“G‘aroyib bolalar” bilan tanishing
Turk yozuvchi va dramaturgi Aziz Nesinning kitoblari qo‘lingizga hech tushganmi? Javobingiz “ha” bo‘lsa, demak siz yozuvchining hajv va sarguzashtga boy asarlari muxlisiga aylanib bo‘lganingiz aniq. Agar hali o‘qimagan bo‘lsangiz, mutolaaga shoshiling!
Aziz Nesinning “Hushtak afandim”, “Ona tarbiyasi”, “Futbol qiroli”, “G‘aroyib bolalar” kabi qissa va hikoyalari o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Ularda yozuvchi jamiyat illatlarini fosh qiladi, kulgili vaziyat, xususiyat va holatlar orqali kishilarni beixtiyor o‘z nuqsonlari ustidan kulishga majbur etadi.
Bugun siz bilan birga “G‘aroyib bolalar” romani haqida suhbatlashamiz. Siz maqola orqali asar, uning mazmuni va bosh qahramonlari haqida bilib olasiz. So‘ng mustaqil ravishda asarning to‘liq shaklini o‘qib chiqishingiz, berilgan savollarga javob topib, jurnalimiz tahririyati tomonidan tayyorlangan sovg‘alarni qo‘lga kiritishingiz mumkin.
“G‘aroyib bolalar” romani 1967-yilda yozilgan bo‘lib, Aziz Nesinning eng ko‘p sotilgan kitobidir. Uni o‘zbek tiliga Miad Hakimov tarjima qilgan va yurtimizda bir necha bor qayta nashr etilgan. Shu sabab kitob do‘konlaridan topsangiz ham bo‘ladi. Roman avval sinfdosh bo‘lgan, keyin biri boshqa shaharga ko‘chib ketgan o‘n yoshli Ahmad Tarbay va Zaynab Yolqirning boshdan kechirgan voqealarini bir-birlariga xat orqali aytib berishi ustiga qurilgan. Ahmad va Zaynab Istanbuldagi bir maktabda o‘qishadi, lekin keyinchalik Zaynab Anqaraga ko‘chib ketadi. Ular bir-birlariga doim xat yozib turishga va’da berishadi. Zaynabning Metin ismli ukasi, Ahmadning esa Fatosh ismli singlisi bo‘ladi. Ahmad Zaynabga, Zaynab esa Ahmadga maktabda va uyda bo‘lgan voqealar haqida aytib beradi. Bu kitobda bola nigohi orqali kattalar, ya’ni ota-onalar va o‘qituvchilarning nojo‘ya xatti-harakatlari, o‘zaro munosabatlaridagi yolg‘on, munofiqlik, soxtaliklarga qanchalik haqqoniy baho berishi, ich-ichidan ularga qarshi isyon ko‘tarishi hayotiy voqealar asosida ifoda etiladi.
Roman mutolaasiga kirishar ekansiz, qahramonning ilk xatidanoq yuzingizga kulgu yuguradi. Asarda latifa yoki hangomalar yo‘q, lekin bolalarning hayotidagi voqealar va vaziyatlarni ko‘rib kulishdan o‘zingizni to‘xtatolmaysiz. Ahmad va Zaynab bilan yuz bergan voqealar siz bilan ham bo‘lgani aniq, shu sabab ular sizning do‘stingizdek bo‘lib qolishi hech gap emas.
Quyida asar asosida tuzilgan savollarni e’tiboringizga havola etamiz. Romanni o‘qib, qiziqarli savollarimizga javob toping va ularni noyabr oyining so‘nggiga qadar telegramdagi (@GulxanBilimdon) manziliga yuboring. Jurnalimizning telegram sahifasi (@gulxan1929)dan kitobning elektron variantini ham yuklab olishingiz mumkin. Savollarga to‘g‘ri va to‘liq javob bergan kitobxonni ajoyib sovg‘alar kutib turibdi. G‘olib bo‘lgan ishtirokchini fotosurati bilan jurnalimiz sahifasida e’lon qilamiz. Qani, mutolaa sari olg‘a!
Savollar:
1. Ahmad maktab tadbirida qaysi ikki she’rni aralashtirib yuboradi?
2. Ahmad qanday voqea sabab maktab direktori tomonidan fidoyi deb tan olinadi?
3. Zaynabning Usmon ismli sinfdoshi qaysi ishi sabab ustozidan dakki eshitadi?
4. Zaynab vatanni ardoqlash haqida ta’sirli nutq qilgan jurnalistni qayerda uchratib qoladi?
5. “Odamlarning qiziq bir odati bor – eshitgan gapini hech kim yuragida saqlab yurolmaydi, darrov birovga aytgisi keladi”. Ushbu naql kim bilan sodir bo‘lgan ayanchli voqea paytida aytib o‘tilgan?
6. “Yosh bola kattaning ishini qilmasligi kerak. Bola bolaligicha qolgani ma’qul”. Bu gap kimga tegishli?
7. “Yolg‘onning urug‘i serob bo‘ladi. Arzimagan narsada aldasang, buni yashirish uchun kattaroq yolg‘onni o‘ylab topishga majbur bo‘lasan. Innaykeyin, sirim oshkor bo‘lmasin deb bundan ham kattaroq yolg‘onni ishlatasan. Mayda yolg‘ondan hamisha katta yolg‘on kelib chiqadi. Shuning uchun zinhor yolg‘on gapirma, hamisha rostgo‘y bo‘l!”. Shu nasihatni bergan odamning o‘zi oilasidagilarga qanday yolg‘onni ishlatadi?
Shahribonu RAHMATOVA