Jamol Kamol
Jamol Kamol 1938-yili Buxoro viloyatining, Shofirkon tumanidagi Chitkaron qishlog‘ida tavallud topdi. O‘rta maktabni tugatgach, Buxoro pedagogika institutining filologiya fakultetida tahsil oldi. O‘qishni bitirib, shu yerda o‘qituvchilik qiladi.
“Buxoro haqiqati” viloyat gazetasida (1965-1969) ishladi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida aspirant bo‘lib, “Lirik she’riyatda kompozitsiya” degan mavzuda nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi (1969-1972). O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Buxoro viloyati bo‘limi mas’ul kotibi (1970-1972), keyinchalik O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi lavozimlarida faoliyat olib bordi.
Uning “Olam kirar yuragimga” nomli birinchi she’riy to‘plami 1968-yilda chop etildi. Shundan so‘ng shoir birin-ketin “Cho‘qqilarga yog‘ildi yog‘du” (1971), “Hasan va oy” (1974), “Quyosh chashmasi” (1975), “Dostonlar” (1978), “Tafakkur” (1979), “Suvaydo” (1983), “Umidli dunyo” (1988) to‘plamlarini, “Armon”, “Varaxsha”, “Eshikdagi oy to‘lqini”, “Tosh tug‘yon”, “Shahribonu” kabi dostonlarini e’lon qildi.
V.Shekspirning “Hamlet”, “Otello”, “Antoniy va Kleopatra”, “Qish ertagi”, “Venetsiya savdogari”, “Qirol Genrix IV”, “Makbet” kabi o‘ndan ortiq jahon adabiyoti namunalarini bevosita ingliz tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilib, chop ettirdi.
Mustaqillik yillarida Jamol Kamol ijodi juda sermahsul bo‘ldi: “Asr bilan vidolashuv” (Saylanma 2007), “Yana ko‘nglimda uch oy” (2010), “Safar daftari” (2012) singari bir qator asarlari yuzaga keldi. Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy ma’naviy” (2002-2004), Hazrati Alining “Devon”i (2006), Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” (2006) hamda “Ilohiynoma”, “Asrornoma”, “Pandnoma va bulbulnoma”, “Hikmatlar” (2007-2012), Abdurahmon Jomiyning “Gulshaningda so‘lmasin gul” (2008), Uilyam Shekspirning “Sonetlar” (2009), Alisher Navoiyning “Foniy gulshani” (2011) kabi jahon mumtoz adabiyotidan jami yigirma yettita asarni ona tilimizga o‘girdi.
Bundan tashqari, R.Fishning “Jaloliddin Rumiy”, S.Ulug‘zodaning “Firdavsiy” kabi romanlari tarjimasi ham Jamol Kamol qalamiga mansubdir.
U publitsisit sifatida “Makkayi Mukarrama, Madinayi Munavvara” (1992) asarini yaratib, islomiy ma’rifat va ma’naviyatning rivojiga hissa qo‘shdi.
Jamol Kamol 1992-yilda adabiyotimiz rivojiga qo‘shgan ulkan xizmatlari uchun “O‘zbekiston xalq shoiri” unvoniga sazovor bo‘ldi.