Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Limon – tanaga darmon

Sovuq kunlarda shamollab qolsangiz, birinchi yordamni limon beradi. Ayniqsa, shakar va limon aralashmasidan tayyorlangan choy juda xushxoʻr va mazali tuyuladi. Uni ichganingizda butun tanangiz yayraydi, tetiklashadi. Limonli choy immunitetimizga turli virus hamda kasalliklar bilan kurashishga yordam beradi. Qolaversa, dori-darmon sanoatida ham limondan unumli foydalaniladi.

Mutaxassislarning fikricha, limon bosh terisini qazgʻoqdan yaxshi tozalaydi. Teri bilan bogʻliq muammolar – dogʻlar, izlar va husnbuzarlarni yoʻqotishda ham juda qoʻl keladi. Shuningdek, bu meva tanamizning “qaysar” qismlari – tirsak va tizzalarni tozalashda ham asqotadi. Limonni boʻlaklarga boʻlib, terining muammoli joylariga surtiladi.

Limondan yana tirnoqlarni oqartirish, ogʻiz boʻshligʻidagi hidni yaxshilash va oyoqlardagi ogʻriqni davolashda foydalanish mumkin. Limon artrit va revmatizm kabi kasalliklarni osonlikcha davolashi mumkin. Chunki u tanadagi tuzlarni eritish xususiyatiga ega.

Har kuni bir osh qoshiq miqdorida limon suvidan ichib turing!

Shuningdek, limon vabo va bezgak kabi kasalliklardan asrovchi tabiiy qon tozalovchi vosita hamdir.

Bu meva S, A, E vitaminlari, xrom, kaliy, magniy va temirga boy.

Limonni ikkiga boʻlib, yotoqxonada qoldirsangiz hidi oʻpka bilan bogʻliq muammolarni bartaraf qilib, toza havodan nafas olishga imkon beradi.

 

1. Tozalovchi choy

Limon poʻstlogʻida mavjud boʻlgan pektin moddasi va S vitamini jigar, ichak faoliyati va buyraklarning toʻgʻri ishlashi uchun oʻta muhim. Uning tarkibidagi faol bugʻlovchi moddalar organizmdan zararli moddalarni chiqarish xususiyatiga ega.

Choy tayyorlash uchun idishga 2 dona limon poʻstlogʻi va bir litr suv solib gaz plitasiga past olovda qaynagunicha qoʻying. Soʻng damlamani 15 daqiqa dam oldiring. Sovugach kuniga 3 mahaldan iching.

 

2. Xushboʻy oʻsimlik yogʻi

Salat, taomlaringiz xushboʻy hid taratishi uchun ikki dona limon poʻstlogʻini qirgʻichdan oʻtkazib, 200 gramm oʻsimlik yogʻiga qoʻshing. Bir necha kunga tindirib qoʻying. Taom tayyorlagan paytingizda undan taʼbga koʻra foydalaning.

 

3. Xushboʻylantiruvchi vosita

Buning uchun limon poʻstlogʻi va 3 dona rozmarin (xushboʻy moy olinadigan buta) shoxini idishga solib, yarim litr suv quyib, oʻn daqiqa qaynatgach 1 choy qoshiq vanilin qoʻshib yana 5 daqiqa qaynating. Tayyor boʻlgan qaynatmani suyuqlik purkagichga solib, xonalarga sepib chiqishingiz mumkin.

 

Dilafroʻz ZAYNIYEVA tayyorladi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.