Ijod muhitingizni toping!
Ba’zan atrof-muhit, ona tabiat sizni o‘ziga chorlaydi. Undagi go‘zallikdan bahra olib, ijod qilgingiz, she’rlar, hikoyalar bitgingiz keladi. Gohida miyangiz tanlagan mavzuyingiz haqida ma’lumotlar, voqealar rivoji, tasvir va illyuziyasini rejalashtiradi. Biroq uni qay yo‘sinda asar holatiga keltirishni o‘ylab qoladi. Shunday paytda siz o‘ylaganlaringizni qog‘ozga tushirasiz-u, qayta o‘qib o‘zingizga yoqmaganini sezasiz. Chunki, ko‘nglingizdagidek chiqmaydi-da! Yoki, o‘sha mashqni tahririyatga olib borsangiz, yozganingiz nashrga tavsiya etilmay, tanqidga uchraydi. Balki bu omadsizliklarning sababi o‘zingizga xos muhitni haligacha izlab topolmaganingizdadir...
Hattoki, olamga dong‘i ketgan shoir va yozuvchilar ham o‘z uslubini izlab ancha mashaqqat chekishgan. Ammo ana shu mashaqqat ularni mashhurlikka yetaklagan. Ular yozayotganda hech kim bezovta qilmasligi uchun xonaga qamalib olishgan. Chunki ular kutilmaganda bezovta qilishlar fikrni qochirishi mumkin deb o‘ylashgan. Masalan, ispaniyalik taniqli yozuvchi Migel de Servantes o‘z asarlarini qamoqxonada yozishni rejalashtirgan. Uning “Don Kixot” asari panjaralar ortida yaralgan. Jon Banyanning “Avliyoning sayohati”, Oskar Uayldning “Qamoqxonadagi istig‘for”, Nikolo Makiavellining “Hukmdor” romanlari ham qamoqxonada yozilgan.
“Maugli” multfilmini ko‘rmagan bola bo‘lmasa kerak?! Maugli haqida kinolar, spektakllar ham ishlangan. Ushbu obrazni yaratgan ingliz yozuvchisi Redyard Kipling noodatiy tarzda ijod qilgan. Siz sevib tomosha qiladigan “Maugli”, “Riki-Tiki-Tavi”, “Dovyurak dengiz sayyohlari” kabi sarguzasht asarlarni qora rangli siyohda yozgan. Agar uning siyohi boshqa rangda bo‘lsa, u bir qator ham jumla qoralay olmagan.
Yana bir ingliz yozuvchisi Charlz Dikkens yuzini shimolga o‘girgan holdagina ijod qila olgan. U shimoldan esayotgan shabada va ilhom ta’sirida “Oliver Tvistning boshidan kechirganlari”, “Martin Chezlvit”, “Mashaqqatli zamon”, “Devid Kopperfild” va boshqa romanlarni yaratgan. Hattoki, u yuzini shimolga qaratib yotmasa, tunlari uxlolmagan.
Fransiyalik yozuvchi Onore de Balzak har safar yangi asar yozishdan oldin bir-ikki oy o‘z xonasiga qamalib olarkan. Yozuvchi pardalarni yorug‘lik tushmaydigan darajada mahkam yopib, xalatini kiyib, sham yorug‘ida ijod qilarkan. Balzak kuniga 18 soat yozar, bu vaqt davomida unga kun va tunning farqini bilmaslik muhim ekan. Uning ana shunday qorong‘uda yozgan “Gorio ota”, “Yo‘qotilgan orzular”, “Insoniyat komediyasi” asarlari butun dunyoga mashhur.
O‘zbek adabiyotining yorqin namoyondasi Abdulla Qodiriyning ham yozish uchun o‘z muhiti bo‘lgan. O‘g‘li Habibulla Qodiriyning eslashicha, u “O‘tkan kunlar” romanini yozayotganda hech kim bezovta qilmasligini hammaga tayinlab, ichkariga kirib ketarkan. Shu zaylda kun bo‘yi ijod qilarkan.
Ijodkorlik har birimizning qalbimizda pinhon. Agar bunga ishonchimiz komil bo‘lsa, uni yuzaga chiqarmoq uchun ilhom berkingan maydonni topishimiz kerak.
Azim AXTAMOV