Jiddiy rejalar sari
Bu yil toʻqqizinchi sinfni tamomlab, yozgi taʼtilni jiddiy rejalar bilan boshladim. Sababi, oliy oʻquv yurtiga kirish uchun bor-yoʻgʻi ikki yilgina tayyorgarlik koʻrishim kerak. Shu vaqt mobaynida tanlagan yoʻnalishim boʻyicha 5-sinfdan 11-sinfgacha zarur boʻlgan darslik kitoblarini qaytadan oʻqib, mukammal oʻrganishim kerak. Bular esa anchagina vaqt talab etadi.
Koʻpchilik yozgi taʼtilda kamroq mutolaa qilish, issiq havoda oʻqiganlari yodda qolmasligi haqida gapirishadi. Ammo men taʼtilni kitob mutolaa qilmay oʻtkaza olmayman. Keyin shu paytgacha yoz faslida oʻqiganlarim xotiramdan ham oʻchib ketmagan. Menimcha oʻqish uchun astoydil xohish boʻlsa, hech bir oʻquvchining oʻqib-oʻrganganlari yodidan koʻtarilib ketmasa kerak. Mening ulkan orzu-niyatlarim bor. Ularga yetishish uchun esa oldimga qoʻygan rejalarim sari qatʼiy harakat qilishim kerak...
Behruz NODIROV,
Qarshi shahridagi 15-maktabning 10-sinf oʻquvchisi