Mikrob
Firdavsning eng yomon koʻrgan ishi – tirnoq oldirish. Aksiga olib tirnogʻi juda tez oʻsadi. Qum, tuproq oʻynamasa ham tirnogʻining ichi kir boʻlib qolaveradi. Kecha plastlindan ayiqcha yasagandi. Plastilin qoldiqlari oʻsgan tirnoqlari orasiga kirib qolibdi shekilli, qop-qora boʻlib ketdi. Ammo Firdavs buni oyisiga bildirmadi, indamay bogʻchasiga ketdi. Boʻtqa tarqatayotgan bogʻcha opasining koʻzi Firdavsning kir tirnoqlariga tushdi:
– Firdavs, agar ertaga tirnogʻingni oldirib kelmasang, bogʻchaga qoʻymayman. Hammaga qop-qora mikroblaringni yuqtirasan. Keyin oʻrtoqlaringni qorni ogʻriydi! Axir, sen pashsha emassan-ku? – dedi jahl bilan.
– Nima pashsha mikrob tashiydimi? – hayron boʻldi Firdavs.
– Albatta bir dona xira pashsha panjasida 5 million mikrobni olib yuradi. Shuning uchun pashshani ovqatga qoʻndirmaslikka harakat qilamiz. Sen ham hozir tirnogʻingni orasida kim biladi, qancha kasallik tarqatuvchi mikrobga joy beryapsan. Bu yaxshi emas. Uyga borishing bilan oyingga tirnogʻingni oldirib tashla.
– Xoʻp boʻladi, – Firdavs uyatdan qip-qizarib qoʻllarini orqasiga yashirdi...
– Oyijon, oʻsgan tirnoqlar orasidagi qora narsalar mikrobmi? Mikroblar qora boʻladimi? Qizil mikrob boʻlmaydimi? Mikroblar oʻzi qayerdan keladi? – soʻradi u oyisi bilan bogʻchadan qaytishayotganda.
– Har xil mikrob boʻladi, sen mikroblar haqida qayerdan eshitding? – hayron boʻldi oyisi.
– Qora mikrob qornimizni ogʻritar ekan, qizil mikrob qayerimizni ogʻritadi?
– Qizil mikrobmi?! Qizil mikrob koʻz bilan quloqni ogʻritadi, – dedi oyisi sirli qilib.
– Vuy, quloq ogʻrishini yomon koʻraman! – Beixtiyor quloqlarini ushladi Firdavs. – Lekin kecha bogʻchamizda Imronning tishi ogʻridi. Tishini qanaqa mikrob ogʻritdiykan-a, bechora oʻrtogʻim rosa yigʻladi, – kurak tishini ushladi Firdavs.
– E, mikrobing bilan boshimni qotirib yubording-ku, nega yuvilmagan qoʻlingni ogʻzingga solasan?! Koʻp gapirmay tezroq yur.
– Oyi, qora mikrob tishni ham ogʻritadimi? – qoʻllarini oldinga choʻzib tirnoqlariga qaradi Firdavs.
– Voy oʻlmasam, tirnoqlaring namuncha boʻrining tirnogʻiday oʻsib ketibdi. Ular orasiga kir qayerdan kirdi? Yana qum oʻynadingmi? Yaxshiyam bogʻcha opang koʻrmabdi, uyatdan oʻlardim.
– Oʻlmaysiz, oyijon. Bogʻcha opam koʻrib boʻlganlar. Agar tirnogʻimni olib bormasam, guruhdagi oʻrtoqlarimning hammasini qorni ogʻrirmish, bogʻcha opam aytdi. Barmoqlarim ogʻrisa ham mayli, yigʻlamayman, tezroq tirnogʻimni olib qoʻying.
– Boʻpti, yur tezroq, – qadamini tezlatdi oyisi. Uyga yetib borishlari bilan Aziza opa oʻgʻlini hammomga olib borib qoʻlini yuvdirdi. Keyin hammom tokchasidagi kichkinagina qaychini olib, oʻng qoʻlini uzatib turgan oʻgʻlining tirnoqlarini olishga kirishdi. Birdan Firdavs yigʻlab yubordi.
– Voy, nima boʻldi, nega yigʻlayapsan, barmogʻingni kesib oldimmi?! – choʻchib ketdi oyisi.
– Oyi, men emas, – hiqilladi Firdavs. – Mikroblar yigʻlayapti. Qayoqqa berkinamiz, deyishayapti.
– Yigʻlashmasin, biz ularni tuproqqa koʻmib qoʻyamiz, – dedi oyisi. Firdavs bir oyisiga, bir oq chit roʻmol ustiga tushgan tirnoqlariga qaradi.
– Bekorga mikrob bilan oʻrtoq boʻlibsizlar. Endi tuproq tagida chirib ketasizlar, – dedi achinib.
– Juda toʻgʻri, kim yomon bilan oʻrtoq boʻlsa, oʻzi ham yomon boʻlib qoladi, – dedi oyisi.
Muhabbat Hamidova