Ishonchni oqlagan qiz
Aziz o‘quvchilar! Bolalar shoirasi Kavsar TURDIYEVAning qiziqarli, quvnoq ijodi bilan darslik kitoblar orqali yaxshi tanishsiz. “Katta oyi” badiiy filmi, “Irkitvoy va Kirketjon”, “Sumalak va ming tilak”, “Zumrad va Qimmat” nomli bir qator multfilmlar Kavsar opangiz ssenariysi asosida tayyorlangan. Bu ijodkor bir-biridan ajoyib kitoblari, she’rlari orqali ko‘nglingizdan joy olib ulgurgan. Bugun biz Kavsar opangizning bolalik yillariga qaytamiz...
Dazmollangan odam
Oilada uch farzandmiz – bir qiz, ikki o‘g‘il. Yolg‘iz qizligim sabab juda erkatoy, ammo tabiatan og‘ir, bosiq bo‘lganman. Otam – adabiyotshunos olim Sherali Turdiyev qatag‘on qurbonlari bo‘lgan yurtdoshlarimizni oqlab, bu ish ustida ko‘plab ilmiy izlanishlar olib borgan. Onam Gulshod Muhammadjonova tilshunos olima, o‘zbek leksikologiyasining rivojlanishi haqida bir qator ilmiy ishlar tayyorlab, dissertatsiya yoqlagan.
Oilamizda kitob o‘qishga, mutolaa qilishga e’tibor katta bo‘lgan. Ota-onam ishdan ortib bizga deyarli har kuni ertak va hikoyalar o‘qib berishardi. Agar shamollab, betob bo‘lib qolsam, hamshiraning sanchqi muolajasidan so‘ng men uchun alohida yana ertak o‘qib berishardi. Men esa bir kunda ko‘plab ertak eshitish imkoniga ega bo‘lar edim. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bolaligimda kasal bo‘lishni yaxshi ko‘rardim.
Xayolparast, ishonuvchan, juda sodda qiz bo‘lganman. Kichikligimda negadir suratga tushish deganda odamni dazmollab, qotirib, devorga ilib qo‘yishadi, deb o‘ylar edim. Suratga tushishdan judayam qo‘rqardim. Bir kuni onam ukam bilan meni esdalik uchun rasmga oldirmoqchi ekanligini eshitishim bilanoq, ko‘chaga chiqib qochib ketganman. Meni rosa qidirishgan... Shu qo‘rquv sabab uch yoshligimda tushgan suratim yo‘q.
Maktabda tabiat darsida plastilindan turli-tuman shakllar yasardik. Ammo men yasash va chizishga no‘noqroq edim. Shunday paytlari ukamga iltimos qilardim. Ukam istagan shaklni o‘ziga o‘xshatib yasab bera olardi. Bir kuni ukam qo‘shni, sinfdosh dugonam Jannat bilan menga tabiat darsidan berilgan uyga vazifani bajarib berdi. Ertasi kuni o‘qituvchim dugonamning ishini maqtab, hammaga o‘rnak qilib ko‘rsatdi-da “besh” baho qo‘ydi. Menikiga esa “to‘rt” baho qo‘ydi. Shu kuni uyga kelib, “Ukam menga emas, dugonamga chiroyli qilib yasab beribdi. Axir men opasiman-ku”, deya xafa bo‘lib yig‘laganman.
1-sinfni tamomlash arafasida o‘qituvchim Zinaida Vasilevna majlis bo‘lishini, unda hamma ota-onalar ishtirok etishi lozimligini uqtirdi. Ustozim yana, kimning ota-onasi kelmasa yoki kechiksa, o‘sha o‘quvchi sinfdan qoldiriladi, deya alohida ta’kidlab o‘tdi. Ishdan chiqib, uyga zo‘rg‘a yetib kelgan onam bilan shoshilgancha maktab tomon yo‘l oldik. Biroq maktabga yetib borganimizda majlis tugagan, ota-onalar maktab hovlisiga chiqishayotgan ekan. O‘qituvchim sinf eshigi oldida turganimni ko‘rib kulganicha, “Men nima degan edim, ana endi sen 1-sinfda qayta o‘qiysan. Sinfdan qoldirilding”, degan. Shunda men yana bir yil o‘zimdan kichik bolalar bilan o‘qishimni, hamma ustimdan masxara qilib, kulishini tasavvur qilib xavotirga tushganman. Kuchli hayajon ta’siridan o‘sha zahotiyoq hushimdan ketib yiqilganman. Qo‘rqib ketgan o‘qituvchim boshqa menga hazil qilmaydigan bo‘ldi...
Ilohiy kiyikcha
Oilamizda yaxshi bir odat bor edi. Ota-onam bizga juda ko‘p she’r yodlatar va buning uchun tez-tez rag‘batlantirib turishardi. Ukalarim bilan “Kim ko‘p she’r yodlaydi!” musobaqasini o‘ynardik. Ko‘pincha men g‘olib bo‘lardim.
