Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Saralangan sozlar

Bugun biz “ziyoli” deganda, oliy maʼlumotli, kostyum-shim kiygan, boʻyinbogʻ taqqan, ikki-uch tilda bemalol soʻzlashadigan kishini tasavvur qilamiz. Lekin, Gʻarbda maʼlumoti oliy, oʻzi bashang kiyingan, xorijiy tillarda ona tilidek soʻzlasha olsa-da, biror musiqa asbobini durustroq chala olmasa, unday odamni aslo madaniyatli, ziyoli deb hisoblashmas ekan.

Nogoh yoʻlingiz tushib, Yevropadagi universitet, maktab, kollej hovlisida gitara chalib, qoʻshiq aytib oʻtirgan yoshlarga duch kelsangiz, sira hayron qolmang. Bu ular uchun odatiy holat.

Bizda-chi? Biz bugun musiqiy didimiz, milliy cholgʻularimiz haqidagi bilimlarimiz bilan faxrlana olamizmi? Vaholanki, juda qadimda Forobiy bobomiz bemorlarni soz chalib davolaganlar. Alloma bobolarimiz musiqani inson hayotining bir boʻlagi deb bilishgan. Milliy cholgʻu asboblari haqida qimmatli maʼlumotlar yozib qoldirishgan. Ayniqsa, milliy sozlarimizda ijro etiladigan mumtoz kuylarni sevib tinglashgan, ijro qilishgan. Amir Temur ham musiqaga katta eʼtibor bergan. Lashkarlari jangga otlanar ekan, ularning kayfiyatini koʻtarib, gʻalabaga undovchi oʻsha davrning eng mashhur va chiroyli musiqalarini tinglashgan. Bu Sohibqironning oʻziga xos usuli boʻlgan.

Qadimda har bir oʻzbek xonadoni devorida dutor, doira yoki tanbur osiqliq turgan. Sababi, xonadon sohibi albatta, birorta sozni chalishni bilgan. Bundan koʻrinadiki, oʻsha davrlarda xalqimizning musiqiy didi, maʼnaviyati va musiqaga hurmati baland boʻlgan. U paytda kuylarimiz hali notalashtirilmagan, musiqa asarlari ustoz-shogird anʼanasi boʻyicha oʻrganilgan. Shunga qaramasdan, elimiz orasida taniqli, mahoratli sozandalar koʻp boʻlgan. Afsuski, bugungi kunda aksariyat tengdoshlarimiz hatto, doʻmbira bilan dutorni bir-biridan ajrata olmaydi. Cholgʻu asboblari nomini bilmaydi. Bu bizdek sanʼatsevar millat uchun juda achinarli hol. Shu soha vakillarini hisobga olmaganda, deyarli birorta oʻzbek xonadonida cholgʻu asbobini uchratmaysiz.

Shu boisdan ham sizlarni “Oʻzbek musiqa sanʼati” degan sirli va moʻjizaviy olamga chorlashga qaror qildim. Keling, suhbatimizni hozirgi kunda mavjud milliy cholgʻularimiz bilan boshlaymiz.

Oʻzbek xalq cholgʻularining turi juda koʻp va har birining oʻziga xos chiroyli jarangli tovushi bor. Dutor, doira, nay, gʻijjak va tanbur eng qadimiy xalq cholgʻularimiz hisoblanadi. Ammo, shuni bilib olishimiz kerakki, qadimgi milliy cholgʻularimiz bilan hozirgi oʻzbek xalq cholgʻularining bir-biridan farqi bor. Chunki, oʻzbek xalq cholgʻulari orkestrini tuzish maqsadida XX asr boshida mashhur sozanda Ashot Ivanovich Petrosyans rahbarligida cholgʻusoz ustalar milliy cholgʻularimizni zamonaviylashtirishgan. Bu jarayonda milliy sozlarimizning oilalari shakllantirildi. Ularni yaratishda, biror cholgʻu koʻrinishiga juda oʻxshash, lekin ovozi unga nisbatan yoʻgʻon yoki ingichkalashgan sozlar yaratildi. Bu oʻz navbatida oʻzbek xalq cholgʻulari sonining koʻpayishiga sabab boʻldi.

Xalq cholgʻulari toʻliq shakllangach, ular guruhlarga boʻlindi. Bunda yangi oilasi yaratilgan cholgʻular bir guruhga kirdi. Shunday qilib, oʻzbek xalq cholgʻulari orkestrida 5 ta guruh vujudga keldi. Bular:

1. Puflama cholgʻular guruhi.

2. Urma torli cholgʻular guruhi.

3. Mizrobli va chertma torli cholgʻular guruhi.

4. Urma zarbli cholgʻular guruhi.

5. Kamonli cholgʻular guruhi.

Puflama cholgʻular guruhiga karnay, surnay, qoʻshnay, nay va uning oilasidagi cholgʻular kiradi.

Urma torli cholgʻular guruhiga changlar oilasi kiradi.

Mizrobli va chertma torli cholgʻular guruhiga rubob va dutor oilasi kiradi.

Urma zarbli cholgʻular guruhiga doira, nogʻora, shiqildoq, qayroq kabi urib chalinadigan cholgʻular kiradi.

Kamonli cholgʻular guruhiga esa, gʻijjak oilasiga mansub cholgʻular kiradi.

Oʻzbek xalq cholgʻu asboblarining koʻrinishi va nomlarini bilish biz uchun muhim. Chunki milliy sozlarimiz bizning boyligimiz, maʼnaviy meʼrosimiz. Keling, bu ishni bugundan boshlaymiz! Zotan, oramizdan milliy soʻzlarimiz jarangi bilan butun dunyoni mahliyo etadigan kuylar yaratadigan bastakorlar, sozandalar chiqsa, ne ajab!

 

Goʻzal RAHMONOVA,

Guliston davlat universiteti sanʼatshunoslik fakulteti talabasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.