Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ilm – tilsimli diyor

Dunyoda shunday insonlar borki, ular sham misoli hayotni yoritadilar, ilm va tajribalari bilan qalbimizga ziyo ulashadilar. Fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent Mukarram Muhitdinova ana shunday insonlardan. Mukarram opa Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti (sobiq SAGU)da tahsil olib, Moskva davlat universiteti aspiranturasini tamomlagan. O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi mexanika instituti kichik ilmiy xodimi, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi kibernetika instituti katta ilmiy xodimi, Toshkent davlat texnika universiteti Amaliy matematika kafedrasi katta o‘qituvchisi, dotsenti, kafedra mudiri vazifalarida faoliyat yuritgan. Mukarram opaning “Al-Xorazmiydan internetgacha” kitobi chuqur bilim va keng dunyoqarash mahsuli. Shuningdek, u “Yaxshilar yodi”, “Ustozlar va shogirdlar” kitoblari muallifi. Kasbga muhabbati va sadoqati bilan sevimli ustozga aylangan olimaning bolalik haqidagi sog‘inchlariga quloq tutamiz.

 

URUSH, NOMING O‘CHSIN DUNYODA

Men 1938-yilda Toshkentning Ishchilar shaharchasida o‘qituvchi oilasida dunyoga kelganman. Otam Hisob-kredit texnikumida moliya fanidan, amakim (aka-uka 25-30 yilcha bir oila bo‘lib yashashgan) 40-temiryo‘lchilar maktabida matematikadan dars berganlar.

Yunusobod tumanidagi Bo‘zsuvning chap tomoni Alvasti ko‘prik degan pastqam, befayz joy edi. 1930-yillarda bu yerda 3 qatlgoh bo‘lgan. Ularning biri – televizion minoraning Ishchilar shaharchasi tomon tushgan “oyog‘i” atrofida, ikkinchisi – ziyoratgohning yuqori tarafida, nihoyat, uchinchisi esa “Abraziv” zavodining o‘rnida bo‘lgan. 1937-53-yillarda qatag‘onga uchragan vatandoshlarimiz shu yerda otib tashlangan. Shu tarzda Yunusobod qariyb yarim asr mobaynida xalqimiz tarixidagi eng dahshatli voqealarning tilsiz shohidi bo‘lgan.

Bolalarning ruhiyatida shunday narsa bor. Nimani ta’qiqlasangiz, o‘sha narsaga qiziqaveradi. Ota-onamiz “u tomonga o‘tmanglar”, deb ko‘p aytishar, ammo qiziqishim ustunlik qilib, bolalar bilan o‘sha xilvat maskanga boraverardim. “Mana, mana shu yerda otib tashlashgan”, derdi sheriklarim qamishlar o‘sib yotgan tashlandiq tomonni qo‘llari bilan ko‘rsatib.

Ishchilar shaharchasiga ketaverishda uncha katta bo‘lmagan yerimiz bo‘lib, unda o‘rik, shaftoli, uzum pishib yotardi. Ayniqsa, shaftolilar juda mazali edi. U yerlar odamlarga bo‘lib berilgach, ko‘pchilik uy qurishni boshladi. Shunday kunlarning birida otamning “Zamon notinch, tezroq uyni bitirib ko‘chib olishimiz kerak”, deganlarini eshitib qoldim. Chala bitgan uyga ko‘chib o‘tib, hali joylashib ulgurmagan edik. Kunlarning birida otam ishdan keldilar-da, ayvonning chetiga omonatgina o‘tirib, oyimning so‘zsiz savollariga javoban “Urush boshlanibdi” dedilar. Demak, 1941-yil...

Dastlab, bola aqlim bilan urushning nimaligini tushunmasdim. Biroq sekin-asta uning qanchalik beshafqat ekan­ligini anglay boshladim: Chamasi, 5 yoshdaman, oyim yarim tun 3.00 da uyg‘otib, qora nonga navbatga qo‘yib ketadilar. Azonda non kelgungacha xuddi ilonga o‘xshagan uzun jonli navbat hosil bo‘ladi. Ba’zan ayrimlarga non yetmay qoladi. Ustimiz yupun, qornimiz nonga to‘ymasdi. Kunlarning birida bir ayol bolasi bilan biznikiga kelib, bir bo‘lak non so‘radi. Oyim non yo‘qligini, ammo lavlagi berishlari mumkinligini aytdilar. Shunda ayol iltijo qilib, “Opajon, kunjara yeyaverganimdan tillarim yorilib, shishib ketdi, nonning mazasini unutib yubordim, bir tishlam bo‘lsa ham non bering, hech bo‘lmasa mazasini eslay” degach, biz bolalarning rizqidan qirqib bir burda non bergandilar. Urushdan keyingi vaqtlarda ham oyim o‘sha xotinni eslab, “Tirikmikan, tirik bo‘lsa, umri uzoq bo‘lsin, o‘lib ketgan bo‘lsa, Xudo rahmat qilsin”, derdilar. Ilohim, u kunlar hech qachon qaytarilmasin.

