Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bir qoʻngʻiroq izidan

Yaqinda Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi 31-maktabdan qoʻngʻiroq boʻlib qoldi:

– Men boshlangʻich sinf oʻqituvchisi Charos Eshbekovaman. Darsda 3-sinf oʻqish kitobidan sizning “Notinch mamlakatlarda” deb nomlangan sheʼringizni oʻtayotgan edik. Ochiq dars tashkil qilyapmiz. Unda tumandagi 60 ta maktabdan boshlangʻich sinf oʻqituvchilari qatnashadi. Sizni maktabga, ana shu oʻquv seminarga taklif qilsak kelasizmi?

– Maktab bolalari “Gulxan” jurnalini ham oʻqishadimi? – soʻradim oʻqituvchidan.

– Ha-ha, albatta, sinfimiz oʻquvchilari bilan 3 ta jurnalga obuna boʻlganmiz. Biz oʻqituvchilar ham yaxshi koʻramiz bu jurnalni. Bolaligimizda qoʻlimizdan qoʻymay oʻqiganmiz, – dedi muallima.

Yanvar oyining soʻnggi kunlari edi. Belgilangan soatda maktabga yetib bordim. Darhaqiqat, shu kuni maktabning barcha boshlangʻich sinflarida ochiq dars soatlari tashkil etilibdi. Turli maktablardan kelgan oʻqituvchilar bu darslarni kuzatib, eng yaxshi tajribalarni oʻzlari ishlayotgan maktablarda ham tatbiq etish maqsadida fanlar va sinflar kesimida guruhlarga boʻlinishibdi. Men ham ochiq darsda qatnashib, bir olam taassurot oldim. Agar yurtimizdagi barcha maktablarda Charos Eshbekova singari fidoyi, bolajon, vatanparvar, izlanuvchan oʻqituvchilar koʻpaysa, oʻylaymanki, taʼlim-tarbiyada ham Prezidentimiz nutqlarida qayta-qayta takrorlanayotgan yangi Oʻzbekistonni barpo etish sari qoʻyilgan qadamlarda ham shijoat va dadillik ortganiga ishonaman.

Darslar tugagach, muhokamalar boshlandi. Maktab rahbari Dilfuza Qoʻqonova hamda tuman XTB boshlangʻich sinflar uslubchisi Jamila Ahrorqulovalar meni oʻqituvchilar xonasiga taklif etishdi.

– Tumanda Charosxon kabi ilgʻor oʻqituvchilar juda koʻp, – deb gap boshladi Jamilaxon. – Iqtidorli oʻquvchilar ham talaygina. Mental, arifmetika fanlari boʻyicha onlayn olimpiada gʻoliblari asosan, bizning tuman oʻquvchilaridir. Yana bir xushxabar. Kechagina shu maktabning 4-sinf oʻquvchisi Eʼzoza Anorboyeva ingliz tilidan onlayn tanlovning faol ishtirokchisi deb topildi.

– Darhaqiqat, – suhbatni davom ettirdi maktab rahbari, – nafaqat oʻqituvchilarimiz, oʻquvchilarimiz ham har sohada ilgʻor. 4-”A” sinf oʻquvchisi Aziza Shirinxonova shaxmat boʻyicha tumanda gʻolib chiqib, viloyat bosqichiga oʻtdi. Avaz Safarov ingliz tilidan respublikada final qatnashchisi boʻldi.

Ularning shogirdlari yutuqlaridan faxrlanib soʻzlashlarini tinglar ekanman, yana yurtimiz rahbarining shu yil 19-yanvar kuni maʼnaviyat va maʼrifatga bagʻishlangan majlisdagi: “Maʼnaviy immuniteti mustahkam avlodni tarbiyalashimiz kerak” – degan gaplari quloqlarim ostida jarangladi.

Darslar, muhokamalar yakunlanib, barcha oʻqituvchilar maktabning moʻjazgina tadbirlar zalida yigʻilishdi. Men 90 yoshli jurnalning bugungi faoliyati haqida soʻzlab berdim. Jurnal sahifalarida chop etilgan sheʼrlarimdan oʻqidim. Shundan soʻng oʻquvchilar ijrosidagi qoʻshiq va raqslarni tinglab, tomosha qildik. Ularning sahnadagi dadilligi, biyronligi menda katta taassurot qoldirdi. Poytaxtdagi kabi barcha sharoitlarga ega maktab, u yerda bolalarga taʼlim-tarbiya berayotgan, yangilikka intiluvchan oʻqituvchilar jamoasini koʻrib, uzoq yoʻl bosib borishimga arziydigan yutuqlarni kuzatib, koʻnglim togʻdek koʻtarildi.

Zahro HASANOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.