Tabiat va biz
Yomgʻirlar
Suvsiz hayot yoʻq. Tabiatda suv turli shaklda – yomgʻir, qor, tuman, qirov, shudring kabi koʻrinishlarida uchraydi. Bularning barchasi tabiat uchun zarur. Ammo mening eng yoqtirganim – yomgʻir. Xoh maydalab yogʻayotgan boʻlsin, xoh shovullab; yoʻllar, ariqlarni suvga toʻldirsin yoki u sababli guldiragan momaqaldiroqdan choʻchigan qushlar oʻzini panaga olsin – baribir yomgʻirlar yaxshi. U yer yuzini yashnatuvchi, uygʻotuvchi, tabiat koʻrki. Yarim tunda uygʻonib, shivalab yogʻayotgan yomgʻir tovushiga quloq tuting. Tarnovlardan tushayotgan suvning xonishi, deraza oynasining zirillashi, tunuka tomlarning tomchilar zarbidan taraqlashi ajib bir “musiqa” hosil qiladi. Bu tovushlar sizni allalayotgandek, vujudingiz, ruhingizga orom beradi. Negadir yomgʻirlar paytida maʼyus tortasan, kishi. Bu maʼyuslik xafagarchilikdan emas, tabiatning yomgʻirlar paytidagi musaffoligi, toza havo tufayli inson tanasining yayrashidan hosil boʻlgan quvonch sarxushligidir.
Yomgʻir turlari: yuzlarni siypalovchi mayin yomgʻirlar, bahorning sershovqin jalasi, bilinar-bilinmas tumanli yomgʻir, xazonlarni shitirlatuvchi kuzning xazin yomgʻirlari, ayniqsa, kutilmaganda duvillab yogʻib daraxt, maysalar yuzidagi chang-gʻuborlarni yuvib, atrofga ajib boʻy taratuvchi yoz yomgʻiri! Quyosh charaqlab turib yomgʻir yogʻsa, “tulki bolasi toʻy qilyapti”, qor uchqunlasa, “boʻri bolasini toʻy qilyapti”, – deydi dono xalqimiz. Yomgʻir haqida koʻplab naql, maqol, hikmatlar yaratilgan.
Buloq, jilgʻa, soylar, azim daryolar toʻlib-toshib oqishi yomgʻirlar tufaylidir. Yomgʻir borliqni tozalaydi. Yer yuziga musaffolik baxsh etadi.
Ob-havo darakchilari
Odamlar, xususan, koʻproq vaqtini ochiq havoda oʻtkazuvchi dehqon va chorvadorlar, bogʻbonlar qadim zamonlardayoq tabiatda yuz berayotgan hodisalarni kuzatib, ob-havoning qanday boʻlishini, yomgʻir yogʻishini oldindan bilishga va shunga qarab ish tutishga oʻrganganlar. Ob-havo oʻzgarish alomatlarini yaxshi bilganlarni xalq “hisobdonlar”, deb atagan. Bu tajribalar avloddan avlodga oʻtib, mukammallashib, keyinchalik kuzatishlar natijasida tasdiqlanib borgan. Ertaga yomgʻir yogʻishi, havoning issiq-sovuq boʻlishini osmon jismlari – Quyosh, Oy, yulduzlarning holatiga, atmosferada roʻy beradigan turli hodisalarga, oʻsimliklarga va insondagi baʼzi oʻzgarishlarga qarab bilish mumkin. Buni qarangki, atmosferada sodir boʻladigan, ammo meteorologiya asboblari qayd qilolmaydigan oʻzgarishlarni ayrim oʻsimliklar, jonivorlar hamda odamlar seza oladi. Bu kuzatishlar asosida: Oy chalqancha tugʻsa, oy boʻyi ayoz, Oy oʻtovlasa, oylik gʻamingni ye kun oʻtovlasa, kunlik gʻamingni ye; Ertalabki tuman ochar, kechki tuman yogʻar; Qargʻa ketmay qor ketmas, turna kelmay muz ketmas... kabi maqollar yaratilgan.
