Kitob – qalb kamoli
An’anaviy tarzda har yili o‘tkazib kelinayotgan Respublika “Kitob bayrami” kitobxonlarning chinakam ma’nodagi o‘zaro do‘stlik shodiyonasiga aylanib bormoqda. 26–28-may kunlari poytaxtimizning G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida o‘tkazilgan navbatdagi ijodiy bayram “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” shiori ostida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan qator vazirlik hamda tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan tadbir ko‘plab nashriyotlarda chop etilgan yangi kitoblar taqdimoti bilan boshlandi. O‘tgan bir yil davomida mamlakatimizdagi nashriyotlar tomonidan besh mingga yaqin nomdagi jami ellik million nusxa adabiyotning chop etilgani xalqimiz orasida jonajon do‘stimiz – kitobga bo‘lgan mehrning oshib borayotganligini ko‘rsatib turibdi.
Ayniqsa, tadbirda ishtirok etgan bolajonlarning quvonchi o‘zgacha. Angren shahar “Barkamol avlod” Bolalar markazi qoshidagi “Yosh jurnalist va notiq” to‘garagi a’zosi Sevinchxon Abdusaidova ham ustozlari va do‘stlari hamrohligida bayramda namoyish etilgan yangi kitoblar bilan tanishib chiqdi. Bir-biriga o‘zlari sevib o‘qiydigan kitoblarni ko‘rsatib, uning mazmuni, qahramonlari hayoti haqida qisqacha gapirib berdi.
– Ustozimiz sinfimizdagi barcha o‘quvchilarni bugungi bayramga olib keldi, – deydi Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi 44-maktabning 3-sinf o‘quvchisi Nigina Xurramova. – Biz hozir mazza qilib o‘zimizga yoqqan kitoblarni tanlab olyapmiz. Menga ayniqsa, dunyo adiblari asarlarini o‘qish juda yoqadi. Shuning uchun “Yangi asr avlodi” nashriyoti tomonidan qayta nashr etilgan Jonatan Sviftning “Gulliverning sayohatlari” kitobini tanladim.
Bayramda Niginaga o‘xshash o‘z sevgan kitoblarini ko‘tarib olgan yoki shu yerning o‘zida o‘qishni boshlab yuborgan o‘quvchilarni ko‘plab uchratdik. Shodiyonada ishtirok etayotgan xorazmlik Sanobar opa Ismoilova kabi ota-onalarning ham quvonchi cheksiz.
Tadbir doirasida “Yilning eng yaxshi kitobi”, “Eng yaxshi kitobxon”, “Kitobdan yaxshi do‘st bo‘lmas”, “Mening birinchi kitobim”, “Kitob beminnat ustoz” kabi ko‘plab tanlov va bellashuvlar ham o‘tkazildi. Bu tanlovlarning ayniqsa, el sevgan bolalar ijodkorlari – Anvar Obidjon, Dilshod Rajab, Kavsar Turdiyevalar ishtirokida o‘tkazilganligi bolajonlar uchun ajoyib tuhfa bo‘ldi.
Kitob chin ma’noda inson hayotini nurga to‘ldiradi. U bilan do‘st tutingan odamning doimo ezgulikka intilishi sababi ham aslida undagi olam-olam bilimdir. Bugungi cheksiz axborot maydonida kitobga oshno tutinganingizning o‘zi sizning kelajakda yurtimizga kerakli inson bo‘lib yetishishingizni ko‘rsatadi. O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir aytganidek:
Kitob – dil bog‘ida gulning rangidir,
Kitob – otash ichra dilning rangidir,
U – qalbning kamoli, aql jangidir,
Ko‘kni ko‘zlaganga xitob kerakdir,
O‘zni izlaganga kitob kerakdir.
F. Eshmo‘minov