Mubolag‘a
Lofchilar haqida eshitganmisiz? Ana o‘sha yerda men rosa ko‘pman. Ha, bir-biri bilan maqtanishda bahslashayotgan bolalarni tasavvur qiling. Bittasi: “Men 100 ta muzqaymoq yedim”, – deydi. Men ko‘pirtirish, oshirish orqali haqiqat chegaralaridan o‘tib ketaman. Ertaklarda, dostonlarda bahodirlarni tasvirlashda ham men kerak bo‘laman. Alpomish dostonini eslang. Qalmoq alplari “kallasi kapaday, tolasi tepaday”. Birining “shormurti yoqalab har yoqqa ketgan, ichida sichqonlar bolalab yotgan, izidan tushgan pishak olti oyda yetgan”. Ikkinchisining “odam tushmas (tushunmas)... aytgan tiliga, besh yuz quloch arqon yetmas beliga”. Uchinchisi “oh ursa, olamni buzar tovushi, to‘qson molning terisidan kovushi” va h.k. Men bo‘rttirish orqali badiiy asarda qaysidir xususiyat, belgi, harakatlarga o‘quvchining diqqat-e’tiborini tortish maqsadida ishlatilaman. Agar mendan mohirona foydalanishgan bo‘lsa, tabiiyligim ham sezilmaydi. Shuning uchun, meni ishlatish imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanish kerak. O‘zbek xalqining “Uch yolg‘onda qirq yolg‘on” ertagini eslang. Yigitcha mubolag‘a – lofni mohirona qo‘llagani, ustaligi bilan o‘z maqsadiga erishadi.
Kavsar TURDIYEVA