UYIMIZNI YORITGAN ZIYO

Garchi urush yillarida qornimiz nonga to‘ymagan bo‘lsa-da, u davrlarni entikib eslayman. Xufton kirishi bilan uyimizda ajoyib muhit paydo bo‘lardi. Deraza pardalari tushirilar, xontaxta ustida pilik chiroq yoqilardi. Oyim qayerdandir berkitib qo‘ygan kitoblarini olib chiqardilar. Arab imlosidagi “Ur to‘qmoq”, “Uch og‘a-ini botirlar”, “Uch yolg‘onda qirq yolg‘on” kabi sharq xalqlari ertaklarini o‘qib berardilar. Onamning shirali ovozlari og‘ushida  qahramonlar bilan birga goh o‘zi uchar gilamlarda uchsak, goh Sindbod bilan ummon qa’riga cho‘kardik, goh cho‘l-u biyobonda suvsizlikdan qiynalar edik. Kattaroq bo‘lganimizda ertaklar o‘rnini “O‘tkan kunlar”, Ibrohim Adhamning hayoti, So‘fi Olloyor, Huvaydo, Mashrab, Maxtumquli g‘azallari egalladi. Shu tariqa qornimiz ochligini, ustimiz yupunligini unutib, uyquga ketardik. Tong otganda hammayoq saranjom, kitoblardan darak ham yo‘q. “Oyi, kechagi kitoblar qani?”, deb so‘rasak, “Jim, kitob borligini hech kimga aytmang”, derdilar. Biz bu haqda hech kimga aytmasak ham mahalla ahli oyimda kitob borligini bilishar, ba’zan kunduz kunlari ham yig‘ilishib, eshiklarni berkitishib, oyimdan kitob o‘qib berishni iltimos qilishardi.

Bobomiz Saidashrafxon eshon o‘z davrining o‘qimishli insonlaridan bo‘lganlar. Ularning kattagina kutubxonalari bo‘lib, singillari esa qizlar maktabini ochgan ekanlar. Onam savodlarini shu maktabda chiqarganlar. Lekin 20-30-yillarda qatag‘on yillari boshlanib, arab imlosidagi kitoblar yo‘q qilib tashlangan. Bobom xalq oldida kitoblardan, eshonlikdan voz kechdim, deb kosibchilik bilan shug‘ullanganlar. Kitoblar yoqilgan, suvga oqizilgan, kechalari mozorga ko‘milgan va shu tariqa oila saqlab qolingan. Uyidan arab imlosidagi kitoblar chiqqan xonadonlar urug‘-aymog‘i bilan qatag‘onga uchrashiga qaramay, ayrim ziyolilar jonlarini garovga qo‘yib, kitoblarni saqlab qolishgan. Shular orasida bobom va oyim ham bo‘lganlar. Bolaligimizda sevib tinglaganimiz – ana o‘sha kitoblar ekan. 1966-yil Toshkent zilzilasidan keyin bobomning eski uylari buzilib tushganda devorlar orasidan kitoblar chiqqan edi.

YASHIRINCHA 1-SINFGA...

1943-yilda akam bilan opam (amakimning qizlari) maktabga borishdi. Urush vaqti bo‘lgani uchun bolalar 8-10 yoshdan maktabga olinar, akam 9 yoshda, opam 8 yoshda edilar. Ularga havasim kelardi. Sababi 3-4 soat bo‘lsa ham dala ishlaridan ozod bo‘lishar, maktabdan kelishgach, yegan “ponchik”lari bilan maqtanishardi (u vaqtda maktab bolalariga tekinga “ponchik” berilardi). Ular darsdan kelishganidan keyin ham menga ish buyurishsa, “Ana opam bilan akam keldi-ku, ularga ham ayting”, desam, “Ular dars tayyorlashi kerak” deyishardi. Yana ishlar menga qolib ketadi. Maktabga borish qanday yaxshi-ya, “ponchik”lar qanaqa ekan, juda ham mazali bo‘lsa kerak, men ham maktabga boraman! Lekin maktabga hali yoshim yetmagan, endigina 5 yoshda edim. Akam bilan opam dars tayyorlashayotgan vaqtda sekin-sekin daftarlariga qarab o‘qish-yozishni ham o‘rganib oldim.

