Jumaniyoz Jabborov
Shoir va dramaturg Jumaniyoz Jabborov 1930-yilda Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi Poʻloti qishlogʻida dunyoga kelgan. Oʻrta maktabni tugatib, Oʻrta Osiyo Davlat universitetida tahsil olgan. 1952–1953-yillarda Moskvadagi Oliy Adabiyot kursida oʻqigan.
Mehnat faoliyatini 1953-yilda “Sharq yulduzi” jurnalida boʻlim mudiri vazifasidan boshlagan. 1962–64-yillarda “Gulxan” jurnali bosh muharriri, 1964–67-yillarda hozirgi “Oʻzbekiston ovozi” gazetasining adabiyot va sanʼat boʻlimi mudiri, 1967–76-yillarda bosh muharrir oʻrinbosari vazifasida faoliyat koʻrsatdi. 1981–85-yillarda Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyotida direktor lavozimida mehnat qilgan. 1990-yildan umrining oxirigacha Oʻzbekiston Davlat mukofotlari qoʻmitasida masʼul kotib vazifasida ishladi.
Shoirning ilk toʻplami “Vatanimni kuylayman” nomi bilan 1953-yilda chop etildi. Shundan soʻng uning qator sheʼriy kitoblari nashr etila boshladi. U mohir dramaturg sifatida ham keng tomoshabinlar eʼtiborini qozongan sahna asarlarini yaratdi. “Oʻjarlar” (1971), “Yillar oʻtib” (1975), “Toʻydan oldin tomosha” (1979), “Choʻl chaqmogʻi”, “Jon qoʻshnilar”, “Ziyofat”, “Neksiya” singari qator dramatik asarlari mamlakatimiz teatrlarida, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston respublikalari teatr sahnalarida muvaffaqiyatli namoyish etildi. Shuningdek, Firdavsiyning “Shohnoma” asari hamda A. Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romani asosida musiqali drama yaratdi.
Mustaqillik yillarida yanada qizgʻin va samarali ijod qildi. Uning “Eʼtiqod”, “Muhabbat chogʻi” singari oʻttizga yaqin sheʼriy toʻplamlari, oʻnlab doston va dramatik asarlari nashr etilgan. Lermontov, Bayron va Firdavsiy asarlarini ona tilimizga oʻgirdi.
Jumaniyoz Jabborov oʻzbek adabiyoti rivojiga qoʻshgan munosib hissasi ushun davlatimiz tomonidan “Shuhrat” medali, “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi”, “Oʻzbekiston xalq shoiri” unvonlari bilan mukofotlangan.