Qudrat aka bu ishning tagiga yetib, ahvolni tuzatmaguncha qoʻymas edi. Lekin bola xalqi, ayniqsa, oʻsmir chogʻida oʻtish davrini boshidan kechirishda juda shum boʻladi. Maktabimiz Oxunguzarda bir qavatlik zamonaviy binoda joylashgan edi. Shundoqqina biqinimizda Pushkin bogʻi. Bogʻdagi sayrlar va sayllar, asosan, kechqurunlari sodir boʻlsa-da, kunduz kunlari ham u yerda bemalol koʻngil ochsa boʻladigan ot oʻyinlar, futbol maydonchalari, konsert sahnalari boʻlardi. Biz 6 soat oʻqishimiz kerak boʻlsa-da, toʻrt soatdan keyin hammamiz darsdan yalpi qochadigan odat chiqardik, bogʻda butun sinf bilan futbol oʻynardik. Uch-toʻrt kun bu qiligʻimiz jazosiz qoldi – hech kim sezmadimi yoki arqonni uzun tashlashdimi, bilmayman. Ammo, bir kuni har qanaqa xavotirni yigʻishtirib qoʻyib, chunonam oʻyinga berilib ketibmizki, asta qoʻyaverasiz. Birdan kimningdir hayqirib soʻkingani eshitildi. Umrida soʻkinmaydigan Qudrat aka gʻazabdan qizarib-boʻzarib, koʻzlari yonib, rangi oqarib bizni chaparasta soʻkmoqda edi. Shu mahal toʻp uning oldiga kelib qoldi. Sinfimizning iftixori edi – bunaqa toʻp hech sinfda yoʻq edi. Qudrat aka sira kutmagan chapdastlik bilan toʻpni ilib oldi-da, choʻntagidan pakkisini olib, koptokni chavaqlab tashladi. Koptok “pis-s” etdi-yu, ovoz chiqarishga ulgurmay boʻshashdi-qoldi. Biz bilan birga Qudrat akaning jiyani Ahmatilla ham oʻqirdi – oʻsha kuni hammamizdan ortiq u jazolandi – Qudrat aka Ahmatillani bir tarsaki urdi shekilli. Ertasi kuni ertalab sinf majlisi boʻldi – Qudrat aka bizning shumliklarimizni shunday taʼrifladiki, biz chindan ham ich-ichimizdan uyalib ketdik va odam boʻlishga vaʼda berdik. Darsdan qochishlar toʻxtadi.

Lekin biz, baribir, Qudrat akani jon-dilimizdan yaxshi koʻrardik, uni ranjitmaslikka harakat qilardik, hatto unga sirlarimizni ham ishonib aytaverar edik. Biz uchun bu odamni gapini qaytarib boʻlmaydigan ustozga aylantirgan omil – uning oʻz sohasini mukammal biladigan mutaxassis ekanligi edi. Qudrat aka oʻzbek adabiyotini bilardigina emas, uning goʻzalligini yurakdan his qilardi va maʼruzalarida shu hislarini bizga ham yuqtirishga harakat qilardi. Oʻzbek mumtoz adabiyoti 8-sinfda oʻqitilardi – hozir baʼzan 15 yoshli bolalarga mumtoz adabiyotni tushunish qiyinlik qiladi, degan gaplarni eshitib qolaman. Men bunga mutlaqo qoʻshilmayman – hamma gap qanday oʻqitishda.

Menimcha, Qudrat Ahmedovning fazilatlari negizida yotgan narsa shu ediki, u tugʻma pedagog edi, unda bolalarga nisbatan bitmas-tuganmas mehr va muhabbat bor edi. Qudrat aka sinfdagi har bir bolaning taqdiriga oʻz farzandining taqdiriga qaragandek munosabatda boʻlardi. 8-sinfga oʻtganda men Oʻqchidagi pedagogik texnikumga ketdim-u yerda ikki yilda diplom olib, institutga kirish mumkin boʻlarkan. Men bir yil yutmoqchi boʻldim. U yerda oʻqiy boshladim. Bir oy oʻqidim ham. Bir kuni darsdan keyin uyga qaytayotsam, Qudrat aka yoʻlimni poylab turgan ekan. Uyga yetib borguncha bu qilgan ishim chakki ekaniga meni ishontirdi va maktabga qaytishga vaʼda oldi. Men maktabga qaytdim va yetuklik attestatini 14-maktabda oldim.

Keyin esa juda koʻp oʻyladim – men Qudrat akaga kimman? Unga mening qayerda oʻqishimning nima ahamiyati bor edi? Nega u oradan bir oy oʻtgan boʻlsa-da, meni izlab Eski Joʻvadan Oʻqchiga bordi? Bir-ikki soat vaqtini ayamay, meni maktabga qaytishga koʻndirdi? Vaqtlar oʻtdi – men Qudrat akaning bu yaxshiligini sira unutolmayman. Qudrat aka keyin katta olim boʻlib yetishdi, dissertatsiya yoqladi va Pedagogika institutida ishlay boshladi, lekin shunda ham bizning aloqamiz uzilmadi.

 

Ozod Sharafiddinov,

Oʻzbekiston Qahramoni,

adabiyotshunos olim

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.