Angren taassurotlari
Chin iste’dod sohibi yantoq unmaydigan yerdan gul undirur. Bu naqlning rostligiga Angren shahridagi maktablararo sayohatimiz davomida amin bo‘ldik. Sababi, har bir o‘quvchining mehnat mahsuli, ilhomlanib yaratgan qo‘l ishlanmalari, kreativ mahsulotlarini ko‘rib, ko‘zimiz quvondi. Tabiat ato etgan noyob qobiliyatni ishga solib, haqiqiy san’at asarini yarata olgan o‘quvchilarning ijod namunalariga mahliyo bo‘ldik.
Yaqinda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Toshkent viloyati Angren shahridagi ta’lim muassasalari faoliyatini o‘rganish maqsadida “Toshkent viloyati tajribasi” mavzusida press-tur bo‘lib o‘tdi. Avvalo, mehmon sifatida tashrif buyurgan vazirlik mas’ullari, hududiy boshqarmalar matbuot kotibi hamda jurnalistlar samimiy kutib olindi. Ayniqsa, press-tur doirasidagi birinchi manzil — Angren shahar 39-maktab bo‘ldi. Bu jamoa o‘z iste’dodlari bilan OAV xodimlarini lol qoldirishdi. O‘quvchilar 30 xil turdagi kasb-hunar: duradgorlik, tikuvchilik, zardo‘zlik, do‘ppido‘zlik, haykaltaroshlik, sartaroshlik, to‘quvchilik, pazandachilik va boshqa ishlar bilan mashg‘ul bo‘lganining guvohi bo‘ldik. Qolaversa, ular bo‘sh vaqtlarida buyurtma asosida mahalliy va tashqi bozor uchun mahsulotlar tayyorlab, o‘z mijozlariga ega bo‘lib olishgan ekan. Shu vaqtda rang-barang bo‘yoqlardan jo‘shqinlanib rasm chizayotgan Shahzoda Yo‘ldoshevaning fikrlari bilan qiziqdik.
— Bu suratda kuz manzarasini tasvirlashga harakat qilganman. Rasmdagi obraz biror joyga tegishli emas. Bu mening fantaziyam. Shuning uchun menda g‘oya tug‘ildimi, uni darrov bo‘yoqlarda tasvirlagim keladi. Iste’dodni ustozdan o‘zlashtirib bo‘lmaydi. U qonga singadi. Mening ham rassomlikka ishtiyoqim televizorda efirga uzatiladigan “Ranglar jilosi” ko‘rsatuvi orqali oshgan. Mana bu miniatyurani ishlashga uch hafta vaqtim ketdi.
Ikkinchi manzilimiz — shahardagi 18-maktab bo‘lib, u yerda inklyuziv sinflaridagi ta’lim jarayonini kuzatdik. Bilim dargohidagi ikkita sinfda sog‘lom bolalar bilan birga 11 nafar imkoniyati cheklangan o‘quvchilar tahsil olmoqda. Ular axborotni yaxshi ilg‘ashi uchun o‘qituvchilar interaktiv tarzda dars o‘tmoqda. Bolalar o‘quv jarayonlaridan mamnun. Yana, bunday o‘quvchilar uchun uy ta’limi tajribasi ham yo‘lga qo‘yilgan ekan.
Eng qizig‘i, Angrenda ta’lim to‘liq tojik tilida olib boriladigan ikkita maktab bor ekan. Biz shularning biri — 17-maktabdagi ishlar bilan ham tanishdik. Bu maktabda 1 ming 500 nafarga yaqin o‘quvchi bilim olarkan. Maktab manzarasi, o‘quvchilarning kasb-hunar o‘rganishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar, pedagoglardagi jonkuyarlik — barchasi havas qilsa arzigulik.
Umringizda erkak bog‘cha mudirini ko‘rganmisiz?! Angrendan shunaqasi topildi. Taajjub! Sohaning haqiqiy fidoyisi, o‘z kasbini sevadigan Shuhrat aka Bobojonovning fikrlariga qiziqdik.
— Bog‘chamiz 320 o‘rinli, lekin bolalar qamrovi 500 kishiga yetdi. Chunki turli to‘garaklar, majburiy ta’lim bo‘limi faoliyatini ham yo‘lga qo‘ydik. Jamoamiz bilan hamjihatlikda, homiylar ko‘magida muassasamizni to‘liq ta’mirdan chiqardik, isitish tizimlarini yangiladik. O‘zim va shogirdlarim hisobidan majburiy va qisqa muddatli guruhlarga qo‘shimcha bino qurdik. Qurilishlarda qatnashaverib usta ham bo‘lib ketdim. Kelajakda bog‘chamizga katta kutubxona qurish niyatidaman.
Ochig‘i, qaysi manzil tomon borgan bo‘lsak, hammayoq ozoda, tizimlar to‘liq ishga tushgan. Mezbonlar bu ishlarni jurnalistlar kelishi uchungina, vaqtincha tayyorlab qo‘ymaganiga ishonch hosil qildik. Buni yaratilayotgan sharoitlardan mamnun bo‘lgan oddiy xodimlar, ota-onalar va bolalar ham tasdiqlashdi.
Azim AXTAMOV