Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Jaloliddin izdoshi

Qani, shamshirni ol. Jang qilamiz. Ya-ya-ya!..

Yodingizga tushdi-a? Albatta, bola­lik davringiz, tayoqdan qilich yasab, tengdoshlaringiz bilan mardi maydonda o‘tgan vaqtlar... Oyinayi jahonda efirga uzatilgan “Amir Temur”, “Bobur Mirzo”, “Mendirman Jaloliddin” kabi vatanparvarlik, mardlik, jasorat haqidagi film va seriallarni ko‘rib, ularning jang san’atiga, qilich va qalqon tutishiga havas qilgansiz. Ayni paytda, o‘smirlik pallasida qaysidir kasb-hunarni egallash maqsadida harakat qilayotgandirsiz, ehtimol. Shunday tengdoshlaringiz borki, ular shu qiziqishi yo‘lida astoydil shug‘ullanib, haqiqiy sportchi bo‘lib yetishmoqda. Ulardan biri — Alimirzo Mirzayev.

Sakkiz yoshidan sportning qilichbozlik turiga qiziqqan Alimirzo hozirda ko‘plab Xalqaro va Osiyo musobaqalarida nom chiqarishga ulgurdi. Ilk marta 2017-yil yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan Qozog‘iston XI Respublika qilichbozlik turnirida 2-o‘rinni egallagan. 2019-yilda esa, fransiyalik taniqli qilichboz Mari-Aleksiya Blommedan qilich o‘ynatishning sir-asrorlarini o‘rgangan. Sportdagi tinimsiz mashg‘ulotlar 2020-yilda o‘z samarasini ko‘rsatdi. Shu yili u O‘zbekistonda 1-o‘rin, Qozog‘iston va Turkiyadagi xalqaro turnirlarda 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikki yildan so‘ng qilichbozlikda o‘smir yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi g‘olibi bo‘lib tanildi. Bundan tashqari, Qozog‘istonda O.V. Felinskiy xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnirda ham g‘olib bo‘ldi. 

— Bu sport turiga tasodifan kelib qolganman, — deydi 16 yoshli qilichboz Alimirzo Mirzayev. — Ishtiyoqimni stadionda ko‘rib qolgan trenerim Sofiya Azizova mashg‘ulot zaliga taklif qilgan kundan boshlab hayotim tubdan o‘zgardi. Keyinchalik dadamning menga bergan daldasi, ishonchi sabab mashg‘ulotlarga, musobaqa va turnirlarga qatnay boshladim. Yaqinda 9-12-sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida jamoaviy 1-o‘rinni egalladik. Bu yutuqlar meni kelajak sari yanada dadil qadamlar bilan olg‘a intilishga ruhlantiradi. Ayni paytda maktabdan keyin mashg‘ulot zalidaman. Kelajakda qilichbozlik sport turi bo‘yicha malakali trener va dunyo tan olgan chempion bo‘lmoqchiman.

Alimirzo jahon chempioni bo‘lganida yana bir bor suhbatlashishni ko‘nglimga tugib, unga omadlar tiladim.

 

Azim AXTAMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.