Uyimizda menga bo‘lajak shoira sifatida munosabatda bo‘lishardi. Kelgan mehmonlarga bir talay she’rni ifodali o‘qib berardim. Otam 7-sinfda o‘qiyotganimda so‘z boyligi ko‘paysin, degan maqsadda o‘qishimni rus maktabdan o‘zbek maktabiga o‘tkazdi. Men bilan biroz suhbatlashgan maktab direktori o‘rinbosari “Bu o‘zbek maktabida o‘qiyolmaydi. Boshqa o‘quvchilarni orqaga tortadi”, dedi. Uning gaplaridan xafa bo‘ldim. Bor kuchim bilan yaxshi o‘qishga harakat qildim. Kuniga 3-4 ta “besh” oldim. Bir oy o‘tar-o‘tmas men haqimdagi fikrlar tamoman boshqa tomonga o‘zgardi. Turli xildagi tadbirlar, olimpiadalarga qatnasha boshladim. Ayniqsa, rus tilidan olimpiadaga borib yuqori o‘rinlarni olardim. Har bir fanga alohida tayyorgarlik ko‘rardim. Shuning uchun ham o‘qituvchilarim meni yaxshi ko‘rishardi. Ayniqsa, tarix o‘qituvchim endi gapirishni boshlashim bilan bahong “besh”, deb yuborardi. Bir kuni o‘qituvchim baribir so‘ramay “besh” qo‘yadi, deb tarixdan uyga vazifani o‘qimay, tayyorlanmay bordim. Lekin darsning oxirigacha o‘qituvchim mendan mavzuni so‘rab qolsa, nima qilaman, degan qo‘rquv va xavotir bilan o‘tirganman. Bu holatim menga ancha saboq bo‘lgan. Hattoki bu haqida she’r ham yozganman.
Matematika o‘qituvchim doimo mening yozuvimni bolalarga o‘rnak qilib ko‘rsatardi: “Mana buni husnixat deydilar, nega sizlar Kavsardek chiroyli va toza yoza olmaysizlar”, derdi. Menga esa fikrlashing tez, ammo juda sekin yozasan, tez yozishni o‘rgangin, deya tanbeh berardi. Tez va chiroyli yozishga harakat qilardim. Chiroyli yozishimning yana bir sababi – yaxshi ko‘rgan siyohli ruchkam bo‘lardi. Aynan shu ruchkam boshqacha, bejirim yozardi. Bir kuni tanaffusda sho‘x sinfdoshim hamma o‘quvchilarning ruchkasini o‘ziga bildirmay terib olibdi-da, pechkaning ichiga tashlab yuboribdi. Ularning ichida mening qadrdon ruchkam ham bor edi. Ancha paytgacha boshqa ruchkaga ko‘nikolmay, qiynalib yurdim.
Onam yolg‘iz farzand bo‘lgani uchun buvim (onamning onasi) biz bilan yashardi. Buvim juda bilimdon ayol bo‘lgan. Menga ko‘pgina asarlarni o‘qib, mazmunini tushuntirib berardi. Ayniqsa, Abdulla To‘qayning boshidan kechirganlari, bolalik qiyinchiliklari, rivoyat va hikoyatlarini erinmay so‘zlab berardi...
Bir kecha tush ko‘rdim. Tushimda kichkinagina kiyikcha o‘ynab yurgan emish. Shunchalar chiroyli va yoqimli ediki... Uyg‘onib ketdim. Ertasi kundan esa menda qandaydir kuch ohangga moslab she’r yozishga unday boshladi. Nimalarnidir yozgim kelardi-yu, so‘z boyligim kamlik qilardi. Onamning ko‘magi bilan she’r yozishni mashq qila boshladim. Onam chizgan rasmlarim, yozgan she’rlarimni yig‘ib, atroflarini kesib, tekislab kitobcha yasardi. Keyin oq qog‘ozdan chiroyli muqova tayyorlab, ustiga “Kavsarning birinchi kitobi”, “Kavsarning ikkinchi kitobi”... deb yozib chiqardi. Men ularni xuddi rostmana kitobdek tasavvur qilib qo‘limda o‘zgacha kayfiyat bilan ko‘tarib yurardim. Hozir ham yangi kitobim chop etilsa, o‘sha bolalikdagi qizaloqdek ich-ichimdan quvonib ketaman.
Onam menga har kuni “Hech bo‘lmaganda bir dona she’r yozgin, yoza olmasang rus tilidan biror-bir she’rni tarjima qilishing kerak”, deya uqtirardi. Bora-bora har kuni she’r yozish ko‘nikmaga aylandi. Qiziqishim sabab maktab, gazeta va jurnallarda tashkil etilgan adabiy to‘garaklarga qatnay boshladim. Ketma-ket she’rlarim chop etilib, hattoki, maktabimga mening nomimga yozilgan xatlar kela boshladi. Ijod qilganim sari xatlarning soni ortayotganini ko‘rib o‘qituvchilarim ham hayratda edi. Shunday qilib, maktabdagi eng mashhur o‘quvchiga aylandim. 8-sinfda o‘qiyotganimda maktabimiz pochtasiga “Mushtum” jurnalidan 7 so‘m qalam haqi keldi. O‘sha paytda 7 so‘m o‘quvchi uchun katta pul edi. Xursand bo‘lganimdan, hammaga sovg‘a olib ulashib chiqdim.
