“Gulxan”da xanda
***
– O‘g‘lingiz yaxshi o‘qiydimi? – so‘radi ayol qo‘shnisidan.
– Ha, – javob berdi qo‘shni, – u fanlarni yanada chuqur o‘rganish uchun bir sinfda ikki yildan o‘qiyapti.
***
Maktabga otlanayotgan Farhod singlisidan so‘radi:
– Ko‘ylagimni dazmollab qo‘ydingmi?
– Chiroq yo‘q-ku, aka.
– Tavba, kuppa-kunduz kuni chiroq yoqib dazmollash kerakmi?
***
Ota o‘g‘lidan so‘radi:
– Xo‘sh o‘g‘lim, maktabda qanday yangiliklar?
– E-e-e, eshitsangiz hayron qolasiz.
Bizga shunaqangi xayolparast o‘qituvchi dars beryaptiki...
– Xayolparastligini qayerdan bilding?
– Har gal meni sinfdan quvib chiqarayotganida “Eh, qaniydi sening otang bo‘lib qolsam”, deb baqiradi.
***
O‘qituvchi:
– Nima uchun biz qaynayotgan suvning ovozini eshitamiz?
O‘quvchi:
– Chunki mikroblar issiqqa chidolmay dodlaydi-da.
***
O‘qituvchi o‘quvchilardan dangasalik haqida insho oldi.
Kechqurun insholarni tekshirarkan, mamnun bo‘ldi. Chunki barcha bolalarning inshosi “4” va “5” bahoga loyiq edi.
Ammo eng oxirgi insho o‘qituvchini hayron qoldirdi. Bu yupqagina daftarning birinchi beti bo‘m-bo‘sh, ikkinchisi ham ochiq, uchinchi betining oxiridagina bitta jumla bor edi: “Mana shu – dangasalikdir”.
To‘plovchi: M.Hamidova