Qadrlashni oʻrgandim
Har yili yozgi taʼtil boshlanishi bilan Samarqandga – bobom bilan buvimning yonlariga borardim. Ulkan bogʻ va dala-dashtda mazza qilib oʻynardim. Ammo, bu yil u yerda atigi bir haftagina boʻlib, uyga qaytishga toʻgʻri keldi. Sababi, uyimizda taʼmirlash ishlari boshlandi. Devorlarga gulqogʻozlar yopishtirildi. Men bu jarayonlarning har birini diqqat bilan kuzatdim. Oʻz xonamning gulqogʻozlarini yopishtirishda usta amakilarga koʻmak berdim. Ortgan gulqogʻozlarni tartib bilan taxlab, yigʻishtirib, alohida qutiga solib qoʻydim. Agar biror sabab bilan gulqogʻozlar oʻrnidan koʻchib yoki yirtilib ketsa, oʻrniga oʻzim oʻrganganimdek gulqogʻozlarni yopishtirib qoʻyaman, deb oʻyladim-da.
Bir necha yil oldin uyimizni taʼmir qilganimizda, kichkinaligim sabablimi, deyarli ishtirok etmagan edim. Nazarimda, bu safar uyimiz yanayam yorishib ketgandek tuyuldi.
Avvallari koʻp jihatlarga eʼtibor bermaganim – stol-stullarning joyini oʻzgartirishmi, yoki kiyimlarni tartib bilan qoʻyishmi, bularning barcha-barchasiga yanayam eʼtiborli boʻldim. Ozgina ehtiyotsizlik devor va pollarning chiroyiga shikast yetkazib qoʻyishi mumkinligini tushundim. Shunda bobomning: “Qachonki beling ogʻrib oʻzing mehnat qilsang, ana oʻshanda qadriga yetasan. Mehnating singgan joyni asrab-avaylashni oʻrganasan”, der edilar. Men shu taʼtil davomida birovlarning mehnatini, uyimiz chiroyini saqlashni, qadrlashni, asrab-avaylashni oʻrgandim. Bundan keyin ota-onam va ustozlarimga maktab va uy ishlarida doimo koʻmaklashib, ularning ogʻirini yengil qilishni dilimga tugib qoʻydim...
Sardor SANAQULOV,
Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 221-maktabning 6-sinf oʻquvchisi