Xans Kristian Andersen
Har yili 2-aprelni Xalqaro bolalar kitobi kuni sifatida bayram qilamiz. Nega aynan 2-aprel, deb hech oʻylab koʻrganmisiz? Chunki shu kuni dunyo bolalarining sevimli ertakchisi Andersen tavallud topgan. Uning “Suv parisi”, “Qor malikasi”,”Irkit oʻrdakcha” ertaklarini bilmagan, multfilmini sevib tomosha qilmagan birorta oʻzbek xonadoni boʻlmasa kerak. Bayram ana shu buyuk ertakchiga ehtirom sifatida 2-aprelda nishonlanadi.
Xans Kristian Andersen 1805-yil 2-aprelda Daniyaning Odens shahrida etikdoʻz oilasida tugʻildi. Xans 14 yoshga kirganda otasi vafot etdi. U aktyor boʻlish ilinjida Kopengagenga boradi va uch yil teatrda turli ishlarni bajaradi. Dat, lotin va nemis tillaridan saboq ham oladi. Bu orada aktyor boʻlishdan umidini uzgan Xans ijod bilan shugʻullanadi va “Elflar quyoshi” dramasini yozadi. Drama Qirol teatri direksiyasiga maʼqul boʻladi. Direksiya qiroldan yosh isteʼdodni oʻqitish uchun stipendiya ajratishni soʻraydi. Iltimos qondiriladi. Andersen dastlab, Slegels, keyinroq undan-da nufuzli boʻlgan Elsinor gimnaziyalarida tahsil oladi. Gimnaziyani muvaffaqiyatli tugatgan Andersen 1828-yilda Kopengagen universitetiga oʻqishga qabul qilinadi. Oʻzining ajoyib drama, esse, publitsistika va sheʼrlari bilan talabalik chogʻidayoq shuhrat qozonadi. Qizigʻi, u ijodining dastlabki davrida faqat kattalar uchun asarlar yozgan. 1833-yilda Andersenning bir turkum sheʼrlarini oʻqib zavqlangan qirol unga salmoqligina pul mukofoti ajratadi. Andersen bu mablagʻni Yevropa sayohatiga sarfladi. Fransiya, Shveysariya, Italiya, Gretsiya, Ispaniya davlatlarida boʻldi. Yozuvchi safar davomida juda koʻp narsalarni koʻrdi, eshitdi. Xalq ogʻzaki ijodi bilan yaqindan tanishdi. Shu tariqa yozuvchining bugungi bolalar ham sevib oʻqiyotgan adabiy ertaklari dunyoga keldi. “Bolalar uchun aytilgan ertaklar” (1843–1848), “Tarix” (1852–1855), “Yangi ertaklar va tarix” (1858–1872) toʻplamlari Andersen nomini dunyoga tanitdi. Andersen qahramonlari mehnatkashligi, samimiyligi, halolligi, aql-idroki, axloq-odobi bilan kitobxonga yoqib qoldi. Ertakchilar otasi X. K. Andersen 1875-yil 4-avgustda Kopengagenda vafot etgan.
Mana sal kam uch asrdirki, uning ertaklari hali-hanuz dunyo bolalari tomonidan sevib oʻqilmoqda. Jahonning eng yaxshi bolalar ijodkorlari uning nomida taʼsis etilgan mukofot bilan taqdirlanadi. Oʻzbek bolalarining sevimli yozuvchisi Hakim Nazir ham Xalqaro Andersen mukofoti bilan taqdirlangan.
M. HAMIDOVA