Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Borliqni qutqaring

Yer sharining eko­logik vaziyati bor­­­gan sari yomonla­sha­yotganini bilasiz. Minglab zavodlar ish­lab turgan, son-sanoqsiz avtomobillar, mashinalar harakatlanadigan bu davrda  atmosfera ifloslanmay qolmaydi. Toza ichimlik suvi kamayib borayotganiga qaramay, suvni ortiqcha isrof qilish, turli chiqindilarni suvga oqizish sabab bebaho ne’mat ham nihoyalanishi mumkin. Ob-havo va suvliklar tarkibining o‘zgarishi natijasida hayvonot va nabotot zarar ko‘rib, yo‘qolib boryapti. Achinarli, to‘g‘rimi?

Qadrli do‘stlar, toza havo, chuchuk suv, turfa o‘simliklar-u hayvonlar, haqiqiy tabiiy muhitning sun’iysi – soxtasiga, eng yomoni, insoniyat hayoti uchun zararlisiga almashishini kim ham xohlaydi?! Ona tabiatni sevsangiz, asrasangizgina o‘z ne’matlarini tuhfa etadi. Buning uchun tabiat siz va siz kabi yosh, shijoatli, tabiatsevar o‘g‘il-qizlarning yordamiga muhtoj. O‘z hayotingiz hamda kelajak avlodlar hayotini  qutqarish aynan sizning qo‘lingizda. Buning uchun barcha birdek harakat qilishi, ekologik muhitimiz uchun jon kuydirishi kerak.

Darvoqe, tabiat himoyasiga otlangan ekoqahramon do‘stlaringiz birlashib, “Qahramonlar davri” – ilk bolalar ekologik harakatini tashkil etishga ulgurishdi. Yaqinda yosh “qahramon”lar va ularning ota-onalari yig‘ilib, o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadlari, tabiatimizni qutqarish yo‘lidagi rejalarini  kelishib olishdi. Ular cho‘llanib borayotgan hududlarga ko‘chatlar o‘tqazish, chiqindilar tashlanib, xarobaga aylanayotgan manzillarni obod qilish kabi ulkan savobli ishlar bilan shug‘ullanmoqdalar. Tabiiyki, siz ham ularning safiga qo‘shilib, atrof-muhit himoyasida o‘z hissangizni  qo‘shishingiz mumkin. 

Aytgancha, ularni qo‘llab-quvvatlayotgan tashkilotlar tabiat jonkuyarlari safini kengaytirish maqsadida turli tanlovlar e’lon qilishgan. Buning uchun esa “Qahramonlar davri”ni instagramdan izlab, sahifaga a’zo bo‘ling. Yosh ekoqahramon sifatida qilgan ishlaringizni tasvirga olib, ularga jo‘nating. Bu orqali siz haqiqiy ekologiya himoyachisiga aylanasiz, qahramonlar ko‘krak nishoni, maxsus yopinchig‘i va boshqa qimmatbaho sovg‘alarni qo‘lga kiritasiz. Ekoqahramonlarni aniqlash va ularga yutuqlarini topshirish marosimi esa shu yili 10-dekabrga rejalashtirilgan! O‘zingizni kashf eting, tabiatni, hayvonlar va o‘simliklarni xavfdan qutqarish vaqti yetdi. Bugun barchamiz atrof-muhit muhofazasiga kirishmasak, ertaga butun borliq qay ahvolga tushishini ko‘z oldingizga keltirib ko‘ring-a!

Sizdan ekologik madaniyati yuqori, chinakam tabiatsevar insonlar yetishib chiqishiga ishonamiz! Tabiat muhofazasi uchun olg‘a, aziz do‘stlarim!

 

Muhammadali PO‘LATOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.