Xullas, keyingi o‘quv yili boshlanganida 1-sentyabr kuni hech kimga aytmay, oyoqyalang, ustimda bitta mayka bilan maktabga bordim.

Birinchi bor maktabga borish deganda, hozirgi manzarani ko‘z oldingizga keltirmang. Chiroyli kiyingan o‘g‘il-qizlarning qo‘llaridan ushlab olgan ota-onalar yo‘q. Otalar urushda, onalar mehnat frontida, bolalarning qo‘llarida dasta-dasta gullar yo‘q, kim qanday kiyingan bo‘lsa kiyingan, qo‘llarda matodan tikilgan xaltachalar, ularning qatorida oyoqyalang men ham turibman. Kimdir, “Birinchi sinfga kelganlar bu yerga to‘plansin”, deb qoldi. Men ham o‘sha yerga borib, qizlarning yonida turdim. U vaqtlarda qizlar va o‘g‘il bolalar maktabi alohida bo‘lardi. Qarshimizga o‘rta bo‘yli, sochlari jingalak bo‘lsa-da, silliq qilib turmaklangan, istarasi issiq bir ayol kelib, ro‘yxat bo‘yicha qizlarni birma-bir safga tizib, qo‘llaridan yetaklab sinfga qarab yo‘l oldi. Men ro‘yxatda yo‘qman, qarasam qolib ketyapman, ovozimning boricha yig‘lab yubordim. Darrov boyagi ayol ro‘paramga kelib:

–   Nima bo‘ldi, nimaga yig‘layabsan? – deb so‘radi.

–   Men o‘qishga keldim. Siz bo‘lsangiz meni qoldirib ketayapsiz, – dedim.

–   Isming nima?

–   Mukarram.

–   Familiyang-chi?

–   Bilmayman.

–   Otangning ismi nima, bilasanmi?

–   Ha, Eshonxo‘ja.

–   Bo‘ldi, bo‘ldi, yur men bilan, faqat yig‘lama, xo‘p? – deb qo‘limdan ushlab sinfga olib kirdilar. Shundoqqina stollari oldidagi birinchi partaga o‘tkazib qo‘ydilar. Shu bo‘yi to 10-sinfni bitirgunimcha shu joyda o‘tirdim. Sinfdagi qizlar mendan 2-3, hatto 4 yosh katta bo‘lishib, ularni “opa” derdim.  

Endi uyimizda bo‘layotgan gaplardan eshitsangiz. Oradan bir hafta – o‘n kuncha vaqt o‘tgach, otam katta opamni chaqirib, “Bu singling har kuni “Maktabga ketyapman”, deb ketib qolayapti. Bir borib xabar ol-chi, nima gap ekan?”, debdilar. Opam maktabga borib, birinchi sinf o‘qituvchisiga uchrashib, men haqimda so‘rasalar, o‘qituvchimiz:

– Yo‘q, menda Muhitdinova degan qiz yo‘q, lekin Mukarram Eshonxo‘jayeva  degan bir qizaloq hujjatlarsiz kelib yuribdi, – debdilar.

–  Ha-ha, o‘sha mening singlim, faqat familiyasi Eshonxo‘jayeva emas, Muhitdinova, otamizning ismlari Eshonxo‘ja, – desalar:

–   Unday bo‘lsa, u qizaloq juda zehnli va o‘qishga ishtiyoqi baland ekan, hujjatlarini olib kelinglar, o‘qiyversin. U, albatta, o‘qib ketadi. Ha aytgandek, egniga ham kiyim-bosh olib beringlar, – debdilar.

O‘sha kuni menga yangi ust-bosh, oyog‘imga shippak olib berishdi va shu kundan e’tiboran qonuniy o‘quvchiga aylandim.

Men qachon va qayerda bo‘lmay, har doim birinchi muallimim, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi” – Mukarram aya Qodirovani mehr bilan tilga olaman. U kishining 40 yildan ortiq faqat boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga mehr va sabr-toqat bilan o‘qish-yozishni o‘rgatganlariga tan beraman. Axir o‘sha vaqtda menga, “Sen ro‘yxatda yo‘q ekansan, bor, keyingi yil kelasan”, deyishlari mumkin edi-ku!