Yomgʻirlar nafaqat odamlarga, balki butun borliq – oʻsimliklar, daraxtlarga yoqadi. Ular yomgʻir yogʻishini oldindan sezib kutishadi. Botaniklarning hisobiga koʻra, yer yuzida ob-havoni oldindan aytib beradigan oʻsimliklarning 400ga yaqin turi bor ekan. Bahorning ilk kunlaridayoq bogʻlar, ariq jiyaklarini qoplagan tillarang qoqigul yomgʻir yogʻishi oldidan gulbarglarini yigʻib gulkosasiga yashirinib oladi, yomgʻir tinishi oldidan esa yana ochilib yashnab ketadi. Togʻlarda uchqat nomli oʻsimlik oʻsadi. Uchqatning guli yomgʻir oldidan kuchli, yoqimli hid taratadi, qurgʻoqchilik oldidan esa iforini butunlay yoʻqotadi. Yomgʻir yogʻish arafasida akatsiyaning sariq gulidagi urugʻchalar chetga surilib, oʻrtada (markazida) yaltiroq “asal” tomchisi paydo boʻladi. Asal atri koʻplab arilarni oʻziga jalb etadi. Arilar gʻujgʻoni esa yogʻingarchilikdan darak beradi.
Yaxshi kelsa hut, kadi-kadi sut
Hut oyi, 21-fevraldan 2-martgacha, yomgʻirlar eng koʻp yogʻadigan oy hisoblanadi. Dehqonlar Hutning 15 kunini qishga, 15 kunini esa bahorga kirgizadilar. Hutning oʻziga xos “odati” bor: bu oyda garchi qor yogʻsa-da, ammo tezda erib ketadi. Sababi, bu paytda yer isib, qorni eritib yuboradi. Shu bois keksalar: “Hut kirdi, yer ostiga dud kirdi”, – deyishadi.
Hut oyi ham maʼlum qismlarga boʻlinadi. Hutning birinchi haftasida boʻladigan sovuqlar, boʻronlar ayamajuz yoki xalq uni sodda qilib, ajuz momo deb ataydi. Xalq orasida Ayamajuz olti kun, qahr aylasa qattiq kun, Toʻqson – bir kunimcha yoʻqsan, Ayamajuz olti kun, olti oy qishdan qattiq kun, kabi naqllar bor. Hut oyidagi iliq yomgʻirlar qismining nomi – obi rahmat. Haqiqiy bahor Navroʻz bayramidan soʻng Hamal oyidan boshlanadi. Endi sovuqlar chekinib, iliq-issiq kunlar boshlanadi. Hamal kirdi – yerga amal kirdi degani, ekin ek, dala ishlarini boshla, degani. Tez-tez momaqaldiroq guldirab, chaqmoq chaqadi. Esimda, biologiya oʻqituvchimizdan: “Nega momaqaldiroqdan soʻng qoʻziqorin koʻpayadi?” – deb soʻrardik. Oʻqituvchimiz: – Momaqaldiroq va yashinning foydasi katta. Momaqaldiroq paytida ionlashgan havo tarkibida azon gazining miqdori ortadi, azon gazi esa yerdagi, havodagi va suvdagi mikroblarni yoʻqotadi. Chaqmoq payti havoda azot bilan kislorod birikib, nitrat moddasi hosil boʻladi. Nitrat moddasining tuproqdagi natriy, kaliy, ammoniy bilan birikishidan selitra hosil boʻladi. U esa oʻsimlik oʻsishi uchun zarur. Momaqaldiroqdan soʻng oʻt-oʻlanlarning barq urib oʻsishi, qoʻziqorinlar koʻpayishi ham yashin tufaylidir, – deb tushuntirgan edi.
Savr oyi, 21-aprel – 21-mayda mevalar guldan qaytib, dovuchcha tugadi. Savr yomgʻirlari – sari oltin, ekinning joni, deydilar.
Hozir kuz. Shamol daraxt shoxlarida ilinib turgan sariq yaproqlarni tortqilab uzib, zaminga tashlaydi. Uning ustidan tinimsiz yomgʻir yogʻadi. Yomgʻirga qoʻshilib yaproq ham yerga quvvat boʻlib singadi. Yomgʻirlar esa ona zaminga qut-baraka, moʻl-hosil boʻlish, havoni musaffo qilish uchun tinimsiz “ter” toʻkadi. Ertangi barakaga zamin tayyorlaydi.
Ochil Toshqulov