Benjamin Franklinning 13 qoidasi
Dunyoda shunday insonlar yashab oʻtganki, ularning hayotiy tajribalari, merosi barcha uchun ibrat maktabi boʻla oladi. Ana shunday buyuk shaxslardan biri Amerikaning birinchi prezidenti, faylasuf, olim va ixtirochi Benjamin Franklindir. U 1706-yilda Amerikaning Massachutes shtatida dunyoga kelgan. Otasi Jozef Franklinning sovun va sham ishlab chiqaruvchi sexi boʻlgan. Yosh Benjamin mustaqil tahsil olgan.
1746-yilda Benjamin doktor Spensning “Fizika xonasi moʻjizalari” seansiga boradi. U yerda ilk bor elektr mashinasi bilan tanishadi va elektr tajribalariga qiziqib qoladi.
U insoniyat tarixidagi eng ajoyib va buyuk ixtirolardan biri hisoblanmish yashin qaytargich hamda tebranma oʻrindiqni ixtiro qildi, elektr sohasidagi kashfiyotlari bilan jahonga dong taratdi. Faylasuf sifatida esa insoniy munosabatlar muammosini tadqiq etib, koʻplab foydali amaliy tavsiyanomalar yozdi. Uning “Ozodlik va zaruriyat, huzur-halovat va iztirobga doir mulohazalar” (1725), “Boy boʻlishni istovchilar uchun muhim maslahatlar”, “Moʻl-koʻlchilikka yoʻl” (1758) asarlari juda mashhur. Benjamin Franklin “Yosh savdogar uchun maslahatlar” asarida ilk bor “Vaqt – pul” degan mashhur iborani ishlatdi. Vaqt qadri, uning hamma narsaga taʼsiri haqida soʻz yuritdi. U Amerika konstitutsiyasi mualliflaridan biri hamdir.
B. Franklin 1790-yilda 84 yoshida vafot etdi, oʻshanda butun Amerika xalqi 30 kun motam tutdi. Uning nomi insoniyat koʻrki, ilm, ozodlik va Vatan uchun beqiyos xizmat koʻrsatgan daho sifatida “Insoniyatning eng buyuk namoyandalari” roʻyxatiga kiritilgan.
Franklin erishgan muvaffaqiyatlarining siri haqida esdaliklarida shunday deb yozadi:
– Oʻsha paytda menga zarur va yoqimli boʻlib tuyulgan fazilatlarni 13 nom bilan atadim va ularning har biri haqida yoʻriqnoma tuzdim.
1. Sokinlik – faqat oʻzimga yoki boshqalarga foyda keltirishi mumkin boʻlgan soʻzlarni soʻzlash, quruq gaplardan qochish.
2. Tartib – har bir buyumni oʻz joyida saqlash, har bir mashgʻulotga muayyan vaqt ajratish.
3. Qatʼiyat – nimani qilish kerak boʻlsa, soʻzsiz shunga kirishish; kirishilgan narsani soʻzsiz bajarish.
4. Tejamkorlik – pulni faqat yaxshilik keltiradigan ishlarga sarflash, yaʼni hech narsani isrof qilmaslik.
5. Mehnatsevarlik – vaqtni bekor oʻtkazmaslik, har doim foydali biror ish bilan mashgʻul boʻlish, befoyda mashgʻulotlardan voz kechish.
6. Samimiyat – yolgʻon yoki aldov bilan hech kimga zarar keltirmaslik, toʻgʻri va adolatli fikr yuritish bu tamoyillarga gapirganda ham amal qilish.
7. Adolat – hech kimga zarar keltirmaslik, adolatsizlik qilmaslik va zimmadagi ezgu ishlarni bajarmay qoʻymaslik.
8. Meʼyor – har narsada haddan oshmaslik; adolatsizlik tufayli tugʻiladigan alam tuygʻusini imkoni boricha tiyish.
9. Ofiyat – ozodalik; kiyinish va turar joyda orastalikka amal qilish.
10. Xotirjamlik – arzimas narsalar hamda odatdagi yoki muqarrar holatlardan hayajonga tushmaslik.
11. Tiyilish – toʻyib ketguncha yemaslik.
12. Donolik – doimiy kitobxonlik.
13. Kamtarlik – bu fazilatda Iso va Suqrotga taqlid qilish.
Dilafroʻz ZAYNIYEVA tayyorladi.