MUALLIM HAMMA VAQT HAQMI?!

Barcha fanlardan “5” ga o‘qir edim-ku, rus tiliga kelganda biroz oqsoqlanardim. Kunlarning birida rus tili o‘qituvchimiz Yelena Ivanovna “Menga qara, hamma fanlarni a’loga o‘zlashtirasan, lekin rus tilini bilmaysan, baholaringni buzmay deb “5” qo‘yib beraman, qachongacha shunaqa qilib yurasan? Bugundan boshlab bunday qilamiz, sen har kuni biror ruscha kitobdan bir bet daftarga ko‘chirib yozasan, har hafta yozganlaringni tekshirib chiqaman, keyin menga yozgan narsalaringni aytib berasan, kelishdikmi?” deb qoldi. Men xursandchilikdan rozi bo‘ldim. Har kuni bir bet, keyinroq ikki-uch bet ruscha matnlarni ko‘chirib yozar va hafta oxirida ustozimga berib yuborardim. U kishi bo‘sh vaqt topdi deguncha meni chaqirib, “Qani, endi gapirib berchi, nimaga aynan shu qismlarni ko‘chirib yozding?” deb so‘raydi. Men qiynalib bo‘lsa-da, o‘z fikrlarimni tushuntiraman.

Mashqlar tufayli 7-sinfni bitirayotganimda Lev Tolstoy, Pushkin, Chexov, Kuprin, Drayzer, Balzak, Stendal asarlarini sevib o‘qiydigan, ruschada binoyidek so‘zlashadigan bo‘ldim. O‘zimcha “bulbuldek sayrar” edim. Natijada 10-sinfga o‘tganimda Roza Borisovna degan boshqa bir o‘qituvchimizga sinfdoshlarim yozgan insholarni tekshirishga yordam beradigan bo‘ldim.

Sinfimizda 30 ta qiz bo‘lsak, 25 tasi fizika, matematika fanlarini yoqtirmas edi. Fizikadan Shamsiddin aka dars o‘tar va juda talabchan, jahldor bo‘lganlari uchun mavzuni yodlab bo‘lsa ham tayyorlanib kelardik. Matematikadan quyi sinfda Homid aka, yuqori sinfda Aziz aka kabi bilimli ustozlar dars berishgan. 9-sinfga o‘tganimizda Aziz akani boshqa maktabga olishib, bizga M. akani yuborishdi. Yangi o‘qituvchimiz  Aziz akadan farqli ravishda kelishgan, did bilan kiyinadigan  kishi edi. Dars boshlanib, uy vazifalari tekshirilib bo‘linganidan keyin “Bugun falon mavzuni o‘tishim kerak, o‘tamizmi?” deb so‘rardi. Matematikani yoqtir­magani uchun aksariyat qizlarning yoppasiga “Yo‘q, o‘tmaymiz”, degan ovozi mening “O‘tamiz”, degan ovozimni bosib ketardi. Shunday kunlarning birida erinibgina yangi mavzu o‘taturib, M. aka:

–   Ixtiyoriy to‘g‘ri burchakli uchburchak to‘g‘ri burchagining bissektrisasi gipotenuzani teng ikkiga bo‘ladi, – deb qoldi. Men sekingina:

–   Ixtiyoriy emas, faqat teng yonlida, – deganimni bilaman:

–   O‘zing hech narsani bilmaysan, yana mening darsimga xalaqit qilasan, tur, sinfdan chiqib ket! – deb darsdan chiqarib yubordi. Shu-shu bo‘ldi-yu, o‘qituvchimiz meni yoqtirmay qoldi, ammo hech qachon bahomni pasaytirmas edi.

Xullas, bitiruv imtihonlari ham yetib keldi. M. aka doskada radiusi R ga teng bo‘lgan shar, deb yozishi bilan men ruchkamni partaga qo‘yib, biz sharni o‘tmaganmiz, deb turib oldim. Masala shartlarini yozib bo‘lib o‘qituvchimiz oldimga keldi-da:

– Hammaning oldida buni o‘tmaganmiz, demasdan ma­sa­lani yechishni boshla, sharning hech ahamiyati yo‘q, faqat uning ichiga chizilgan parallelepipedning diagonali 2R ekani shardan kelib chiqayapti, – deb noqulay ahvolga tushib qoldi.

