Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kitob o‘qib boyiganim qoladi

“Gulxan” jurnalining aziz muxlislari. Eng avvalo, sizlarni yaqinlashib kelayotgan katta tantana – Vatanimiz mustaqilligining 27 yillik to‘yi bilan barcha ijodiy jamoamiz nomidan samimiy qutlaymiz. Hamisha sog‘-salomat yuring, o‘qish, o‘rganish, intilishdan charchamang. Ota-onangiz, mehribon ustozlaringiz, eng asosiysi, bugun sizga katta g‘amxo‘rlik namunasini ko‘rsatayotgan mamlakatimizning yetuk, ma’naviy barkamol farzandlari bo‘lib ulg‘aying.

Xabaringiz bor, shu kunlarda yurtimizning barcha kitobxon bolalari O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yosh kitobxon” respublika ko‘rik-tanlovining navbatdagi bosqichida o‘z bilim va zakovatlarini sinamoqdalar. Tanlovning avvalgi bosqichida tirishqoq va intiluvchanligi bois so‘nggi marragacha yuqori ballar bilan yetib borgan jurnalimizning chin do‘sti, jamoatchi muxbiri Dilnavoz Najimova bu turda ham faol ishtirok etmoqda. Dilnavoz bilan nima uchun aynan shu tanlovda ikkinchi marta qatnashayotgani haqida suhbatlashdik.

– Bilasiz, men kitob o‘qishga juda qiziqaman. Avvalgi bosqichda tanlov bahona ko‘plab yangi kitoblarni o‘qib chiqdim. Ishtirokchilar bilan yaqindan suhbatlashdik, bahslashdik, asarlar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarimizni o‘rtoqlashdik, yangi do‘stlar orttirdim. Bu safar qatnashchilarning yosh toifasiga qarab foydalaniladigan adabiyotlar ro‘yxati berilgan. 10-14 yosh toifasi uchun 40 ta adabiyot, 15-19 yosh kitobxonlar uchun 50 ta hamda 20-30 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilar uchun oltmishdan ortiq asarlar ro‘yxati. Eng avvalo, xalq og‘zaki ijodi namunalari, so‘ng mumtoz adabiyotdan buyuk ajdodlarimiz haqida yozilgan asarlar hamda jahon xalqlarining mashhur asarlari. Bu ro‘yxatda men o‘qimagan asarlar ham talaygina. Ularni topib o‘qishga, ulgurishga harakat qilyapman. Ayniqsa, buyuk allomalarimiz haqida juda kam bilar ekanmiz. Masalan, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek hayoti va ijodi haqidagi kitoblar menda katta taassurot qoldirdi. Mirkarim Osimning “Ibn Sino” qissasi, Oybekning “Navoiy” romani, Odil Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi”, Sa’dulla Siyoyevning “Ahmad Yassaviy” asarlarini tanlovdan keyin yana qayta o‘qib chiqish niyatim bor. Chunki bu kitoblarni tez va ketma-ket o‘qiyotganim uchun, ularni atroflicha o‘ylab, tahlil qilib o‘qishga fursatim yetmayapti, keyingi turgacha ulgurish kerak. Shuning uchun tanlov tashkilotchilariga hamda yosh do‘stlarimga bir maslahat bermoqchiman. Iloji bo‘lsa, tanlov uchun saralab olingan asarlar ro‘yxatini keng kitobxonlar ommasiga e’lon qilinsa. Ular bu kitoblarni yillar davomida asta-sekin, his qilib, fikrlab, xotiraga yaxshilab joylab so‘ng tanlovda qatnashsalar. Chunki shoshib o‘qilgan kitobdagi voqealar, qahramonlarning ismlarini ba’zan chalkashtirib yuboryapmiz. Ro‘yxatdagi kitoblarning ayrimlarini izlab topolmayapmiz. Masalan I. Yusupovning “To‘maris”ini izlab menga Andijondan qo‘ng‘iroq qilib so‘rashdi. Mana ko‘rdingizmi, tanlov bahonasida yana qancha kitoblarni o‘qib chiqishga muvaffaq bo‘ldim. O‘ylaymanki, tanlov ishtirokchilarining har biri – u g‘olib bo‘ladimi yo‘qmi, o‘zini sinab ko‘rish uchun maydonga chiqayapti. Albatta, sovrindor bo‘lib mukofotlar olsak nur ustiga nur. Lekin bu tanlovda mag‘lub bo‘lish ham g‘alabaga teng. Chunki kitob o‘qib boyiganim qoladi.

Dilnavozning bizga aytadigan gaplari juda ko‘p. Qo‘yib bersangiz, o‘qigan kitoblari haqida hayajonlanib so‘zlab ketadi. Chunki u kichikligidan kitobga, mutolaaga, she’riyatga mehr qo‘ydi. Hamisha a’lo baholarga o‘qidi, maktabning eng faol o‘quvchisiga aylandi. Ijod namunalari bolalar nashrlarida ketma-ket nashr etildi. Hozir ham u jurnalda “Ingliz tili” sahifasini olib bormoqda. U jurnalning chin muxlislaridan biri. Lekin biz suhbatning davomini keyingi sonlarga qoldiramiz. Ungacha Dilnavoz “Yosh kitobxon” tanlovida g‘olib bo‘lib qolsa ajab emas.

Aziz jurnalxonlar, tanlovda ishtirok etayotgan yosh qatnashchilarning barchasi ta’tilda. Ular ta’tilning har bir kuni, har soatini mazmunli o‘tkazishmoqda. Siz-chi, yoz faslining uzun kunlarini behuda o‘tkazmadingizmi? Maktublaringizni kutib qolamiz.

 

Zahro HASANOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.