Ismaloqda shifo behisob
Qadimdan buvilarimiz bahoriy koʻkatlardan pishiriqlar, turli taomlar tayyorlashgan. Bu bejiz emas, albatta. Ismaloq, jagʻ-jagʻ, yalpiz kabi koʻkatlar qish boʻyi sarxil neʼmatlarga tashna boʻlgan tanangizga kuch-quvvat bagʻishlaydi. Quyida ismaloqning foydali xususiyatlarini sanab oʻtamiz.
U kamqonlikni davolaydi va immunitetni mustahkamlaydi. Milklaringiz yalligʻlanganda ogʻzingizni ismaloqning yangi siqib olingan sharbati bilan chaysangiz, yaxshi foyda beradi.
Ismaloq damlamasi shamollashni davolaydi. Shu bois ham uni laringit, angina, faringit, bronxlar va oʻpka yalligʻlanishi bilan ogʻrigan bolajonlar isteʼmol qilsalar, sogʻayishlari oson boʻladi.
U bosh ogʻrigʻini qoldiradi. Bargi qaynatmasi asab tizimi buzilganda tinchlantiruvchi vosita sifatida ichib turiladi. Qaynatma tayyorlash uchun ismaloqning 5–10 dona bargini toʻgʻrab, 2 stakan suvda oʻn daqiqa qaynatgach, 1 soat tindiriladi. Soʻngra qaynatmani suzib olib, kuniga uch mahal yarim piyoladan ichiladi.
Ismaloq kaloriyasi past neʼmat boʻlgani bois ozishni istaganlar uchun koni foyda. Uni parhez taomlarga solib yeyilsa, vitamin tanqisligi sezilmaydi, yuqumli kasalliklarga chalinish ehtimolini kamaytiradi.
Bu koʻkat foydali birikmalarga nihoyatda boy. Shu bois ham oʻsimlik saraton kasalligi paydo boʻlishining oldini oladi.
Koʻkatdan tayyorlangan salat organizmni turli toksin, zaharli modda hamda chiqitlardan tozalaydi. Undagi temir moddasi hujayralarni kislorod bilan taʼminlashga yordam beradi va modda almashuvini yaxshilaydi. Dietologlar turli noqulay va radiatsiya bor joyda ishlaydigan odamlarga shu koʻkatni tavsiya qilishadi. Chunki ismaloqda organizmdagi radionuklidlarni meʼyoriga tushiruvchi modda mavjud.
Tarkibidagi kalsiy va boshqa bir qator ozuqa moddalari suyak toʻqimalarini mustahkamlaydi, tayanch-harakat tizimi xastaliklarini davolaydi.
Barglarida mavjud hujayra va uglevodlar koʻz pardasini tiklab, koʻrish qobiliyatini yaxshilaydi.
Uning yirik yaproqlarida shovul kislotasi koʻp boʻladi. Isteʼmol uchun uning mayda, barra barglaridan foydalangan maʼqul.
Ismaloqni uzoq saqlab boʻlmaydi, aks holda, tarkibida organizmga zararli taʼsir qiluvchi tuzlar koʻpayib ketadi.
Kimlarga mumkin emas
Ismaloqning tarkibidagi kislota buyrak, jigar, oʻn ikki barmoqli ichak va oʻt qopi faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Mazkur aʼzolarida xastaligi bor bemorlar ismaloqni isteʼmol qilishda ehtiyot boʻlishi
zarur.
Dilafroʻz ZAYNIYEVA tayyorladi.