Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

300 tilga tarjima qilingan kitob

Otam Fransuz yozuvchisi va aviatori Antuan de Sen-Ekzuperining “Kichkina Shahzoda” nomli kitobini sovgʻa qilganida bir yosh ekanman. Ota-onamning aytishicha, oʻsha paytda men faqat kitobdagi rasmlardan zavqlanar ekanman. Ilk marotaba “Kichkina shahzoda”ni oʻqiganimda sakkiz yoshli qizaloq edim. Shuni tan olishim kerakki, u paytlar “Kichkina shahzoda” kitobi men uchun biroz jumboqli tuyulgan edi. Hozir 16 yoshdaman. Deyarli har yili kitobni qayta oʻqishga harakat qilaman. Dunyoda eng koʻp oʻqiladigan kitoblardan biri hisoblangan bu asarda men tushunib yetmagan bir sir borligini his qilaman. U jahondagi 300 tilga tarjima qilingan ekan.

Doʻstlarim mendan qanday qiziqarli kitobni oʻqish haqida soʻraganlarida, sira ikkilanmay, “Kichkina shahzoda”ni tavsiya etaman. Chunki kitobda bizning borligʻimizga bogʻliq savollar koʻtarilgan.

Hayotning mazmuni nimada? Yoki koinot nima? Unda dunyoga bir bolakay nigohlari bilan qaraydigan, ammo oʻz mushohadalarini dono bir odam singari bayon qiladigan kichik shahzoda bor. Shahzodaning har bir sayohati doʻstlik, muhabbat, texnologik taraqqiyot, isteʼmol va zamonaviy jamiyatning tanazzuliga tegishlidir. Oʻylaymanki, bu kabi unsurlar kitobni bugungi kunda har qachongidan ham dolzarbroqligini koʻrsatadi.

Kichkina shahzoda, atirgul, tulki va ilon personajlari ramziy va falsafiydir. Kitobni oʻqigan har bir oʻquvchi undan oʻziga xos xulosa chiqarib oladi. Men shahzodadan koʻplab yaxshi jihatlarni oʻrgandim. Masalan, Kichkina shahzoda sayyorasini toza tutadi. Shuningdek, u kishilarga nisbatan adolatli va mehribon.

Asar bir qarashda bolalar uchun moʻljallangan boʻlsa-da, ota-onam bu kitobni yetti yoshdan to etmish yoshgacha boʻlgan odamlar uchun, deb hisoblashadi. Bu har birimizning qalbimiz tubidagi bir bola qissasidir.

Elnozxon XODJAYEVA,

Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 192-maktabning 11-sinf oʻquvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.