Navoiy yodi
Biz maktablarda oʻtkaziladigan tadbirlarda tez-tez ishtirok etamiz. Ibrat olsa arziydigan tadbirlarni jurnal sahifalarida yoritishga, respublika bolalariga maʼlum qilishga harakat qilamiz. Ammo hamma badiiy keshalar ham qiziqarli, zavqli oʻtavermaydi. Sababi, yuzaki tayyorgarlik bilan oʻtkazilgan bayram tomoshabinni oʻziga jalb qila olmaydi. Shunday paytlarda ketgan vaqtimizga achinib, masʼuliyatsiz oʻqituvchilardan biroz ranjib qaytamiz. Ammo bu safar hammasi boshqacha boʻldi...
Kuni kecha Shayxontohur tumani Xalqaro Islom akademiyasi qoshidagi “Ziyo-zukko” umumtaʼlim maktabida hazrat Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bagʻishlab “Gʻazal mulkining sultoni” deb nomlangan katta tadbir oʻtkazildi. Unda taniqli shoira Zulfiya Moʻminova, Islom akademiyasining professor, oʻqituvchilari, Respublika taʼlim markazi va “Gulxan” jurnali ijodkorlari ishtirok etishdi.
Eʼtiborli tomoni shundaki, adabiy kechada mazkur maktabning barcha ustozlari oʻquvchilar bilan birgalikda maqom, sheʼr va gʻazallarni oʻzbek, arab, ingliz, rus tillarida baralla aytishdi. Bir-biridan ajoyib milliy raqslar ijro etishdi, sahna asarlaridan parchalar namoyish qilishdi. Katta zalni toʻldirib oʻtirgan ishtirokchilar har bir chiqishni maroq bilan tomosha qilishar ekan, bu tadbir ortida ulkan mehnat va tayyorgarlik borligini his etishdi. Ayniqsa, Alisher Navoiy timsolida chiqqan maktab oʻqituvchisi Sohibmirzo Mamadaliyev gʻazal mulkining sultoni siymosini aniq va yorqin talqin etib, bayram ishtirokchilari olqishiga sazovor boʻldi. “Xamsa” asari asosida tayyorlangan har bir sahna koʻrinishi oʻquvchilarni ushbu dostonlarni qayta mutolaa qilishga undagan boʻlsa ajab emas.
Maktab direktori Nargiza opa Ismatovaning: “580 yildan soʻng ham sizni kimdir yodga olib, xotirlashi – buyuk hodisadir. Biz shunday buyuk bobolarimizga faqatgina soʻz bilan emas, oʻz amallarimiz bilan ham munosib boʻlishimiz kerak”, – degan soʻzlari barchani toʻlqinlantirib yubordi.
Oʻylaymizki, bunday eʼtibor va masʼuliyat bilan oʻtkazilayotgan adabiy kechalar bolalarning bilimi va zehnini oshirish, ulugʻ tariximizni yana-da mukammalroq oʻrganishlari uchun xizmat qiladi.
Nilufar JABBOROVA