O‘n barmog‘im – o‘n hunar
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, kichik yoshdagi bolalarning adabiy-badiiy bezakli respublika jurnali “G‘uncha”ning bosh muharriri Dilfuza Shomalikovaning yangi kitobi bosmadan chiqdi. “Ensiklopediya” nashriyotida 5000 nusxada chop etilgan “Zag‘izg‘onning arg‘imchog‘i” deb nomlangan ushbu kitobdan muallifning hikoya, ertak hamda bir qator maqolalari joy olgan. Ijodkorning ona Vatan, uning betakror manzaralari aks etgan tiniq fikrlarini o‘qir ekansiz, beixtiyor Vatanning isini tuygandek bo‘lasiz. Atrofga ziyrak nigoh bilan boqishni, odamlarga mehrli bo‘lishni, yaxshiliklar sog‘inib yashashni o‘rganasiz.
Quyida ushbu kitobga kirgan ijod namunalaridan birini e’tiboringizga havola etmoqdamiz.
Xushxabarning qanoti qizaloqning qo‘llaridan tutadi. Qizaloq “Oyoqlarini qo‘llariga olib” yuguradi: “Oyi, oyijon, uzo-o-o-qdan laylakni ko‘rdim. Shunaqangi oppoq, chiroyliki... Yuring, yuraqoling sizga ham ko‘rsataman”.
– E-e-e, qizalog‘im-yey, u laylaklarning in qurib, bolalarini uchirma qilganini ko‘rib ulg‘ayganman, – deydi ona qizchaning jamalak sochlarini silab. – Yaqindagina edi, mahallamiz simyog‘ochidagi uyasi tagida turib qo‘shiq aytganimiz:
Laylak keldi, yoz bo‘ldi,
Qanoti qog‘oz bo‘ldi...
– Laylakning qanoti qog‘ozga aylanadimi-a?
– Hayratli ko‘zlar mo‘jizaga duch kelgandek quvnab ketadi. – Unga xat yozsa bo‘ladimi? Bu laylaklar qishloqqa – buvimning mahallasiga ham boradimi?
Qizaloqning savollari tugamas edi...
Bolajonlar ta’tilni orziqib kutishardi. Biz esa buvimning ertaklarini sog‘inardik. Maktab tugashi bilan qishloqqa otlanamiz. U yerdagi kunlarni ham, odamlarni ham yaxshi ko‘rib ketaman. Ular boshqacha-da! Kunlar ham uzun – buvimning nasihatlaridek... Eshitganimiz sari eshitgimiz keladi.
Ayniqsa, ertak aytishdan oldin: “Endi katta bo‘lib qoldinglar, – deb gap boshlaydi, – yaxshi o‘qishinglardan xursandman. Ammo... olim bo‘lsang ham hunarli bo‘l. Hunar – zar, deyishadi. Aslida zardan a’lo. Yigit kishiga qirq hunar oz bo‘lsa, qiz bolaning o‘n barmog‘i o‘n hunarga aylanishi kerak. O‘rningdan turdingmi, o‘zingga qara, qo‘g‘irchoqdek bo‘lib ol, soch turmaklashga epli bo‘lsang, ishing o‘ngidan keladi. Ishingni ko‘cha eshikka suv sepishdan boshla – bu o‘zbekning ming yildayam o‘zgarmaydigan odati. “Yerning yuzini ochsang, diling ochiladi” deb bejiz aytishmagan. Pazanda bo‘l – ro‘zg‘orga baraka kiradi. Shirin taomdan so‘ng shirin xayol, reja tuziladi. O‘yli ishning poydevori mustahkam-da, bolam! Qo‘lida igna tutganning har choki pishiq bo‘lar, matosi to‘zisa-da, choki ketmas.
Kashtaning har qatimiga mehringni qo‘shib tiksang, ipaklari nurlanar.
Savat to‘qishni maromiga yetkazsang, har xonadon non yopganda palonchining qo‘li gul deb nomingni e’zozlar.
Mo‘yqalam tutishga mohir bo‘lsang, mo‘jiza deganingni qog‘ozga muhrla.
Muhrlaganda ham unga jon kirit. Mashqing bo‘lsa, dutor chert, soz chal, ovozing bo‘lsa, xirgoyi qil... Zap yoshlarning zamoni bo‘ldi. Dunyoning to‘rt tomoni bir kunlik yo‘l. Harakati bo‘lsa hosilni teradi. Yoshlikning bir damini bekor o‘tkazma, yerga sovurma.
Kasb-u korni ilm-u odob, tarbiya, muomala aziz qiladi. Har ishdagi me’yor olmos qonun, bolam”.
Ertakdan ko‘ra buvimning hikoyalari adoqsiz... Har takrorlaganida nimanidir topgandek bo‘laveramiz. So‘ridagi suhbatlarimiz nihoyalamaydi. Yonboshlarimizga yostiq qo‘yiladi... Yulduzlar esa yana ham yorqinroq ko‘rinadi...
Xayolim bo‘linadi – mening ham ertagim bo‘lishini, hammaning shunday buvijonisi bo‘lishini juda-juda istardim.
TABIATNING NAFASI
– Hamma narsalarning joni bor, – dedi o‘qituvchimiz. Ba’zi o‘rtoqlarim kulishdi. Biz tajriba o‘tkazardik: suvning oqishi, daraxtlarning tebranishi, shamolning yelishi, yomg‘irning ovozi va yerning nafas olishini eshitardik... Quloq solsangiz, ular odamlarga o‘xshab ketarkan.