Karting – jozibali sport
Odatda katta-yu kichik birday mashina haydashga qiziqadi. Garchi avtomobil haydash nasib qilmasa-da avtopoygalarni miriqib, hayajon ammo, biroz hadik bilan tomosha qilishadi. Urganchlik qizaloq Angel Lutsenko ham avtopoyga ishqibozi. Dadasi bilan televizor qarshisida oʻtirvolib avtomusobaqalarni tomosha qilishni xush koʻradi.
Shunday kunlarning birida u kutilmaganda dadasidan:
– Nega avtopoygalarda faqat erkaklar qatnashadi?! Axir ayollar ham mashina haydaydi-ku. Yoki ular qoʻrqadilarmi? – deb soʻrab qoldi. Keyin ishonch bilan qoʻshib qoʻydi:
– Katta boʻlsam avtopoygachi boʻlaman.
– Yaxshi niyat, ammo avtopoyga erkaklar sporti-ku, qizim, – oʻylanib qoldi dadasi.
– Nima, unda men orzuimga yetolmaymanmi, – chinakamiga xafa boʻldi qizaloq.
– Ertaga seni bir joyga olib boraman, shundan keyin bir qarorga kelarsan, hozircha qizishma, – qizini boshini siladi ota. Ertasi kuni u qizalogʻini karting poygalari uyushtirilayotgan joyga olib keldi. Qizaloq mittigina poyga avtomobilini mahorat bilan boshqarayotgan sportchilar, ular qoʻllayotgan taktika, shuningdek, bir-biridan koʻrkam va ixcham kartinglarning yeldek harakatlariga mahliyo boʻlib qoldi. Bu paytda, Angel sakkiz yoshda edi.
Oʻsha kundan boshlab qizaloq Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Xorazm viloyati texnik va amaliy sport turlari markazining karting seksiyasiga qatnay boshladi. U yerda tajribali trener Yevgeniy Jumaniyozovdan ushbu sport turining (u avvallari kartingni sport deb emas, koʻngilochar oʻyin deb hisoblardi) sir-sinoatlarini sidqidildan oʻrganishga kirishdi. Qisqa fursat ichida nafaqat karting haydashni, balki uning qoidalarini ham yaxshigina oʻzlashtirdi. Va klub miqyosida uyushtirilgan ilk musobaqadayoq sovrindorlar safidan joy oldi. 2018-yil kartingchi qiz hayotida oʻchmas iz qoldirdi. Dvigatel hajmi 50 santimetr/kub boʻlgan karting poygalarida qatorasiga toʻrt marotaba Xorazm viloyati chempionligini qoʻlga kiritdi. Karting musobaqasi nizomiga koʻra, poygalarda oʻgʻil va qiz bolalar bir vaqtni oʻzida oʻzaro bellashishiga eʼtibor qaratsak, bu Angel uchun oʻziga xos natija edi.
Tabiiyki, uning mahorati mutaxassislar nazariga tushdi – Angel Lutsenko viloyat terma jamoasiga jalb qilindi. Endi Angel mamlakatimiz miqyosidagi musobaqalarda Xorazm vohasi sharafini himoya qila boshladi. Ayni damda, shijoatkor bu qiz dvigatel sigʻimi yanada kuchli, yaʼni 61,5 santimetr/kub boʻlgan kartingda kuch sinashib, tomoshabinlar olqishiga sazovor boʻlmoqda.
– Qizimni qoʻllab-quvvatlab turish uchun har bir musobaqasiga hatto, respublika birinchiliklariga ham borishga harakat qilaman. Uning yutuqlarini koʻrib, dildan quvonaman. Farzandi kamolini koʻrish har bir ota-ona uchun yoqimli, – deydi Angelning onasi Yelena Lutsenko toʻlqinlanib.
Oʻtgan yili pandemiya tufayli deyarli musobaqalar oʻtkazilmadi. Angel bir marta, 5-8-noyabr kunlari Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon shahrida oʻtkazilgan Oʻzbekiston chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etib, “Gʻalabaga boʻlgan irodasi uchun” faxriy yorligʻi bilan taqdirlandi.
Urganch shahridagi 10-maktabning 7-”V” sinf oʻquvchisi Angel Lutsenko aʼlo oʻqishi, jamoat ishlarida faol ishtiroki va sportga oshno tutinganligi bilan sinfdoshlariga oʻrnak boʻlayapti. Ha aytgancha, uning orzulari cheksiz. Shulardan biri – karting boʻyicha Oʻzbekiston chempioni boʻlish.
Bir soʻz bilan aytganda, karting Angelning sevimli mashgʻulotiga aylangan. Mubolagʻa emas, bu isteʼdodli sportchining kelajakdagi istaklari va orzularini roʻyobga chiqarishga, jismonan sogʻlom va barkamol ruhda oʻsishiga xizmat qilayotir. Zero, jozibali sport turi karting insonni chaqqon, jasur va sogʻlom qilib tarbiyalaydi. Sogʻlik esa ulkan yutuqlar garovidir.
Ikrom XUDOYBERGANOV