Abdulla Oripovning e’tirofi
Otam asli zominlik bo‘lgan. Shuning uchun Zominga – bobom bilan buvimnikiga tez-tez borib turardik. Keng va go‘zal tabiat qo‘ynida bolalar bilan “Oq terakmi, ko‘k terak” o‘yinini o‘ynardik. U yerda bir-biridan chiroyli katta-kichik soylar ko‘p edi.
Bir kuni ukam ota-onamdan so‘ramay bolalar bilan katta soyga cho‘milishga ketib qolibdi. Qaytib kelishganida qo‘shni bolalarning onalari bolasining qulog‘ini cho‘zib, urib-urishgan bo‘lsa, onam ukamni mahkam quchoqlagancha, “Agar senga bir nima bo‘lganida meni qay ahvolga tushishimni o‘ylab ko‘rmadingmi?” deb yig‘lagan. Shu voqeadan so‘ng hech birimiz uydan so‘roqsiz chiqib ketmaydigan bo‘ldik.
Otam juda mehribon bo‘lsa-da, lekin talabchan va qattiqqo‘l inson edi. Kechqurunlari ko‘chaga chiqishimizga ruxsat bermasdi. “Qiz bolaning ko‘chada gaplashib turishi ko‘zga xunuk ko‘rinadi. Dugonalaring bilan qancha gaping bo‘lsa uyda gaplashgin”, der edi.
Maktabimizda Abdulla Oripov bilan uchrashuv tashkillashtirildi. Men bu tadbirga “Ilohiy komediya” asarining tarjimasi va mazmuni haqida ma’ruza tayyorladim. Ma’ruza Abdulla Oripovga juda ma’qul kelib, men bilan qiziqib qoldi. Otam bilan tanishib, “Qizingiz albatta o‘qishga kirishi kerak. Bu qiz kelajakda yaxshi ijodkor bo‘ladi. Agar o‘qishga kira olmasa, shaxsan o‘zim Sharof Rashidovning oldiga kiraman”, degan ekan. Abdulla Oripovdek insonning qayg‘urishi menga ko‘proq va yaxshiroq ijod qilishim kerakligiga turtki bo‘lgan.
Otam chet el adabiyotini sevib mutolaa qilar, Lev Tolstoy asarlaridagi badiiy tasvirlarni o‘qib, izohlab, tushuntirib berardi. Qayerda she’r yozish mahoratini o‘rganishga oid adabiyot yoki qo‘llanma ko‘rsa, albatta, o‘sha kitobni olib kelib berardi. Ularni sinchiklab o‘rganib chiqardim. Ertak va hikoyalardagi qiziqarli obrazlarni she’rga solishimda otam sovg‘a qilgan kitoblar menga katta ko‘makchi bo‘ldi.
So‘nggi qo‘ng‘iroqda har bir fan o‘qituvchimga atab alohida she’r yozib, o‘qib berdim. Hamma menga “Bunday xayrlashuvni kutmagan edik. Ajoyib bo‘ldi”, deya rosa xursand bo‘lishdi. Ustozlarim va sinfdoshlarim bu xayrlashuvni haligacha eslab gapirishadi...
Maktabni tamomlab oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirish uchun borganimda, u yerda yetuk ustoz Boybo‘ta Do‘stqorayevga duch keldim. U kishi menga qarab: “Biz Kavsar Turdiyevani yoshi katta ayol bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandik. Siz rostdan ham o‘sha Kavsar Turdiyevamisiz?” deb qayta-qayta so‘ragan...
Tinimsiz o‘qishlarim, izlanishlarim natijasida oliy o‘quv yurtiga qabul qilindim va yanada ko‘proq ijod qila boshladim.
Ijodkor faqatgina mehnati bilan yuzaga chiqar ekan. Haqiqiy mehnatning mevasi, uning mazasi esa juda yoqimli bo‘ladi. Bir kungina o‘qish va o‘rganishdan to‘xtagan inson ko‘p narsa yo‘qotadi. Mamnuniyat bilan shuni ayta olamanki, shu kungacha faqat bolalar uchun ijod qildim. Bolalarning beg‘ubor olamidan uzoqlashgim, tark etgim kelmaydi. Bolalarimiz ko‘ngliga har kuni yangiliklar, yangi olam bilan kirib borgim keladi. Ularning xayolidagi o‘ylarini bola qalbidek his etib, ijodimda aks ettirgim keladi. Bu yo‘lda hamisha izlanish va intilishdaman.
Suhbatdosh Nilufar JABBOROVA