O‘xshatish
Mening nomim o‘xshatish. Oddiy o‘xshatish. Mana, masalan, odamlar odamga o‘xshaydi-ku! Ko‘zi, qoshi, qiyofasi, xarakteri. Xuddi shunday, nimanidir nimaga o‘xshatsak, gaplarimiz yanada chiroyli chiqadi. Masalan, nega go‘yo arazlashganday bo‘lib qolding deymiz biz, xuddi ichiga mingta kulgu zarralari tushganday og‘zini yopa olmay kuladi, deymiz. Ha, meni ishlatganingda oldimda xuddi, go‘yo, go‘yoki, misli, misoli o‘xshash kabi so‘zlar, o‘zimdan keyin –day qo‘shimchasini qo‘shgach hosil bo‘laman.
Men badiiy asarlarning ta’sirchanligini shunday oshiramanki, asti qo‘yaverasiz. Xohlasangiz siz o‘xshatish bo‘yicha musobaqa o‘tkazing. Qani boshladik, quyoshni nimaga o‘xshatasiz?
– Ona mehriga!
– Childirmaga!
– Saxiy boboga!
– Yomg‘irni-chi?
– Ko‘z yoshlarga!
Shoir va yozuvchilar mendan shunday unumli foydalanishadiki, o‘zim hayron qolaman. Mana, Dilshod Rajab kitobni duoga ochilgan qo‘llarga o‘xshatibdi. Endi aytinglar-chi, bo‘g‘otdagi tizilib turgan sumalaklar nimaga o‘xshaydi? To‘ppa-to‘g‘ri. Taroqqa.
Hamid Olimjon o‘zining “O‘zbekiston” she’rida mendan unumli foydalangani uchun ko‘zingiz oldida go‘zal yurt manzarasi paydo bo‘ladi.
...Tog‘lardagi qip-qizil lola
Bo‘lib go‘yo yoqut piyola,
Buloqlardan uzatadi suv...
Sizlar ham shunday o‘xshatish topib ko‘ring-chi! Mensiz badiiy asarlar serjilo bo‘lmas, har bir qahramonning holati yoki tabiatning go‘zalligi, tasviri ham ancha qiyin kechar edi.
Kavsar TURDIYEVA