Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kichik hikoyalar

Tarix xursand bo‘ladi

Yangi asfalt qilingan tep-tekis  yo‘lda   velosipedida  g‘izillab   ketayotgan   Akobir birdaniga  egardan uchib tushdi. Yerga qattiqroq tushdi shekilli  voy-voylab yig‘lab yubordi.

– Yig‘lama, yig‘lama, o‘rtoq, qaytaga xursand bo‘l, sen tarix   yaratding, – dedi  yugurib kelib uni turg'izayotgan Firdavs  tirjayib.

– Qanday  qilib? –  hayron bo‘ldi  Akobir belini ushlab inqillar ekan.

– Chunki, seni  tep-tekis  yo‘lda  yiqilgan  birinchi  velosiped haydovchi  sifatida  tarixga  kiritishadi.

 

***

Kuch bo‘lar emish

–  Dodajon, meni  opichib oling, – dedi Mehrinoz peshonasidagi terni qiyig‘iga artayotgan  bobosining  yoniga  yugurib kelib.

– Ilojim yo‘q, bolam,  uzum uzib charchadim. Seni ko‘tarishga kuchim  yo‘q, – dedi  Ravshan bobo  yonidagi kursiga  ohista o‘tirarkan.

–  Dodajon, siz  meni  opichib oling,  o‘zim  sizga  kuch bo‘laman, –  bobosini mahkam  achomlab oldi Mehrinoz.

 

***

Xafa bo‘ladi

– Bolam, yig‘ishtir shu hushtagingni, qulog‘im bitib   ketdi, – dedi Ravshan  bobo qo‘lidagi  o‘yinchoq  surnayini  qattiq chalib  hovlining  u boshidan bu boshiga  yugurayotgan  Firdavsga.

– Dodajon, – birdan to‘xtab pichirladi Firdavs, – sekinroq gapiring, xafa bo‘ladi.

– Kim xafa bo‘ladi? –  hayron bo‘ldi Ravshan  bobo.

– Surnayim-da! Axir siz  uni  hushtak dedingiz-ku!

 

***

Nega 10 olding

Uch yoshli    Mehrinoz  bilan  Ominaxon hovlida  berilib  “oyisi-oyisi” o‘ynayapti.

–  Oyijon, – dedi  Ominaxon, – o‘rtoqlarim chaqiryapti. Maylimi  ular bilan o‘ynab  kelsam?

–  Qani, avval daftaringni ko'rsat-chi, besh oldingmikan, – dedi “oyisi”.

–  “Besh”mas, “o‘n” oldim.

– Hoy quloqsiz, nega  aytganni qilmading. Adang ikkalamizni  ham urishadi endi. Axir   senga “besh” olib kel, degandilar-ku. Bor, uyga kirib darsingni tayyorla, ko‘chaga chiqish yo‘q, – dedi “oyisi”  qovog‘ini solib.

 

***

Hammasi emas

– Firdavs, bolajonim, buncha aqlli bo‘lmasang, – dedi nabirasining burroburro  javoblaridan  qoyil qolgan buvisi.

– Buvijon,  haliyam aqlimning yarmini ishlatdim, – taltaydi  Firdavs buvisining quchog‘ida.

– Shunaqami, yarmini nega ishlatmading? – Nabirasiga   sinovchan tikildi buvi.

 Yarmini hali maktabda ishlataman.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.