Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Oʻquvchi mehnati aybmi?

Bizni bolaligimizdan “Mehnatning tagi rohat”, “Mehnat qilgan yetar murodga” kabi maqollar bilan mehnat qilishga, kattalar ish buyurganda, “labbay”, deb javob berishga oʻrgatishgan. Hayotimiz davomida esa halol mehnat – huzur-halovat ekanligiga ishonch hosil qildik. Shu maʼnoda millatning tarbiyasiga hissa qoʻshayotgan biz ustozlar bolalarni avvalo, mehnatga oʻrgatishimiz kerak. Oʻquvchilarni maktabdagi ayrim ishlarga jalb qilish baʼzilar aytganidek, bolalar mehnatidan foydalanish emas, aksincha, ularni mehnatga oʻrgatishga xizmat qiladi. Bolalar maktabni taʼmirlash, hovli yoki sinfni tozalash ishlarida ishtirok etsa, nafaqat mehnat qilishni oʻrganadi, balki mehnatning qadriga yetadi. Oʻzlari taʼlim olayotgan maskanni, sinfini toza, ozoda saqlashga, vayron qilmaslikka harakat qiladi. Bu allaqachon sinovdan oʻtgan usul. Bolalar oʻz mehnati singgan joyni asrab-avaylab, qadrlaydi va atrofidagilardan ham shuni talab qila boshlaydi. Afsuski, bu borada barcha ota-onalarning fikri bir xil emas. Baʼzi ota-onalar oʻqituvchilar oʻquvchilaridan qaysidir ishda yordam berishni soʻrashsa, “Mening bolam sizlarga mardikor emas, u maktabni tozalashga emas, oʻqishga keladi”, – deb norozi boʻladi. Oʻqituvchini behurmat qiladi.

Aslida yil boshida kutubxonadan kitob tashish, yil oxirida kitob topshirishga koʻmaklashish, sinfdagi gullarga suv quyish, javonni tartibga keltirish, sinfni navbatchilik asosida tozalash oʻquvchiga ogʻirlik qilmaydi. Balki jamoa boʻlib ishlashga oʻrgatadi. Bolalarni shu arzimas ishlardan ham uzoqlashtirayotgan ota-onalar farzandlarini kundan kunga dangasa, oʻzgalar mehnatiga nisbatan loqayd qilib tarbiyalayotganliklarini bilishmayapti, bu haqda gapirsak tushunishni ham istashmayapti. Bu esa bolalarning ruhiyatiga taʼsir koʻrsatib, notoʻgʻri fikrlashga oʻrgatyapti. Vaholanki, Yaponiya kabi rivojlangan mamlakatda ham maktab va sinfni har tong bizdagidek farroshlar emas, oʻquvchilarning oʻzlari tozalab, supurib-sidirib, keyin oʻqishni boshlaydi.

Ota-onalar bolalariga maktab – muqaddas dargohligi, oʻqituvchi esa hurmatga loyiqligini, ularni eʼzozlab, “Ustoz” deb murojaat qilish kerakligini uqtirishi zarur. Farzandlarni tarbiya qilayotganda maqsadni toʻgʻri yoʻnaltira bilish, ularning ongiga mehnat qilish ayb emasligini singdirish zarur. Shuni inobatga olish kerakki, faqat kitob-daftar bilan bolalarni yetuk inson qilib voyaga yetkazib boʻlmaydi. Bilim bor joyda, albatta, tartib-intizom va asosiysi, mehnat tarbiyasi ham boʻlishi, bu uch “ogʻa-ini” hamma vaqt birga yurishi shart. Shundagina kelajagimizni ishonib topshira oladigan yoshlar kamol topadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda oʻz sinfini taʼmirlashga koʻmak berayotgan oʻquvchilarning surati tarqaldi. Bunga baʼzi yurtdoshlarimiz ijobiy, ayrimlar salbiy fikr bildirdi. Menimcha, suratdagi oʻquvchilar sinf rahbariga yordam boʻlishi uchun ota-onasining roziligi bilan shu ishga qoʻl urishgan. Men bu vaziyatda hech kimni ayblay olmayman. Bu faqatgina ilojsiz qolgan oʻqituvchiga koʻrsatilayotgan yordam, chora deb ayta olaman. Sababi, davlatimiz tomonidan maktab taʼmiri uchun mablagʻ ajratilganda sinf xonalari hisobga olinmaydi, yoki shu mablagʻ kamlik qiladi. Hokimiyat va tuman taʼlim boshqarmalari esa maktab maʼmuriyatiga barcha xonalarni taʼmirlashni topshiradi. Tabiiy, maktab direktori buni sinf rahbaridan talab qiladi. Aslida, u bunga majbur ham emas. Turgan gap, oʻqituvchi oʻzining arzimagan oyligiga sinfni taʼmirdan chiqara olmaydi. Noiloj ota-onalardan iqtisodiy koʻmak soʻraydi. Imkoniyati yetarli, bir-birini har tomonlama tushunadigan, ahil sinf boʻlsa, taʼmirlash ishlarida muammo boʻlmaydi. Aksincha, yuqoridagiday vaziyatda oʻqituvchi oʻzining imkoniyatidan kelib chiqqan holda taʼmirning oson va arzon yoʻllarini oʻylab koʻra boshlaydi.

Mutasaddilar taʼmir uchun yetarlicha mablagʻ ajratmasa, kelajak poydevoriga befarq boʻlsa, oddiy oʻqituvchi nima ham qila olardi?! Meni shu savollar ayovsiz qiynaydi...

 

Oydinoy KUYJANOVA,

Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 221-maktab oʻqituvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.