Men-ku sharni o‘zim o‘qib olgan va masalani miyamda yechib bo‘lgan edim. Ammo boshqalar o‘tilmagan mavzudan qanday qilib imtihon topshirishi mumkin?

O‘zim o‘qituvchi bo‘lganimda Yelena Ivanovnaning uslubidan qanchalik foydalangan bo‘lsam, M. akaning uslubidan shunchalik foydalandim. Chunki xalqimizda “Tamizni betamizdan o‘rgan” degan naql bor. O‘rgatish kerak bo‘lgan mavzuni boshidan oyoq o‘rgatdim, qaysidir savolga javob bera olmasam, “Buni bilmayman, kelasi gal o‘qib, bilib kelaman”, deyishdan uyalmadim. Talabalarning fikrini e’tibor bilan eshitdim va hech qachon sen buni bilmaysan, chiqib ket, deb yuziga solmadim. Maqtash kerak bo‘lsa, hammaning oldida maqtadim, urishish kerak bo‘lsa – alohida  urishdim. Haligacha o‘ylayman: ajabo, o‘qituvchi – hamma narsani biluvchi degani emas-ku, agar o‘qituvchi xatoga yo‘l qo‘ysa, uni avj oldirmasdan o‘z vaqtida tan olgani oson emasmi?  

MATEMATIKAGA KIRIB KELISHIM

Men o‘qituvchilar oilasida dunyoga kelga­nimdan butun hayotim davomida faxrlanaman. Esimni tanibmanki, ko‘rganim tokchada terib qo‘yilgan kitoblar-u otam va amakim ko‘tarib kelishadigan dasta-dasta daftarlar bo‘lgan. Ko‘chada bo­lalar bilan birga o‘ynaganimda ham men o‘qituvchi-yu, ular o‘quvchi bo‘lishardi. Otam tekshirayotgan daftarlarga qarab, qizil qalamda daftar tekshirsam, deb havas qilardim. Shunday bo‘ldi ham. 7-8-sinfda o‘qiyotganimda bir kuni otam “Mayli, xatolarni qizil qalamda belgila, ammo ustidan to‘g‘rilama, baho qo‘yma”, dedilar. Maktabda proporsiyani o‘tishimiz bilan daftarlardagi proporsiyalarni jon deb qizil qalamda tekshira boshladim. Ko‘pincha noto‘g‘ri topilgan “x”larni ko‘rib, nahotki shuni topish shunchalik qiyin bo‘lsa, deb hayron qolardim.

Otam rahmatli hamma ziyolilar kabi ilmli insonlar bilan suhbatlashishni yaxshi ko‘rardilar. Qarindoshlarimiz – akademiklar Obidxo‘ja Akramxo‘jayev, aka-uka Omonulla va Jorulla Fayzullayevlar biznikiga kelib qolishsa, suhbatlari qulog‘imga chalinib qolardi – al-Xorazmiyning qandaydir sanashni osonlashtirgani, Beruniyning Amerika qit’asi bor degani, Umar Xayyomning koeffitsientlarni hisoblagani... Bolaga xos soddalik bilan sanashni ham soddalashtirib bo‘ladimi, Amerika bor bo‘lib tursa, nimaga uni bor deyish kerak, koeffitsientlar nima degani, deb o‘ylardim. Ana shu savollarimni otamga berganimda “Kelajakda fizika-matematika fakultetiga kirsang, savollaringga javob olasan”, der edilar. Maktabni oltin medal bilan bitirgach, to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘rta Osiyo davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) fizika-matematika fakultetiga o‘qishga kirdim. Ammo hamma savollarimga ham javob topa olmadim. Kitoblarni qancha varaqlamay Beruniy, al-Xorazmiylar haqida yetarli ma’lumot topa olmadim. Bu degani ustozlarim savollarimga javobni bilmaganliklari yoki xohlamaganliklari emas, balki o‘sha davr taqozosi ekanini keyinroq tushunib yetdim. O‘zim ham dars berish jarayonida talabalarga imkon qadar allomalarimiz haqida shivirlab bo‘lsa-da gapirib berardim va qachondir bu haqida baralla gapirish mumkin bo‘ladigan vaqtlar kelishiga astoydil ishondim.

Umrimning qariyb 40 yilini olgan bilimlarimni yoshlarga ulashish bilan o‘tkazdim. Hozir ishonch bilan ayta olamanki, keksalik davrim sermazmun o‘tmoqda.

 

Suhbatdosh: Dilafro‘z ZAYNIYEVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.